Bismillahir Rohmanir Rohim.
Alloh taologa behisob shukrki, Yangi O'zbekistonda qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlarida insonning e'tiqod erkinligi, qadr-qimmatini hurmat qilish hamda uning huquq va erkinliklarini ta'minlash yaqqol o'z ifodasini topmoqda.
Ayni kunlarda yurtimizda Konstitutsiyamiz qabul qilingan sana keng nishonlanmoqda. Bugun ro'yobga chiqayotgan o'zgarishlar va yangilanishlar zamirida Asosiy Qonunimizning mazmun-mohiyati mujassam, desak ayni to'g'ri gapni aytgan bo'lamiz. Chunki, unda “Inson va uning qadr-qimmati” degan ulug' tushuncha markaziy o'ringa qo'yilgan. Shu nuqtai nazardan Davlatimiz Rahbari amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning asosiy maqsadini “Odamlarni hayotdan rozi qilish – asosiy mezon” degan yuksak tamoyilga qaratmoqdalar.
Mutasavvif olim Mir Alisher Navoiyning “Odamiy ersang, demagil odami, Onikim, yo'q xalq g'amidin g'ami” – degan, baytlarida juda ham chuqur hayotiy hikmat bor. Haqiqatda Hazrati Navoiy aytganlaridek, inson qachonki millati, xalqi, dinining g'ami bilan yashasa, shundagina komil inson, haqiqiy ma'noda odamiylikka erishadi.
Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo'mindan bu dunyo mashaqqatlaridan bir mashaqqatni ketkazsa, Alloh taolo undan Qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini ketkizadi. Kim bir kambag'alning ishini engillatsa, Alloh uning bu dunyoyu oxiratidan ishlarini engillatadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo uning aybini bu dunyoyu oxiratda berkitadi. Modomiki banda o'z birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida bo'ladi” dedilar.
Darhaqiqat, odam borki, avvalo, kundalik hayotida u yoki bu narsadan manfaat ko'rishni ko'zlab oldinga intiladi, mehnat qiladi. Agar faoliyati halol-pok yo'l bilan rizq topishga, savobli ishlarga qaratilgan bo'lsa, nafaqat o'ziga balki el-yurtiga ham manfaat etkazaveradi.
Inson manfaatlari ichida eng asosiysi – yurt tinchligi va oila xotirjamligidir. Yurtimizdagi bunday osoyishta kunlarni qadrlash, eng avvalo, ahil-inoq bo'lib yashash, bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilish, har bir masalaga maslahatlashgan holda yondashib, o'zaro izzat-hurmat tuyg'usiga tayanib ish ko'rish hozirda keng quloch yozmoqda.
Ma'lumki, Qur'oni karimda inson qadr-qimmati doimo ulug'langan. Kalomi sharifda: “Darhaqiqat, Biz Odam farzandlarini aziz va mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga ot-ulov va kemalarga mindirib qo'ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O'zimiz yaratgan ko'p narsalardan afzal qilib qo'ydik”(Isro, 70), deb bayon qilinadi.
Yuqoridagi oyati karimadan ayon bo'ladiki, inson Alloh taolo yaratgan barcha mavjudotlar ichida eng aziz va mukarram xilqat. Haq taolo odamni O'z qudrati bilan yaratib, uni mukarram qildi. O'z ruhidan jon puflab, ulug'ladi. Shu boisdan ham inson azizu mukarramdir.
Shunday ekan bugungi kunda “Insonlarning dardu tashvishlarini o'ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir” shiori ostida amalga oshirilayotgan xayrli islohotlar o'zining yaxshi natijalarini berayotganini har qadamda ko'rish mumkin.
Bosh Qomusimizning muhim bandlaridan biri – Alloh taolo bergan ulug' ne'mat – insonning hayoti va huquqlaridir. Unda fuqarolarning manfaatlari qonuniy ravishda mustahkamlangan va qat'iy kafolatlangandir.
Islom shariatining ham asosiy maqsadlari odamlarning bu dunyo va oxiratdagi saodatini ta'minlash, mashaqqatlarini engillatishdan iborat. Shariatning birlamchi maqsadlari 1. Din 2. Hayot 3. Nasl 4. Aql 5. Mulk kabilarni muhofaza qilish hisoblanadi. Bularni saqlash insoniyatning saodati va yashab qolishi uchun eng muhim omillardir.
Inson hayotini himoya qilish Qur'on va Sunnatda ko'p ta'kidlanadi, shariat kishi hayotini daxlsiz deb e'lon qilgan, xususan suiqasd qilishni taqiqlaydi, begunoh insonni o'ldirganlik uchun qattiq jazo joriy etadi. Hatto uning gunohi butun insoniyatni o'ldirganlikka tenglashtiriladi.
Hayotning davom etishini ta'minlash, naslni saqlash uchun Islom dini nikoh asosida oila qurishni targ'ib etadi, silai rahm va farzandlar tarbiyasini ham muhim deb hisoblaydi.
Aqlni saqlash maqsadi esa ilm olish orqali yaxshi va yomonni ajratish, jamiyatning rivoji yo'lida xizmat qilishni bildiradi. Zero usiz saodat va adolatli jamiyat qurishning imkoni yo'q. Buning uchun shariat aqlni ketkazuvchi harakat va narsalar iste'mol qilishni taqiqlaydi.
Mulk va boyliklarni saqlash shariatning asosiy maqsadlaridan biri bo'lishi yaxshi yashash va adolatli jamiyat qurishda naqadar ahamiyatli ekanini ko'rsatadi. Halol yo'l bilan mol-mulk topish, boy va kambag'allar orasida katta tafovut paydo bo'lishining oldini olishga katta e'tibor qaratiladi.
E'tibor qiladigan bo'lsak, ushbu besh narsaning barchasi Bosh qomusimizda o'z ifodasini topgan. Jumladan, 13-moddada inson hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, 24-moddada yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi ekani va 63-moddada esa nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asosida barpo etilishi kabilar alohida qayd etilgan.
Ta'kidlash joizki, taraqqiyotimizning yangi davrida insonlarning vijdon va e'tiqod erkinligi huquqini ta'minlash, xalqimizni ma'nan yuksaltirish va barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa so'nggi yillardagi musulmonlarga yaratilayotgan imkoniyatlar barcha mo'min-musulmonlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Bularning bari vijdon va e'tiqod erkinligi to'la ta'minlanganiga yaqqol dalildir.
Ma'lumki, shu yil 5 iyul' kuni diniy-ma'rifiy sohadagi ulkan islohotlarning mustahkam poydevori bo'lmish «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi qonunning yangi tahriri qabul qilinishi ushbu yo'nalishdagi ishlarni yanada sayqal toptirdi. Qonun bilan e'tiqod erkinligini ta'minlashning asosiy ustuvorliklari, diniy tashkilotlarning huquqlari, imtiyozlari va majburiyatlari aniq belgilab berildi.
E'tirof etish kerakki, Davlatimiz Rahbarining tinimsiz sa'y-harakatlari va ilg'or tashabbuslari bilan yurtimizda mana shunday din va e'tiqod erkinligi borasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqdaki, buning uchun Yaratgan Parvardigorga cheksiz shukronalar aytishimiz kerak bo'ladi.
Haq taolo ona-Vatanimiz taraqqiyoti, qonun ustuvorligi va xalqimiz manfaati yo'lida olib borilayotgan ulug'vor ishlarda madadkor bo'lib, ulkan muvaffafiyatlar ato etsin, Omin yo Robbal alamiyn.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi,
muftiy Nuriddin domla HOLIQNAZAROV hazratlari
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi