“Islom moliyasi” loyihasi asoschilaridan biri va Islamic Business and Finance (IsBF) kompaniyasi direktori Jahongir Imamnazarov Toshkent islom institutiga tashrif buyurdi.
J.Imamnazarov TII 4-kurs talabalari uchun “O'zbekistonda islom moliya muassasalari tashkil qilish muammo va istiqbollari” mavzusida ma'ruza qildi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti matbuot xizmati xabariga ko'ra, bugungi kunda islom moliyaviy xizmatlari ulushi dunyo moliya bozorida ortib borib, o'zida innovatsion moliyalashtirish mexanizmlarini jamlagan soha sifatida muhim moliyaviy manbalardan birga aylanib bormoqda. So'ngi yillarda islomiy moliya muassasalari yalpi aktivlari miqdori 2,5 trillion dollarni tashkil etib, yiliga 15-20 foizga o'sib borayotgani buning yaqqol dalilidir.
Islom moliyaviy xizmatlarini ko'rsatishda munosabat bevosita real iqtisodiy aktivlarga yo'naltiriladi, taraflar o'rtasida foyda va zararni bo'lishish yoki savdo amaliyotlariga asosida aniq iqtisodiy natijaga bog'lanadi. Islom moliyaviy xizmatlarida moliyalashtiruvchi (bank, kredit tashkiloti) va moliya mablag'larini qabul qiluvchi loyiha muvaffaqiyati va samaradorligida teng huquqli va birgalikda manfaatdor xamkorlarga aylanadi. Ushbu belgilar bilan islom moliyaviy xizmatlarini ko'rsatish jarayonidagi munosabatlar an'anaviy moliyaviy tizimlardagi munosabatlardan farqlanadi.
Shuningdek, huquq nazariyasida anglosakson (Angliya, AQSh v.h.k.), romano-german (Geramaniya, Frantsiya, Rossiya v.h.k) va islom huquqi singari huquq oilalari mavjud. Jamiyatdagi o'zgarishlarning muntazamligi va bugungi kundagi globalizatsiya davrida ushbu huquq oilalaridagi mavjud normalar va shartlaridan foydalanish zaruriyati kengaymoqda.
Ta'kidlash lozimki, yurtimiz fuqarolari va tadbirkorlarida ham foizlarsiz bank va moliyaviy xizmatlarga bo'lgan qiziqish juda yuqori bo'lganligi sababli, islom moliyaviy xizmatlarini ko'rsatish tizimini shakllantirish borasida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan:
– O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-№4947-sonli “O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha harakatlar strategiyasi to'g'risida”gi farmonida Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikni kengaytirish choralarini ko'rish ta'kidlangan;
– O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Islom taraqqiyot banki guruhi va arab muvofiqlashtirish guruhi jamg'armalari bilan sheriklikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish chora-tadirlari to'g'risida”gi 05.03.2019 yildagi PQ-4224-sonli qarori 2-bandida O'zbekiston Respublikasining ITB guruhi va AMG bilan uzoq muddatli sherikligining asosiy yo'nalishlari hamda vazifalaridan biri sifatida davlat-xususiy sherikligi mexanizmlarini, jumladan vaqf-jamg'armalarni tashkil etish yo'li bilan qo'llab-quvvatlash dasturlarini birgalikda ishlab chiqish va O'zbekistonda tatbiq qilish belgilangan;
– Islom taraqqiyot banki va uning guruhi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar, xususan Hususiy tarmoqni rivojlantirish Islom Korporatsiyasi (ICD), Halqaro islom savdo moliya korporatsiyasi (ITFC) va Islom tadqiqotlar va treninglar instituti (IRTI) mamlakatimizda islom moliyasi rivojlanishida o'z hissalarini qo'shib kelmoqda;
– mamlakamizda islom moliyasi bo'yicha bir qancha treninglar o'tkazildi. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashabbusi bilan, 2017-2021-yillarda O'zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida “O'zbekiston Respublikasida Islom moliyasini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida BMT Taraqqiyot dasturi, O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Islom taraqqiyot banki va O'zbekiston Respublikasi kapital bozorini rivojlantirish agentligi hamkorligida tegishli vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari, xalqaro moliya institutlari, O'zbekistonning tijorat banklari, xalqaro ekspertlar va OAV vakillari ishtirokida davra suhbati o'tkazildi;
– o'zbek tilida islom moliyasiga oid nazariy kitoblar nashr etildi. Masalan, Yerlan Baydauletning «Islomiy moliya asoslari» va Rinat Bekkinning «Islom iqtisodiy modeli va zamon» kitoblari;
– O'zbekiston tijorat banklarida islom moliya darchalarini (islom moliyaviy xizmatlari ko'rsatuvchi shoxobcha) ochish bo'yicha ishlar olib borilmoqda;
– 2021 yil 11 yanvar' kuni AOKAdagi matbuot anjumanida O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o'rinbosari Behzod Hamrayev 2021 yilda O'zbekiston Respublikasi Markaziy bank islom moliyasi kontseptsiyasini o'z ichiga olgan nobank kredit tashkilotlari to'g'risida qonun loyihasini ishlab chiqishni rejalashtirayotganligini ma'lum qildi;
– 2020 yilning 22 sentyabr' kuni O'zbekiston bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov videokonferentsiya shaklida Islom taraqqiyot bankining prezidenti B.Hajar bilan muzokaralar o'tkazdi. Muzokaralar davomida 2021 yilda Islom taraqqiyot banki boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig'ilishini
O'zbekistonda tashkil etish va o'tkazish masalalari muhokama qilindi;
– O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 29.12.2020 yildagi Oliy Majlisga murojatida mamlakatimizda islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish bo'yicha huquqiy bazani yaratish vaqt-soati etib kelganligi qayd etildi.
Yuqoridagi ob'ektiv holatlar hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 29.12.2020 yildagi Oliy Majlisga murojati ijrosini ta'minlash borasida mamlakatimizda islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish bo'yicha huquqiy bazani yaratish masalasida quyidagi taklif va mulohazalarni keltirib o'tish mumkin:
1. Tegishli bilim va tajribaga ega bo'lgan mutaxassislarni bir joyga jamlab, jamiyat va davlat uchun eng qulay va samarali yondashuvni shakllantirish orqali islom moliyaviy xizmatlarini joriy etishning huquqiy bazasini yaratish masalasida ishchi guruh tuzish.
2. O'zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi tomonidan ishlab chiqilayotgan O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi yangi tahririda islom moliyaviy xizmatlarining shartnomaviy-huquqiy bazasini yaratish borasida tegishi huquqiy normalarni kiritish maqsadga muvofiq. Bu jarayonda xorijiy tajribaga murojat etmoq darkor. Ta'kidlash mumkinki, qo'shni Qirg'iziston Respublikasining amaldagi Fuqarolik kodeksida islom moliyaviy shartnomalariga oid huquqiy normalar alohida bob (34-1-bob. Finansirovaniye v sootvetstvii s islamskim printsipami finansirovaniya) shaklida bayon etilgan.
3. Bank va moliya sohasidagi amaldagi qonunlarga islom moliyaviy xizmatlari, tamoyillari va sub'ektlariga oid huquqiy normlarni kiritish. Hususan, “Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risida”gi, “Bank va bank faoliyati to'g'risida”gi, “Sug'urta faoliyati to'g'risida”gi, “Lizing to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonunlari hamdanobank kredit tashkilotlari to'g'risida ishlab chiqilayotgan qonun loyihasiga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish.
4. Islom moliyaviy xizmatlari borasida oliy ta'lim muassasalarida izlanish va tadqiqot ishlarini olib borish, xorijda mavjud ilmiy manbalarni o'rganish va o'zbek tiliga tarjima qilishni yo'lga qo'yish.
Umid qilamizki, O'zbekistonda islom moliyaviy xizmatlarining joriy etilishi xorijiy investitsiyalar hajmining oshishi hamda bank va moliya tarmog'ida shaffof raqobat muhitini yaratish imkoniyatini beradi. Natijada aholining moliya bozoridagi faolligi oshadi, aholi va tadbirkorlar ixtiyorida bo'lgan bo'sh pul mablag'lari mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishida maksimal ishtirok eta olishi imkoniyati yaratiladi, kapital bozorining rivojlanishiga turtki bo'ladi, yangi moliyaviy muassasalar tashkil qilish imkoniyati yaratiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri Fahd Al-Jalajel Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur majmua tarix, ilm-fan va ma’rifatni zamonaviy formatda uyg‘unlashtirgan holda kelajak avlod uchun yangi bilim muhitini yaratayotganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.
Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri Fahd Al-Jalajel O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, islom sivilizatsiyasi tarixi, buyuk allomalarning boy ilmiy merosi hamda raqamli va interaktiv texnologiyalar asosida tashkil etilgan ko‘rgazmalar bilan tanishdi.
Tashrif davomida mehmon Markazning ekspozitsiyalari orqali islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik taraqqiyoti, ilm-fan va ma’rifat an’analari, Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston hududida yetishib chiqqan allomalarning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda madaniy merosni asrash va targ‘ib etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan yaqindan tanishdi.
Suadiyalik martabali mehmon Markaz faoliyati haqida fikr bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu majmua islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va ma’naviy merosini zamonaviy muzeyshunoslik yechimlari orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
«Islom sivilizatsiyasi markazida asrlar davomida shakllangan ilm-fan va ma’rifat tarixini ko‘rib, katta g‘urur va iftixor tuyg‘ularini his qildim. Bu yerda sivilizatsiyaning zamon bilan hamnafas rivojlanganini ko‘rish mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyevga ushbu muzey va boy tarixni butun dunyoga tushunarli tilda taqdim etish imkoniyatini yaratgani uchun minnatdorchilik bildiraman.
Bu markaz yosh avlodga o‘tmish sivilizatsiyalari haqida chuqur tasavvur beradi, ularni o‘z tarixi bilan bog‘laydi va har bir davrning bugungi taraqqiyot bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bunday islohotlar va taraqqiyot yutuqlarini ko‘rishdan biz, Saudiya Arabistonidagi birodarlaringiz, chin dildan mamnunmiz», – dedi u.
Fahd Al-Jalajelning fikricha, bunday tashabbuslar turli mamlakatlar o‘rtasida madaniy muloqotni mustahkamlash, umumiy sivilizatsion merosni anglash va ilm-fan hamda ma’rifat sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun muhim poydevor vazifasini bajaradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati