Shu kunlarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimi I.Abdurahmonovlar Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Tashrifning ilk kuni yurtimiz delegatsiyasi a’zolari Misr Arab Respublikasida tahsil olayotgan 100 nafardan ziyod o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashdi.

“O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan tadbirda Akademiya rektori Muzaffar Komilov so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, milliy an’ana va qadriyatlarimizni rivojlantirishga davlat tomonidan katta ahamiyat berilayotgani haqida so‘z yuritdi. Ulug‘ allomalarning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, yoshlarni ilm-ma’rifatli etib tarbiyalash har bir mamlakatning ustuvor vazifasi ekanligini qayd etdi.

Samimiy muloqot davomida Muzaffar Komilov O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidagi ta’lim va ilmiy faoliyatidagi yutuqlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Talaba-yoshlarga tinchlik dini bo‘lgan islom dinining mazmun-mohiyati, yurtimizda tug‘ilib, dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlarimizning bebaho ma’naviy merosini chuqur tadqiq etish, xalqaro darajadagi zamonaviy mutaxassis kadrlarni tarbiyalash Akademiyaning ustuvor maqsadi ekanligini ta’kidladi. O‘z navbatida Misr Arab Respublikasida tahsil olayotgan yoshlar ilm o‘rganish yo‘lida bardavom bo‘lib, yurtimiz rivoji yo‘lida xizmat qilishlari kerakligini qayd etdi.

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Uchrashuv ko‘tarinki kayfiyatda yakunlandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi delegatlarining Misr Arab Respublikasiga qilgan xizmat safarlari davom etmoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan fuqarolar bilan ochiq va samimiy muloqotlarni izchil tashkil etish orqali ularning muammolarini hal qilishda samarali tizim yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning 25 mart kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi qabul ham ana shu ezgu ishlarning izchil davomi bo‘ldi. Unda murojaat qilgan har bir fuqaroning masalasi alohida diqqat bilan tinglanib, yechimlari yuzasidan choralar ko‘rildi.
Qabul davomida oilaviy munosabatlar, haj va umra ibodatlarini ado etish, shuningdek, masjidlar faoliyatiga oid savollar bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga belgilangan tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Bunday ochiq muloqotlar aholi ishonchini mustahkamlash, ularning dardu tashvishlariga befarq bo‘lmaslikni namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati