Alloh taologa shukrki, muborak dinimizni keng yoyish, diniy-ma'rifiy ishlarni xalqimizga to'laqonli etkazishda din peshvolarining juda ham katta o'rni bor, albatta.
Mo'min-musulmonlar manfaati, din g'ami va Vatan taqdirini yuragidan o'tkazib ishlaydigan din peshvolarining da'vatkor so'zi, ibratli faoliyati juda ham tahsinga loyiqdir. Zero, Qur'oni azimush-sha'nda shunday marhamat qilinadi:
«Ey Muhammad, Rabbingiz yo'li-diniga hikmat va chiroyli nasihat bilan da'vat qiling! Ular bilan eng go'zal uslubda munozara qiling! Albatta, Parvardigoringizning o'zi Uning yo'lidan chalg'igan kimsalarni yaxshi biluvchi va hidoyat topganlarni ham U biluvchiroqdir» (Nahl, 125).
Shuning uchun din peshvolari Alloh taoloning mana shunday xitobiga amal qilgan holda islom ma'rifatini keng tarannum etish, ezgulikni yoyish, ilmu ma'rifatni tarqatishda eng go'zal uslubni tanlagan holda imkoniyatlardan unumli foydalanib kelmoqdalar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi – O'zbekiston Respublikasi hududida rasmiy faoliyat olib borayotgan islomiy diniy tashkilotlarning yagona markaziy boshqaruv organi bo'lib, musulmonlarning diniy ehtiyojlarini qondirish, islomiy rasm-rusumlarni Hanafiy mazhabi va Imom Moturidiy aqidasi asosida o'tkazishga boshchilik qilish va e'tiqodiy birlikni ta'minlash bo'yicha diniy-ma'rifiy targ'ibot ishlarini muntazam amalga oshirib keladi. Shuningdek, respublikadagi masjidlar va madrasalar faoliyatiga boshchilik qiladi hamda ular mo'min-musulmonlarning diniy ehtiyojlarini qondirish va ahilligini ta'minlash ishlarini amalga oshiradi.
Shu nuqtai nazardan aholining e'tiqodiy birdamligi va o'zaro hamjihatligini ta'minlash maqsadida har juma kuni masjidlarda juma tezislari asosida mav'izalar o'qilib, mo'min-musulmonlarning diniy-ma'rifiy ongini shakllantirib borish amaliyoti o'zining ijobiy samarasini berib kelmoqda. Bu tajribani barcha musulmonlar yashaydigan mamlakatlar havas qilmoqda va aksar islom davlatlarida bunday tajriba joriy qilingan.
Juma tezislari mavzulari bugungi kundagi muammolar va aholining diniy ehtiyojini inobatga olgan holda O'zbekiston musulmonlari idorasining Fatvo bo'limi ulamolari tomonidan tayyorlanadi. Zarur holatlarda tezisga ilovalar tayyorlanib, qo'shilishi ham mumkin.
Alloh taolo barchamizni to'g'ri yo'lda sobitqadam qilsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo'limi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati