Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Avgust, 2026   |   23 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:51
Quyosh
05:20
Peshin
12:34
Asr
17:28
Shom
19:39
Xufton
21:09
Bismillah
06 Avgust, 2026, 23 Safar, 1448

O'zbekiston xalqiga murojaat

03.12.2021   3714   12 min.
O'zbekiston xalqiga murojaat

Qadrli vatandoshlar!

Ma'lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 14 oktyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, har yil 3 dekabr' sanasi butun dunyoda Halqaro nogironlar kuni sifatida nishonlanib kelmoqda.

Bundan ko'zlangan asosiy maqsad – nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini ijtimoiy hayotning barcha sohalarida himoya qilish, ularning muammolariga keng jamoatchilik e'tiborini jalb etishdan iborat.

Ezgulik, mehr-oqibat, insonparvarlik timsoli bo'lgan ushbu ayyomda mamlakatimizdagi bir millionga yaqin imkoniyati cheklangan va nogironligi bo'lgan fuqarolarimizga hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Mehr-muruvvatli va bag'rikeng xalqimiz azal-azaldan yordamga muhtoj, imkoniyati cheklangan insonlarga e'tibor va g'amxo'rlik ko'rsatishni jamiyatda tinchlik, do'stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan eng muhim qadriyatlardan biri sifatida e'zozlab keladi.

Ana shunday ezgu an'analarimizni bugungi zamon talablari asosida rivojlantirish maqsadida so'nggi yillarda mamlakatimizda imkoniyati cheklangan fuqarolarimizni qo'llab-quvvatlash, ular uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish borasidagi davlat siyosati yangi bosqichga ko'tarilmoqda.

Buning tasdig'ini “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonun qabul qilingani, mamlakatimiz Nogironlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyaga qo'shilgani, sohada mustahkam qonuniy baza yaratilgani misolida ko'rish mumkin.

Shu asosda imkoniyati cheklangan va nogironligi bo'lgan shaxslarning jamiyatdagi mavjud imkoniyatlardan foydalanish, harakatlanish, sog'liqni saqlash, ta'lim, bandlik, reabilitatsiya, siyosiy-ijtimoiy hayotda ishtirok etish bilan bog'liq huquqlari ta'minlanmoqda.

Bu borada  “Inson qadri uchun” tamoyili asosida Yangi O'zbekistonda inklyuziv rivojlanish, ya'ni aholining barcha qatlamlari uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlashga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilayotgani muhim rol' o'ynamoqda.

Biz ushbu yo'nalishda nogironligi bo'lgan insonlar – jamiyatning to'laqonli a'zolari, degan tamoyilga amal qilgan holda izchil ish olib bormoqdamiz.

Chindan ham, biz barpo etayotgan yangi, erkin va demokratik davlatda jamiyatning har bir a'zosi bilim olish, zamonaviy kasb-hunarlarni egallash, o'z iste'dod va qobiliyatini ro'yobga chiqarish, mehnat bilan band bo'lish uchun zarur imkoniyatlarga ega bo'lishi shart.

Biz uchun nogironligi bo'lgan insonlarni ijtimoiy hayotimizning barcha sohalariga jalb etish ustuvor yo'nalish hisoblanadi. Yaqinda bo'lib o'tgan Prezident saylovida shu masalalarga alohida e'tibor qaratilib, nogironligi bo'lgan shaxslar saylov uchastkalariga kelib-ketishlari uchun transport bilan ta'minlangani, Brayl alifbosida saylov byulletenlari tayyorlangani va saylov uchastkalari panduslar bilan jihozlangani ularning siyosiy-ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishlarini ta'minlash yo'lida muhim qadam bo'lganini xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar ham e'tirof etdilar.

Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida gapirganda, so'nggi ikki yilda pensiya va nafaqa oluvchi nogironligi bo'lgan shaxslar soni 100 ming nafarga ko'payib, ularning miqdori qariyb 2 barobarga oshirilganini ta'kidlash lozim. Shuningdek, barcha hududlarda “Saxovat va ko'mak” umummilliy harakati doirasida hamda “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kiritilgan imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga manzilli ijtimoiy yordam ko'rsatish tizimi yo'lga qo'yildi.

Nogironligi bo'lgan shaxslarni hayotga moslashtirish va ijtimoiy reabilitatsiya qilish borasida ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, keyingi yillarda 27 ta tibbiy-ijtimoiy muassasalar rekonstruktsiya qilinib, zamonaviy talablarga mos bo'lgan 1,5 mingta davolash-reabilitatsiya o'rinlari foydalanishga topshirildi.

Ana shunday fuqarolarimizga bepul beriladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining ro'yxati 22 turdan 27 tagacha ko'paytirildi. Hususan, joriy yilning o'zida nogironligi bo'lgan bolalarning hayot sifatini yaxshilash maqsadida ular byudjet mablag'lari hisobidan qariyb 40 milliard so'mlik protez-ortopediya va reabilitatsiya moslamalari, koxlear implantlar hamda boshqa maxsus buyumlar bilan ta'minlandi.

Bundan tashqari, xalq ta'limi tizimida inklyuziv ta'limni rivojlantirish dasturini amalga oshirish ishlari boshlandi, 300 dan ortiq maktablarda imkoniyati cheklangan bolalarning bilim olishi uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Haqiqiy matonat egasi bo'lgan nogiron yigit-qizlarimizning jahon maydonlarida yuqori natijalarni qo'lga kiritib, Vatanimiz bayrog'ini baland ko'tarib kelayotganlari barchamizga cheksiz g'urur-iftixor bag'ishlaydi. Jumladan, shu yil Tokioda o'tkazilgan Paralimpiya o'yinlarida O'zbekiston vakillari 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medallarini qo'lga kiritgani har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir.

Ta'kidlash joizki, 3 dekabr' sanasi butun dunyoda paralimpiyachilarni sharaflaydigan ayyomga aylanib bormoqda. Shuning uchun ham azmu shijoatli paralimpiyachi sportchilarimizni yana bir bor chin dildan qutlab, ularga xalqaro maydonlarda yuksak cho'qqilarni zabt etishda yangi muvaffaqiyatlar tilab qolaman.

Hayotning boshqa sohalarida ham yuksak marralarni egallashga qodir bo'lgan yoshlarimiz o'z qobiliyat va imkoniyatlarini to'liq namoyon etishi, hayotda o'zining munosib o'rnini topishiga ko'maklashish – bundan buyon ham biz uchun ustuvor vazifa bo'lib qoladi. Shu maqsadda hamda nogironligi bo'lgan shaxslar o'zlarini jamiyatning ajralmas qismi sifatida his etib yashashlari uchun ularga qo'shimcha shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan alohida dastur qabul qilib, uni albatta amalga oshiramiz.

Ushbu dasturning mazmun-mohiyati Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang bo'lib, unda nogironlikni belgilashda tibbiy yondashuvdan ijtimoiy yondashuvga o'tish asosiy vazifa sifatida belgilanadi.

Endi nogironligi bo'lgan shaxslar – “muammosi bor insonlar” degan qarashdan voz kechib, ularning imkoniyatini kengaytirish uchun, avvalo, ijtimoiy-iqtisodiy tizimni takomillashtirish yo'lidan borishimiz zarur.

Shuning uchun dasturda quyidagi masalalarga alohida e'tibor qaratiladi. 

Birinchidan, nogironligi bo'lgan yoshlarga barcha darajada sifatli ta'lim olishi uchun teng imkoniyatlar yaratiladi.

Jumladan, kelgusi o'quv yilidan boshlab alohida ta'lim olishga ehtiyoji bor bolalarning 24 foizi, 2025 yilda esa 40 foizi oddiy maktablarda o'qishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Shuningdek, inklyuziv ta'limning resurs markazlari soni  14 barobarga ko'payib, 200 tadan oshadi. 

Ikkinchidan, nogironligi bo'lgan shaxslarni kasb-hunarga o'qitish va ular uchun munosib ish o'rinlarini yaratish orqali ularning daromadini ko'paytirishga qaratilgan chora-tadbirlar yanada kuchaytiriladi. Bu borada ularni zamonaviy kasb-hunarga o'qitish bo'yicha maxsus dasturlar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, har bir inson uchun davlat hisobidan kasb-hunar o'rganish imkoniyati yaratiladi, shu maqsadda ajratiladigan mablag'lar 2 barobarga oshiriladi.

Barcha darajadagi davlat idoralariga imkoniyati cheklangan fuqarolarni ular uchun mos keladigan ishga qabul qilishda ustunlik va imtiyoz beriladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarning nogironligi bo'lgan shaxslarni ishga qabul qilish borasidagi tashabbuslari qo'llab-quvvatlanib, ularni rag'batlantirish choralari ko'riladi. Jumladan, bunday tadbirkorlar va ishga qabul qilingan fuqarolarga qo'shimcha soliq imtiyozlari beriladi va davlat tomonidan subsidiyalar ajratiladi.

Uchinchidan, nogironligi bo'lgan shaxslarning salomatligini asrash, ularga tibbiy xizmatlar ko'rsatish ishlari tizimli ravishda davom ettiriladi.   

Nogironligi bo'lgan bolalarni sog'lomlashtirish uchun Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi va uning hududiy filiallari tashkil etiladi.

Shuningdek, har yili 2 ming nafar bolada tug'ma yurak nuqsoni va bosh miyadagi patologik o'zgarishlar bo'yicha jarrohlik amaliyotini o'tkazish belgilanmoqda.

To'rtinchidan, imkoniyati cheklangan fuqarolar mamlakatimizning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotida faol qatnashishi uchun “to'siqsiz muhit”, ya'ni, qulay sharoit yaratiladi.

Jumladan, yangi barpo etiladigan davlat idoralari binolari, ijtimoiy ob'ektlar, bog' va parklar, jamoat transportida maxsus infratuzilma yaratish, davlat xizmatlari ko'rsatish tizimini nogironligi bo'lgan shaxslarga moslashtirish bo'yicha choralar ko'riladi, ular uchun maxsus axborot portallari, teleko'rsatuvlar, adabiyotlar va kutubxonalar soni ko'paytiriladi.

Mamlakatimizning barcha hududlarida barpo etilayotgan “Yangi O'zbekiston” massivlarida nogironligi bo'lgan shaxslarga uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun subsidiya va imtiyozli kreditlar beriladi. 

Eng muhimi, barcha darajadagi rahbarlar va davlat idoralari mas'ullari tomonidan nogironligi bo'lgan shaxslarning muammolarini o'rganish va hal qilish bo'yicha doimiy muloqot tizimi yo'lga qo'yiladi.

Bir fikrni alohida ta'kidlab aytmoqchiman: jamiyatimizning eng ehtiyojmand qatlamlaridan biri bo'lgan nogironlar bilan bog'liq faoliyatimizni tanqidiy qayta ko'rib chiqar ekanmiz, bu insonlar ham mamlakatimiz fuqarolari, bizning yurtdoshlarimiz ekanini, binobarin, hech qachon o'zlarini yolg'iz his etmasliklari, ijtimoiy va iqtisodiy hayotimizda faol ishtirok etishlari uchun bundan buyon ham barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Bir so'z bilan aytganda, O'zbekistonda hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmaydi.

Ishonchim komil, 3 dekabr' – Halqaro nogironlar kuni mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida mustahkam o'rin egallab, jamiyatimizda ezgulik, mehr-oqibat, gumanizm g'oyalarini yanada chuqur qaror toptirishga xizmat qiladigan muhim sanalardan biri bo'lib qoladi.

Biz bu borada siz, azizlarga – ko'pni ko'rgan otaxon va onaxonlarimizga, hurmatli xotin-qizlarimizga, hayotga dadil kirib kelayotgan navqiron yoshlarimizga, doimo ezgu va savob ishlar qilib yashashga intiladigan butun xalqimizga tayanamiz.

Millati, tili va dinidan qat'i nazar, inson qadr-qimmati va sha'nini ulug'lash, har bir fuqaro haqida e'tibor va g'amxo'rlik, mehr-muruvvat, saxovat va olijanoblik biz qurayotgan Yangi O'zbekiston jamiyatining hayot qoidasi bo'lib qoladi.

Barchangizni ana shunday olijanob ishlarda faol ishtirok etishga da'vat etaman.

 

Chuqur hurmat-ehtirom bilan,

 

Shavkat Mirziyoev,

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Majlislar omonatdir

06.08.2026   2157   4 min.
Majlislar omonatdir

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:

« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »

 

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.

 

Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.

 

“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.

 

Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.

 

“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.

 

“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.

 

“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.

 

Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?

 

Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.

 

Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.

 

Manbalar asosida

T.NIZOM tayyorladi.

Maqolalar