Hushxabar
Masjid – Allohning bayti. Bu maskanni har qancha obod qilsak – yarashadi. Bugun yurtimizda yangidan bunyod etilayotgan, qayta qurilayotgan masjidlarni ko'rib, bu xayrli ishlarga hissa qo'shayotgan saxovatpesha homiylarning haqqiga xayrli duolar qilamiz.
Navoiy viloyati Hatirchi tumani Tasmachi qishlog'idagi “Abu Hanifa” masjidining yangi binosiga ilk g'isht qo'yish marosimi bo'lib o'tdi. Unda tuman bosh imom-xatibi Mustafo domla Yunusov, Navbahor tumani bosh imom-xatibi Fazliddin domla Toshev, “Abu Hanifa” masjidi imomi Qabriddin domla Sagdinov, hoji otalar, mahalla faollari, homiylar ishtirok etdi.
Masjidning eski binosi 1990 yili qurilgan bo'lib, unda, ayvoni bilan qo'shib hisoblaganda, 180 kishi ibodat qilar edi. Allohning inoyati, istiqlol sharofati hamda yurtimizda diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlar natijasida namozxonlar safi kengayib, masjid torlik qildi. Shu bois jomening qayta qurishga kirishildi.
Yangi masjid ishga tushgach, bu ma'rifat maskanida bir vaqtning o'zida 1000 kishi bemalol ibodat qila oladi, Shunga mos ravishda yangi tahoratxona ham ishlab turibdi.
Alloh taolo Qur'oni karimda: «Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan, namozni barkamol o'qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo'rqqan kishilar obod qilurlar» (Tavba surasi, 18-oyat).
Ibn Kasir rahimahulloh aytadi: «Alloh taolo mazkur oyatda masjidlarni obod qiluvchilarning mo'min ekanligiga guvohlik bermoqda. Hadisi sharifda: “Agar masjidga doimiy qatnashni odat qilgan kishini ko'rsangiz, uning mo'minligiga guvohlik bering”, deyilgan» (Imom Termiziy rivoyati).
Darhaqiqat, “Abu Hanifa” masjidini ham mo'minlar-musulmonlar obod qilishyapti. Bu ishning boshida turgan imom domla, noiblarga, mutavalliga, Sirojiddin hoji aka va boshqa barcha azizlarga Alloh taolo O'zi va'da qilgan ulug' mukofotlarni ato etsin.
Tez va qisqa fursatda masjidning mo'min-musulmonlar ixtiyoriga topshirilishi Alloh taolo nasib etsin. Buyuk Rabbimiz homiylarning ishlariga baraka bersin.
Marosim so'ngida Alloh uchun qurbonlik qilinib, osh tarqatildi.
T.NIZOM
2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:
– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;
– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;
– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.
– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;
– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.
– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.
Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati