Qizalog'imni yaxshi ishlarga targ'ib qilish maqsadida chiroyli bir quti olib keldim. Qutining yoniga bir idish to'la turli rangdagi sharchalarni qo'ydim.
Keyin qizimni chaqirib, har safar biror yaxshi ish qilgan paytida, aytaylik, menga yoki dadasiga yordam bersa, uy vazifalarini o'z vaqtida bajarsa, xonasini ozoda tutsa, maktabda yaxshi baho olsa yoki shu kabi yaxshi ishlarni qilsa, qutining ichiga bitta sharcha solishimizni aytdim. Keyin hafta oxirida har bir solingan sharcha evaziga falon miqdor pul mukofoti berishni va'da qildim. Agar mabodo odob-axloqida biror o'zgarish bo'lsa, har bir xatosi uchun qutidan bitta sharcha olib qo'yishimni ham ta'kidladim.
Tarbiyadagi bu uslubim zo'r ish berdi. Allohning tavfiqi ila qizim maktabda oldingidan ham yaxshiroq o'qiy boshladi. Doimo ozoda yurib, xonasini ham orasta saqlaydigan bo'ldi. Sal sho'xligi bo'lsa ham, o'rtoqlari bilan tortishmaydigan, urushmaydigan bo'ldi.
Bora-bora qizimning namunali xulqi va yaxshiliklar qilishdagi faolligi bizni torayib qolgan qutining o'rniga kengroq quti qo'yib berishimizga majbur qildi.
(Tarbiyaning bu uslubi bir qarashda bolani poraxo'rlikka o'rgatishdek tasavvur uyg'otadi. Lekin bola katta bo'lgani sari qilayotgan yaxshi ishlari faqat Alloh uchun qilinishi kerakligini ota-onasi va ustozlarining ko'rsatmalari, tushuntirishlari natijasida idrok qila boshlaydi. Qalbida ixlos ne'matini his qilishi bilan qilgan yaxshiliklariga oladigan eng oliy mukofot dunyoning arzimas matohlari emas, balki olamlarning Robbi Allohning O'zi ekanligini anglab etadi. Tarj.)
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari