❓392-CAVOL: Qur'on sura va oyatlarini birorta daftarga kirillchada yozib yodlasa bo'ladimi? Javob uchun rahmat. Alloh sizlardan rozi bo'lsin.
? JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim. Avvalo Qur'on yodlashga bo'lgan intilishingiz maqtovga sazovor. Qur'oni karim Alloh taoloning buyuk kalomi bo'lib, uni yod olish naqadar ulkan savob ish ekani Payg'ambarimiz alayhissalomning hadislarida zikr qilingan:
اقرؤوا القران فانه ياتي يوم اقيامة شفيعا لاصحابه (رواه الامام مسلم عن ابي امامة الباهلي رضي الله عنه)
ya'ni: "Qur'on o'qinglar, chunki Qur'on qiyomat kunida o'z egalarini shafoat qiladi" (Imom Muslim rivoyatlari).
Qur'oni karim arab tilida nozil bo'lgan. Undagi ba'zi harflar borki, uni boshqa yozuvda, xususan, siz aytayotgan "kirill" yozuvida ifodalab bo'lmaydi. Natijada biz xato o'qiymiz va xato yodlaymiz, savob o'rniga gunohkor bo'lib qolishimiz ham hech gap emas.
Hanafiy mazhabining muhaqqiq ulamolardan Imom Shurunbuloliy bu mavzuda alohida kitob yozib, unda quyidagilarni ta'kidlagan:
إجماع الأئمّة الأربعة، واتفاق علماء مذاهبهم، على أنّ اتباع رسم خط المصحف العثماني واجب في كتابة القرآن الكريم، وأنّ كتابته بعبارة غير عربيّة: حرام، وكذا كتابته بغير خطّ عربيّ: ممنوع.
ya'ni: “To'rt fiqhiy mazhab imomlarining ijmosi va ularning mazhabidagi ulamolarning ittifoqiga ko'ra Qur'oni karim yozilishida Usmoniy mushaf xatiga ergashish vojibdir. Arab tilidan boshqa tilda yozish haromdir. Shuningdek, arab xatidan boshqada yozish ham man qilingandir” (“An-Nafhatul qudsiyya fi ahkami qiroatil-Qur'an va kitabatihi bil-farisiyya” kitobi).
Hozirgi kunda ko'plab, yirik fatvo uyushmalari tomonidan Qur'oni Karimni lotin yoki boshqa alifboda yozish harom ekaniga bir ovozdan qaror qabul qilganlar. Ular qatorida Saudiya Arabistonidagi “E'tiborli ulamolar hay'ati”, Misr Arab Respublikasi “Al-Azhar unversiteti fatvo qo'mitasi”, “Hindiston ulamolar jamiyati” (Dehli) kabi jami yigirmadan ortiq nufuzli tashkilot va hay'atlarning fatvo uyushmalarini ko'rish mumkin.
Shundan kelib chiqib Sizga Alloh taoloning Kalomini arab harfida, qanday nozil bo'lgan bo'lsa, shundayligicha yodlashga harakat qilishni tavsiya qilamiz. Zotan, hozirda buning uchun imkoniyatlar etarli. Qur'onga xizmat qilayotgan qorilarimiz, ulamolarimiz arab imlosini o'rgatuvchi turli xil risolalar va kitoblar nashr qildilar. Qolaversa, telegram kanallari va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali Qur'oni karim va tajvid darslarini sodda uslubda ta'lim berib bormoqdalar. Shulardan foydalangan holda, darslarni muntazam o'zlashtirib borsangiz tez kunda Qur'oni karimni arab imlosida o'qiy boshlaysiz, inshaalloh. Buning uchun ozgina mehnat, sabr va eng asosiysi chin ixlos kerak bo'ladi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay'ati
Shu kunlarda yurtimizda o‘tkazilayotgan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muftiy hazratlari nufuzli anjuman ishtirokchisi bo‘lgan martabali mehmonni qutlab, ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchi diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikka mustahkam zamin bo‘layotganini alohida qayd etdilar.
Samimiy muloqotda Shayxulislom Ollohshukur Poshozodaning ilmiy kamolotida Buxoroi sharif va Mir Arab madrasasining o‘rni beqiyos ekani yodga olinib, Davlatimiz Rahbari tomonidan 500 yillik tarixga ega ushbu shonli madrasa nufuzini oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar yuqori baholandi.
Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, diniy-ma’rifiy jabhadagi islohotlar, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni rivojlantirish yo‘lidagi aloqalar va ulug‘ allomalarga ehtirom ko‘rsatish borasidagi xayrli ishlarni yuksak e’tirof etdi.
Yakunda Haq taolodan xalqaro islom sivilizatsiyasi forumini muvaffaqiyatli o‘tishi va ikki qardosh el o‘rtasidagi ma’rifiy hamkorlik musulmon ummati uchun xayrli bo‘lishini so‘rab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati