Abdulloh ibn Amr (Alloh undan rozi bo'lsin) rivoyat qiladi: Rasululloh (u zotga Allohning saloti va salomi bo'lsin): “Agar ummatimga qiyin qilib qo'y(ishni o'yla)maganimda, ularni saharlarda, albatta, misvok qilishga buyurgan bo'lardim!” dedilar (Abu Nuaym). “Huddi kotib qulog'iga qalam qistirganidek, Nabiy (u zotga Allohning saloti va salomi bo'lsin) ham quloqlariga misvok qistirib olar edilar” (Bayhaqiy).
Rasulullohdan (u zotga Allohning saloti va salomi bo'lsin) o'rnak olib, sahobalar ham misvok tutishga katta e'tibor berishgan. Miqdom ibn Shurayh ibn Honi' Horisiy otasidan rivoyat qiladi: “Men Oyshadan (Alloh undan rozi bo'lsin): “Nabiy (u zotga Allohning saloti va salomi bo'lsin) uyga kirsalar, ishni nimadan boshlar edilar?” deb so'raganimda, “Misvok (ishlatish) bilan”, deb javob berdilar” (Muslim, Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja va Ahmad).
Bu rivoyatdan misvok ishlatish faqat tahorat va namoz vaqtiga bog'liq emasligini bilib olamiz. Rasululloh (Alloh undan rozi bo'lsin) oila a'zolariga chiroyli suratda yuzlanish uchun uyga kirishlari bilan misvok qilganlar. Alloma Munoviy bunga quyidagicha dalil keltiradi: “Musulmon kishi uyga kirganida ahliga salom berishi kerak. Salomda Allohning ismi bor. Allohning ismi esa faqat pok og'iz bilan aytiladi”.
Zayd ibn Holid Juhaniy (Alloh undan rozi bo'lsin) rivoyat qiladi: “Rasululloh (u zotga Allohning saloti va salomi bo'lsin) misvok qilmasdan turib, namoz o'qish uchun tashqariga (ya'ni, masjidga) chiqmasdilar” (Tabaroniy). Ba'zi ulamolar ushbu hadisni dalil qilib: “Uyda yoki masjidga kirmasdan oldin misvok qilib olingani ma'qul”, deyishgan.
Tungi uyqudan tahajjud yoki bomdod namozlariga turilganida misvok qilish Rasululloh (u zotga Allohning saloti va salomi bo'lsin) sunnatlariga muvofiqdir. Garchi hadisda tungi uyqu nazarda tutilgan bo'lsa-da, umuman, kunduzgi uyqudan keyin ham misvok qilish yaxshidir.
Oysha (Alloh undan rozi bo'lsin) aytadi: “U zotning tahorat suvi va misvoklari tayyorlab qo'yilar edi. Tunda uyqudan uyg'onganlarida, oldin hojatga borib, so'ngra misvok ishlatar edilar” (Abu Dovud).
Juma kuni misvok ishlatish haqida ham alohida ta'kidlangan. Chunki bu kuni mo'min-musulmonlar juma namozini o'qish uchun masjidga to'planishadi.
Ibn Umar (Alloh undan rozi bo'lsin) rivoyat qiladi: “Rasululloh (u zotga Allohning saloti va salomi bo'lsin) misvokni yonlariga hozirlab qo'ygan holda uxlardilar. Uyqudan uyg'onganlarida ishni misvok qilishdan boshlar edilar” (Ahmad, Abu Ya'lo va Tabaroniy).
Rasululloh (u zotga Allohning saloti va salomi bo'lsin) ertayu kech jiddiy ahamiyat bergan narsaga bizlar ham e'tibor qaratishimiz zarur. Bu esa o'z o'rnida tishlarni toza tutish o'ta fazilatli amal ekaniga ishoradir.
Odilxon qori Yunusxon o'g'li
2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:
– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;
– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;
– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.
– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;
– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.
– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.
Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati