Shu kunlarda davlatimiz rahbari tashabbusi ostida mamlakatimiz bo'ylab davom etayotgan va keyin ham muntazamlik kasb etadigan “Yashil makon” umummilliy loyihasi mohiyati jihatidan kelajak avlod taqdiriga dahldorligi bilan ahamiyatli. 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo'yicha e'lon qilingan dolzarb 40 kunlik doirasida Samarqand viloyati Payariq tumani Ho'ja Ismoil shaharchasida O'zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi rahbarligida viloyat diniy soha vakillari tomonidan “Imom Buxoriy avlodlari bog'i” barpo etildi.
Mazkur bog' barpo etilishi munosabati bilan o'tkazilgan tadbir avvalida qo'y so'yilib, o'tgan alloma ajdodlarimiz xotirasiga bag'ishlab Qur'on tilovat qilindi. Viloyat hokimligi mutasaddilari, diniy tashkilot va idoralar xodimlari, viloyat jamoatchiligi vakillari, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi jamoasi, Hadis ilmi oliy maktabi pedagog xodim va talabalari ishtirok etgan marosimda viloyat hokimining diniy va jamoat tashkilotlar bilan aloqalar bo'yicha o'rinbosari D.Mamadqulov va viloyat bosh imom-xatibi o'rinbosari Hayrullo domla Sattarov so'zga chiqib, kelajakka bebaho sarmoya tariqasida yo'naltirilayotgan ezgu tashabbus – “Yashil makon” umummilliy loyihasining global murakkab ekologik vaziyatni yumshatish va atrof-muhit musaffoligini ta'minlash hamda inson salomatligini mustahkamlashdagi yuksak ahamiyatini qayd etdi. Tadbirda shuningdek, viloyatning diniy sohada faoliyat yuritayotgan uch avlod vakillari tomonidan mazkur loyiha doirasida yaratilayotgan bog' hayot farovonligiga, mo'minlar manfaat olishlariga, qolaversa, tabiatning yanada ko'rkam bo'lishiga munosib xizmat qilishi alohida ta'kidlandi.
Tadbirdan so'ng, bog' uchun ajratilgan hududda ko'chat o'tqazishga kirishildi. Jarayon davomida 600 nafarga yaqin ishtirokchi 1 gektar bo'lgan hududga 1500 dan ziyod mevali va manzarali daraxt ko'chati o'tqazishdi.
Ko'chat ekish jarayonida tuproq unumdorligiga alohida e'tibor qaratilib, er avvalo sug'orishga tayyor holatga keltirildi. Bog'da o'tqazilgan ko'chatlarni parvarish qilish bo'yicha alohida chora-tadbirlar belgilandi va mas'ullar biriktirildi. Mas'ullarga daraxtlarni parvarishlash bilan birga hududo bodligini ta'minlash vazifasi ham yuklatildi.
Mamlakatimiz bo'ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi amaliy tadbirlar davom etmoqda.
O'MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Payariq tumanida viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tashabbusi bilan shahar va tuman imom-xatiblari, iqtidorli imomlar hamda 65 nafar hojilar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda xalq bilan, keng jamoatchilik bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yuzasidan fikrlar bildirildi. Bu bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Tadbir davomida yig‘ilish qatnashchilari hududdagi ijtimoiy ahvoli og‘ir, bemor va nogironligi bor oilalar yashaydigan xonadonlarga borishdi. Ularni qiynayotgan muammolar o‘rganildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyati filiali tomonidan 50 ta nogironi bor ana shunday oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Shuningdek, viloyatda diniy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish yo‘lida faol ishtirok etib kelayogan besh nafar amaliyotchi moddiy jihatdan rag‘batlantirildi.
Vaqf.uz