Shu yil 24 -25 noyabr' kunlari Saudiya Arabistonining Jidda shahrida "Rossiya - Islom olami" strategik qarashlar guruhi (SQG) ning ikkinchi yillik yig'ilishi bo'lib o'tdi. Bu haqda O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Muloqot va hamkorlik ufqlari” shiori ostida bo'lib o'tgan sammitda Prezident maslahatchisi, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi rahbari Shoazim Minovarov ma'ruza bilan ishtirok etdi.
Sh.Minovarov sammit tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirgan holda, so'nggi yillarda O'zbekistonda davlat rahbari boshchiligida diniy-ma'rifiy sohada olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, xususan, buyuk ajdodlarmiz merosini tadqiq qilish maqsadida ilmiy-tadqiqot markazlari va o'quv yurtlarining tashkil etilganligi, ma'rifiy islom mohiyatini yanada chuqurroq anglashga qaratilgan ijobiy sa'y-harakatlar haqida so'z yuritdi.
Shuningdek, markaz rahbari O'zbekiston ushbu yo'nalishda barcha xalqaro turdosh tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga doimo tayyor ekanligini bildirdi.
– Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida Ekspo 2020-2022 umumjahon ko'rgazmasida jonajon O'zbekistonimiz ham o'z pavil'oni bilan ishtirok etdi, – deydi Prezident maslahatchisi, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi rahbari Shoazim Minovarov. – O'zimizning yigit-qizlardan iborat xorij tillartda bemalol muloqot qilayotgan gid-boshlovchilar, bugunimiz va shavkatli ajdodlarimiz faoliyati birgalikda namoyish etilgani, Islom tsivilizatsiyasi markazining ham ko'rgazmaga qo'yilgani, ayniqsa, pavil'onimizdan odam arimaganini ko'rib, faxrlandim va tashkilotchilarga tasanno aytdim. Pavil'onimizda xattotlik san'ati namoyish qildi. Shuningdek, milliy taomlarni ham tortiq qilindi. Biz jahonni, jahon bizni kashf etmoqda.
Ma'lumot o'rnida: "Rossiya - Islom olami" strategik qarashlar guruhi 2006 yilda tashkil etilgan bo'lib, hozirgi kunda unga 28 ta musulmon davlatlaridan 60 ga yaqin jamoat va hukumat faollari a'zo hisoblanadi. Hozirda mazkur guruhga Tatariston prezidenti Rustam Minnixonov boshchilik qilmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Yaqinda Qo‘ng‘irot tumani, “Qumbiz” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Baxtiyor Matyakupovning xonadonida yong‘in sodir bo‘lib, kelib chiqqan yong‘in natijasida xo‘jalik a’zolari uy-joysiz qoldi. Ushbu yuzaga kelgan holat yaqindan o‘rganilib, tumandagi “Hakim Sulaymon” jome masjidi imom-xatibi R.Umarov oila a’zolarining holidan xabar oldi va homiylar yordami bilan uy-ro‘zg‘or buyumlaridan moddiy yordam berdi.
Darhaqiqat, Alloh taolo “Baqara” surasi 271-oyatida: «Sadaqalarni oshkor qilsangiz, bu qanday ham yaxshi! Agar ularni maxfiy qilsangiz va faqirlarga bersangiz, bu siz uchun yaxshidir. Sizdan yomonliklaringizni ketkazadir. Alloh qilayotgan amallaringizdan o‘ta xabardordir», deb bayon etadi.
Ushbu oyati karimada sadaqani oshkora qilish ham, maxfiy qilish ham maqtalmoqda. Bu haqdagi boshqa oyat va shar’iy dalillarni jamlab, o‘rganib chiqqan ulamolarimiz xulosa qilib aytadilarki, “Sadaqa farz bo‘lsa, uni oshkora qilish yaxshi, chunki bu holda Allohning amriga itoat oshkora ko‘rinadi va mazkur sadaqadan unga haqdor bo‘lmagan kishilarga ham tushib qolishi mumkinligining oldi olinadi. Agar sadaqa ixtiyoriy bo‘lsa, u maxfiy qilingani yaxshi. Riyodan va manmanlikdan uzoqda bo‘linadi”.
Sadaqa o‘z egasini Shaytondan yiroq, Rabbisiga yaqin va suyukli etadi. Sadaqa tufayli gunohlar kechiriladi, mehr-muruvvat va shafqat eshiklari ochiladi.
Sadaqa qilish xoh oshkora bo‘lsin, xoh maxfiy bo‘lsin, doimo o‘z egasiga foyda keltiradi, uning gunohlarining yuvilishiga sabab bo‘ladi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda: «Alloh taolo ixtiyoriy sadaqada maxfiylikni joriy qilgan. Bu borada maxfiysi oshkorasidan yetmish marta ko‘p savobga ega bo‘ladi. Farz sadaqaning oshkorasini maxfiysidan yigirma besh marta afzal qilgan», deganlar.
Alloh taolo yurtimizda mehr-oqibatli va saxovatli insonlar ko‘payishini, el-yurtimiz obod, xonadonlarimiz fayzli bo‘lishini nasib etsin!
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati