Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ikki xislat bor. Kim unga amal qilsa, albatta jannatga kiradi. Ikkisi oson, ammo unga amal qiladigan ozdir.
BIRINChISI, har bir namozdan so'ng 10 marta tasbeh (Subhanalloh) aytadi, 10 marta Allohga hamd (Alhamdulillah) aytadi va 10 marta takbir (Allohu akbar) aytadi. Bir kunda 150 ta, tarozida esa 1500 ta bo'ladi.
IKKINChISI, qachon uxlashga yotsa, 34 marta takbir (Allohu akbar), 33 marta hamd (Alhamdulillah) va 33 marta tasbeh (Subhanalloh) aytadi. Jami 100 ta, tarozida 1000 ta bo'ladi”, dedilar.
Shunda sahobalar roziyallohu anhum: “Yo Allohning Rasuli! Nega oson bo'lgan bu amallarga amal qiladiganlar oz?” deb so'rashdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu amalni qilmoqchi bo'lganning oldiga shayton namozda kelib, uni aytishidan oldin hojatini esiga soladi. Uyquga yotganida esa, uni aytishidan oldin uxlatib qo'yadi”, deb javob berdilar (Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).
Alloh taolo barchamizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishimizga tavfiq ato etsin!
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi 2025-2026 o‘quv yili uchun oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish sanalarini e’lon qiladi:
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti,
Mir Arab oliy madrasasi,
Hadis ilmi maktabi,
Imom Termiziy nomidagi islom instituti va
barcha o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga
2025 yil 25 iyundan 20 iyulgacha davom etadi.
Oliy diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishni istagan abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni topshiradi:
ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlagani to‘g‘risidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi);
Xorijiy davlatlardagi diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan va mamlakatimizda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan diplomga ega bo‘lgan abituriyentlar (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari) ham hujjat topshirishlari mumkin.
O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ta’lim muassasasi rahbari nomiga ariza;
pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
ma’lumoti to‘g‘risida attestat yoki diplom nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi);
chet tilini bilishi to‘g‘risidagi hujjat asl nusxasi (ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan chet tilidan boshqa tilda imtihon topshiruvchilar uchun).
Ma’lumot o‘rnida: Oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining test sinovlarida ishtirok etishi uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi. Joriy yilda o‘qishni tamomlab, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abituriyentlardan esa to‘lov undirilmaydi.
2025-2026 o‘quv yili qabul jarayonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz (https://t.me/qabulmuslimuz) telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati