Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ikki xislat bor. Kim unga amal qilsa, albatta jannatga kiradi. Ikkisi oson, ammo unga amal qiladigan ozdir.
BIRINChISI, har bir namozdan so'ng 10 marta tasbeh (Subhanalloh) aytadi, 10 marta Allohga hamd (Alhamdulillah) aytadi va 10 marta takbir (Allohu akbar) aytadi. Bir kunda 150 ta, tarozida esa 1500 ta bo'ladi.
IKKINChISI, qachon uxlashga yotsa, 34 marta takbir (Allohu akbar), 33 marta hamd (Alhamdulillah) va 33 marta tasbeh (Subhanalloh) aytadi. Jami 100 ta, tarozida 1000 ta bo'ladi”, dedilar.
Shunda sahobalar roziyallohu anhum: “Yo Allohning Rasuli! Nega oson bo'lgan bu amallarga amal qiladiganlar oz?” deb so'rashdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu amalni qilmoqchi bo'lganning oldiga shayton namozda kelib, uni aytishidan oldin hojatini esiga soladi. Uyquga yotganida esa, uni aytishidan oldin uxlatib qo'yadi”, deb javob berdilar (Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).
Alloh taolo barchamizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishimizga tavfiq ato etsin!
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
U kishi aytadilar: Bir kampir Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. U zot mening huzurimda edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: — «Siz kimsiz?» — dedilar. U: — «Men Jusama al-Muzaniyyaman», — dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: — «Yo‘q, siz — Hasona al-Muzaniyyasiz! O‘zingiz qandaysiz? Ahvollaringiz qanday? Biz ketgandan keyin qanday yashayapsizlar?» — dedilar. U: — «Yaxshimiz, otam va onam sizga fido bo‘lsin, ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallam», — dedi.
Kampir chiqib ketgach, men dedim: — «Yo Rasululloh, shu kampirga bunchalik iliq munosabat ko‘rsatmasangiz?» Shunda u zot: — «U Xadicha zamonida uyimizga kelib turar edi. Eski tanishlar bilan chiroyli muomala qilish iymondandir», dedilar.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV