Alloh taolo er yuzidagi insonlarning hammasini har xil mikdorda mol-mulk bilan rizqlantirgan. Odamlarning turli qabila va elatlarga bo'linishi ularning bir-birlari bilan tanishib do'st bo'lishlari uchun bo'lganidek, mol-dunyolarning turli miqdorda bo'lishi ham bir-birlarini qo'llab-quvvatlab, o'zaro yordam berishlari uchundir. Qaysi kishiga qandaydir odamlarning hojati tushib turgan bo'lsa, Alloh taolo unga ko'p yaxshiliklarini xohlagan bo'ladi.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Allohga “chiroyli qarz” beradigan (Uning yo'lida o'z boyligidan sarflaydigan) kishi bormiki, unga bir necha barobar ko'p qilib qaytarsa? Holbuki, Alloh (rizqni) tang ham, keng ham qilur va (sizlar) Uning huzuriga, albatta, qaytarilajaksizlar”(Baqara surasi 245-oyat).
Ushbu muborak oyatda yaxshilik yo'lida, savob hosil qilish maqsadida sarf qilinadigan mablag', mol-mulk Alloh taologa qarz berish sifatida baholanmoqda. Shu bois ham dinimizga ko'ra sadaqa berishdan ko'ra qarz berishning savobi ko'proqdir. Zero, sadaqa va ehsonlar ixtiyoriy ravishda muhtoj va nomuhtoj kishilarga berilaveradi. Ammo qarz faqat ehtiyoj sohiblarigagina beriladi.
Payg'ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallam: “Jannatga kirdim va uning eshigida sadaqa o'n (barobar savob) bilan, qarz o'n sakkiz (barobar savob) bilan (mukofotlanadi) degan yozuvni ko'rdim. Shunda ey Jabroil, qanday qilib sadaqa o'n, qarz o'n sakkiz barobar bo'ladi? - deb so'radim. U aytdiki: Chunki, sadaqa boyning ham, faqirning ham qo'liga tushaveradi. Qarz esa, faqat unga muhtoj bo'lgan odamning qo'liga tushadi” - deb marhamat qilganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Qarz oldi-berdisi jamiyat a'zolari o'rtasidagi o'zaro munosabatlardan biridir. Inson hayotining barcha jabhalaridagi kabi dinimizda bu boradagi barcha yo'l-yo'riqlar ham mukammal va chiroyli bayon qilib berilgan. Alloh taolo Qur'oni karimdagi eng uzun oyati karimani aynan shu masalaga atab nozil qilgan.
Zamonamiz ulamolaridan mashhur mufassir Vahba Zuhayliy «Tafsirul Munir» asarida bunday deydi: “Qur'oni karimdagi eng uzun oyatning qarz oldi-berdisiga bag'ishlanishi, moliyaviy hukmning bayon qilinishi Allohning nazdida mol-dunyoning tahqir qilinishini emas, balki uning hurmati naqadar balandligini ko'rsatadi”.
Alloh taolo xohlagan bandasiga behisob rizq bersa, xohlagan bandasini etishmovchilik, moliyaviy muammolar bilan sinaydi. Shuning uchun kishilik jamiyatini qarz oldi-berdisiz tasavvur qilish mumkin emas. Qush tirikchilik qilishi uchun qanot qoqishga majbur bo'lganidek, rizq topish, mol-dunyoni qo'lga kiritishi uchun insondan ham ma'lum bir sa'y-harakatlar talab etiladi. Ularning mashru' yo'llarini belgilab berish esa dinning vazifasidir.
Alloh taolo Qur'oni karimda mol-dunyo topish, tirikchilik qilish uchun harakat qilish lozimligi haqida ko'pgina oyatlar nozil qilgan: «Va kunduzni tirikchilik qilib qo'ydik» (Naba surasi, 11-oyat). «Namoz tugaganidan so'ng er yuzi bo'ylab tarqaling va Allohning fazlidan talab qiling hamda Allohni ko'p zikr qiling. Shoyadki, zafar topsangiz» (Jum'a surasi, 10-oyat).
Ba'zilar dinda mol-dunyo, boylik qoralangan deb o'ylashadi. Ammo bu dinimizning mohiyatini, ilohiy hikmatlarini noto'g'ri tushunish oqibatidir. Islomda mol-dunyoning o'zi emas, balki unga o'ch bo'lish, ruju qo'yish va natijada Alloh kafolatlab qo'ygan rizqni deb toat-ibodatdan chalg'ish, gunohga botish qoralangan. Agar dinimizda mol-dunyo qoralagan bo'lsa, shariatimizda sadaqa, xayr-ehson, zakot, haj kabi moliyaviy ibodatlar joriy qilinmagan bo'lur edi.
Alloh taolo Baqara surasining 282-oyatida bunday marhamat qiladi: «Ey imon keltirganlar! Bir-biringizdan biror muddatga qarz olib, qarz bersangiz, uni yozib qo'yingiz!».
Ma'lumki, bugungi kunda moliyaviy muomalalarga oid barcha muhim ishlar notarial idoralar tomonidan guvohlar huzurida yozib, rasmiylashtirilsagina qonuniy kuchga ega bo'ladi. Shunday qilinsa, hech kim norozi bo'lmaydi, hech kimning haqqiga tajovuz qilinmaydi. Qur'oni karim esa bundan o'n besh asr oldin bu qoidani go'zal va mukammal tarzda, hech bir to'ldirishga o'rin qoldirmay bayon qilib bergan.
«Orangizda bir kotib uni adolat bilan yozsin». Demak, qarz haqidagi tilxatni qarz berayotgan odam ham, olayotgan odam ham yozmaydi. Buni betaraf, xolis odam – kotib yozsin. Taomil shunday.
«Hech bir kotib Alloh bildirganidek qilib yozishdan bosh tortmasin».
Afsuski, ushbu ilohiy qonundan uzoqlashilgani bois bugungi kunda qarzni vaqtida ado etmaslik jamiyatda odatiy hol bo'lib qolgan. Qayerga qaramang, juda ko'plab nizo, urush-janjal, qarindosh-urug', do'st-yorlar orasining buzilishi, hatto og'ir jinoyatlar qarz muammolaridan kelib chiqmoqda. Aql bovar qilmas darajadagi katta qarzlar bir necha yillardan beri to'lanmagan. Kimdir qarz bergan, kimdir olgan, ammo quruq so'zga ishonib, yalinib-yolvorganiga rahmi kelib, na guvoh chaqirilmagan, na kimdir biron narsa yozgan. Endi esa omonatga xiyonat yuzaga keladi – qarz beruvchi talab qiladi, oluvchi bermaydi. Mabodo kimdir o'rtaga tushgan bo'lsa, qarzini qaytarib ololmagan odam jon achchig'ida uning o'ziga yopishyapti, yaxshilik qilaman degan odam baloga qolib ketyapti. Shuning uchun ko'pincha odamlar bunday g'alvali masalaga aralashishdan, o'rtaga tushishdan o'zlarini olib qochadilar. Ammo Alloh taolo bir kishi guvohlikka chaqirilsa, Alloh bildirganidek yozishdan bosh tortmasin, deyilmoqda. Chunki bu savob ish.
Alloh taolo bir mushkulini hal qilish uchun qarz olgan, so'ngra og'ir kunida yordam bergan birodarining omonatiga xiyonat qilmay, uni o'z vaqtida uzishga niyat qilgan kishiga yordamchi bo'ladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Kim odamlarning molini (qarzga) olib, uni ado etishni iroda qilsa, uni Alloh (O'z yordami ila) ado etadi. (Birovning molini) yo'q qilishni niyat qilib olgan odamni Alloh yo'q qiladi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, qarz olmoqchi bo'lgan odam, avvalo, niyatini to'g'rilashi lozim ekan. Agar u «Allohim, shu birodarimdan qarz olyapman, uni qaytarishga O'zing yordam ber» desa, Alloh taolo qarzni qaytarishga albatta yordam beradi. Lekin «Boyga balo urarmidi, topganda beramanda» deb olsa, Alloh taolo uning o'zini yo'q qiladi.
Hayotda bunday holatga ko'p marta guvoh bo'lganmiz. Odamlarni aldab, ishonchiga kirib, nayrang yo'li bilan pul olishni kasb qilganlarning balo-ofatlarga yo'liqib, yo'q bo'lib ketayotgani mazkur hadisi sharifning isbotidir.
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zimmasida qarzi bo'la turib o'lgan odamga janoza namozi o'qimas edilar. Bir mayyitni olib kelindi. Bas, U zot alayhissalom: «Uning zimmasida qarz bormi?» dedilar. «Ha, ikki dinor», deyishdi. «Sohibingizga o'zingiz janoza o'qing», dedilar. «O'sha ikkovi mening zimmamga, ey Allohning Rasuli», dedi Abu Qatoda. Shunda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam u(mayyit)ga janoza o'qidilar. Alloh o'z Rasuliga Fath ato qilganidan keyin: «Men har bir mo'min uchun uning o'zidan ham yaqinman. Kim qarz qoldirsa, uni ado etish mening zimmamda. Kim mol tark qilsa, merosxo'rlariga», dedilar». Bu hadisi sharif ham zimmasida qarzi bo'la turib o'lish o'ziga yarasha muomala talab qilishini ko'rsatadi. Ushbu hadisga amal qilaroq, hozirda ham har bir mayyitga janoza namozi o'qishdan oldin uning qarzi bor-yo'qligi so'raladi. Uning qarzlarini yaqin kishilardan biri o'z zimmasiga olganidan keyingina janoza namozi o'qiladi. Shariat hukmi bo'yicha biror mayyitning qarzini o'z zimmasiga oladigan kishi topilmasa, uning qarzi xazinadan uziladi.
Qarz berish bandani Alloh taologa yaqin qiladigan amallardandir, chunki unda odamlarga rahm-shafqat qilish, ularning ishlariga engillik berish, g'amlarini aritish bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kim bir musulmonning dunyodagi g'amlaridan birini aritsa, Alloh uning Qiyomatdagi g'amlaridan birini aritadi. Kim qiynalib qolgan kishiga engillik qilsa, Alloh dunyo-yu oxiratda unga engillik qiladi. Modomiki banda birodarining ko'magida bo'lar ekan, Alloh uning ko'makchisi bo'ladi» (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo qarzdorlar qarzlarini o'z vaqtida ado etishlariga muyassar aylasin, qarz va omonat borasidagi mas'uliyatni yaxshi biladigan omonatdor bandalardan bo'lishimizni barchalarimizga nasib qilsin.
Manbalar asosida
Ho'jaobod tuman “Yetti chinor”
jome masjidi imom noibi
Muhammadquddus ABDULMANNON
tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “…o‘zingiz uchun qilgan yaxshiliklarni Allohning huzurida topasiz” (Baqara surasi, 110-oyat).
Boshqa bir oyatda Alloh taolo: “Mollarini Allohning yo‘lida sarflaydiganlarning misoli, xuddi bir dona donga o‘xshaydi. Undan yetti boshoq o‘sib chiqadi, har boshoqda yuztadan don bor. Va Alloh kimga xohlasa, yana ko‘paytirib beradir. Va Alloh qamrab oluvchi va biluvchi zotdir”, (Baqara surasi, 261-oyat) deb marhamat qilgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng saxiyi edilar. U zotning eng saxiylik vaqtlari Ramazon oyida Jabroiyl alayhissalom bilan uchrashgan vaqtda bo‘lardi. Albatta, Rasululloh yaxshilikda erkin esgan shamoldan ham saxiyroq edilar”.
Ro‘za qorni ochni taomlantirish, miskinga ehson, faqirga tuhfa berishga chorlaydi. Ramazon oyi sadaqa beruvchilar va ehson qiluvchilar uchun eng qulay fursatdir. Shoir bunday deydi:
Alloh senga berganidan ehson qil sen ham,
Pul qo‘lning kiridir, umr esa o‘tguvchi.
Moling suv kabidir, tutilsa aynir u ham,
Agar yursa shirin buloq kabi oqguvchi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh taoloning ikki farishtasi bor, har tong nido qilishadi. Ularning biri: “Allohim, infoq qiluvchiga (infoqi o‘rniga) to‘ldirish ber!” deydi. Boshqasi esa: “Allohim, ziqnaga talofat ber!” deydi”, dedilar.
Banda har safar ehson qilganda Alloh taolo uning jismiga to‘kislik, qalbiga rohat va rizqiga kenglik ato etadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Sadaqa suv olovni o‘chirgani kabi xatoni o‘chiradi”.
Gunoh, ma’siyatlarda qalb va nafsni kuydiruvchi olov bo‘ladi. Bu olovni faqatgina sadaqa o‘chira oladi. Sadaqa qalbga salqinlik va ruhga yaxshilik bo‘lib, xatolarni yuvib ketadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Har bir kishi toki odamlar orasida hukm qilingunicha o‘z sadaqasining soyasida bo‘ladi”.
Naqadar ajoyib! Sadaqaning o‘z soyalari bo‘lib Qiyomat kunida bandalar uning ostida bo‘ladilar, har bir inson dunyodagi sadaqasining miqdoricha soyada bo‘ladi.
Hazrat Usmon ibn Affon roziyallohu anhu boy inson bo‘lib, mol-mulklarini Allohning roziligi yo‘lida sarflar, Tabukka ketayotgan qo‘shinni jihozlagan, quduq sotib olib sadaqa qilib yuborgan edilar.
Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu ham juda boy edilar, yetti yuzta tuyani ustidagi yuklari bilan Madinaning faqirlariga Alloh roziligi uchun sadaqa qilib yubordilar.
Ro‘zadorlar orasida bir burda non, bir ho‘plam suv yoki bir dona xurmo topa olmaydiganlari ham bor. Ular orasida yordam beradigan biror yaqini, uyi yo‘qlari mavjud. Na saharligi va na iftorligiga yemak topa oladigan faqirlari bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim bir ro‘zadorni iftor qildirsa unga ro‘zadorning ajridan hech narsa kamaymagan holdagi mislicha ajr bo‘ladi”.
Ramazonda solih insonlarning karami ziyoda bo‘ladi va ular infoq-ehsonni ko‘paytirishadi. Allohdan savob umidida faqir va miskinlarga iftorlik qilib berishni o‘z zimmalariga olishadi. Qadimda ulug‘ zotlarning masjidlari faqir va miskinlarga tayyorlab qo‘yilgan iftorlik taomlariga to‘lib ketar, biror och yoki muhtoj kishi topilmas edi.
Inson o‘zining yeb-ichishi va kiyinishiga sarf etgan barcha narsasi yo‘q bo‘lib ketadi, ammo Allohning roziligi yo‘lida sarflagani boqiy qoladi. Alloh taolo aytadi: “Agar Allohga yaxshi qarz bersangiz, U sizga ko‘paytirib berur va sizni kechirur. Alloh shakur va halimdir” (Tag‘obun surasi, 17-oyat).
Ey ro‘zador, qilayotgan ehsoningiz bilan o‘zingiz muhtoj va faqir bo‘ladigan Qiyomat kuni uchun Robbingizga qarz bermoqdasiz.
Ey, birodarim, sizning bir ho‘plam suvingiz, bir hovuch xurmoingiz, qo‘yingki, Alloh yo‘lida muhtojlarga bergan ozgina molingiz jannat sari yo‘lingizdir. Allohga qasamki, sadaqa kabi molni saqlaydigan va zakot kabi molni poklaydigan narsa yo‘q. Qanchadan-qancha boylar dunyodan o‘tishdi, ulardan son-sanoqsiz mol-dunyo, xazinalar, qasrlar va uylar qoldi. Bularning barchasi egalari uchun hasrat, nadomat va afsus bo‘ldi, chunki ular mol-dunyolarini o‘z o‘rniga sarflamagan edilar. Alloh nasib qilsa ertangi kunda sizga bu ehsonlaringiz foyda bo‘ladi!
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Ro‘zadorlar uchun darslar" kitobidan