Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyul, 2025   |   20 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:22
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:32
Bismillah
15 Iyul, 2025, 20 Muharram, 1447

Allohga “chiroyli qarz” beradigan bormi?

29.11.2021   2600   12 min.
Allohga “chiroyli qarz” beradigan bormi?

Alloh taolo er yuzidagi insonlarning hammasini har xil mikdorda mol-mulk bilan rizqlantirgan. Odamlarning turli qabila va elatlarga bo'linishi ularning bir-birlari bilan tanishib do'st bo'lishlari uchun bo'lganidek, mol-dunyolarning turli miqdorda bo'lishi ham bir-birlarini qo'llab-quvvatlab, o'zaro yordam berishlari uchundir. Qaysi kishiga qandaydir odamlarning hojati tushib turgan bo'lsa, Alloh taolo unga ko'p yaxshiliklarini xohlagan bo'ladi.

Alloh taolo marhamat qiladi: “Allohga “chiroyli qarz” beradigan (Uning yo'lida o'z boyligidan sarflaydigan) kishi bormiki, unga bir necha barobar ko'p qilib qaytarsa? Holbuki, Alloh (rizqni) tang ham, keng ham qilur va (sizlar) Uning huzuriga, albatta, qaytarilajaksizlar”(Baqara surasi 245-oyat).

Ushbu muborak oyatda yaxshilik yo'lida, savob hosil qilish maqsadida sarf qilinadigan mablag', mol-mulk Alloh taologa qarz berish sifatida baholanmoqda. Shu bois ham dinimizga ko'ra sadaqa berishdan ko'ra qarz berishning savobi ko'proqdir. Zero, sadaqa va ehsonlar ixtiyoriy ravishda muhtoj va nomuhtoj kishilarga berilaveradi. Ammo qarz faqat ehtiyoj sohiblarigagina beriladi.

Payg'ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallam: “Jannatga kirdim va uning eshigida sadaqa o'n (barobar savob) bilan, qarz o'n sakkiz (barobar savob) bilan (mukofotlanadi) degan yozuvni ko'rdim. Shunda ey Jabroil, qanday qilib sadaqa o'n, qarz o'n sakkiz barobar bo'ladi? - deb so'radim. U aytdiki: Chunki, sadaqa boyning ham, faqirning ham qo'liga tushaveradi. Qarz esa, faqat unga muhtoj bo'lgan odamning qo'liga tushadi” - deb marhamat qilganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Qarz oldi-berdisi jamiyat a'zolari o'rtasidagi o'zaro munosabatlardan biridir. Inson hayotining barcha jabhalaridagi kabi dinimizda bu boradagi barcha yo'l-yo'riqlar ham mukammal va chiroyli bayon qilib berilgan. Alloh taolo Qur'oni karimdagi eng uzun oyati karimani aynan shu masalaga atab nozil qilgan.

Zamonamiz ulamolaridan mashhur mufassir Vahba Zuhayliy «Tafsirul Munir» asarida bunday deydi: “Qur'oni karimdagi eng uzun oyatning qarz oldi-berdisiga bag'ishlanishi, moliyaviy hukmning bayon qilinishi Allohning nazdida mol-dunyoning tahqir qilinishini emas, balki uning hurmati naqadar balandligini ko'rsatadi”.

Alloh taolo xohlagan bandasiga behisob rizq bersa, xohlagan bandasini etishmovchilik, moliyaviy muammolar bilan sinaydi. Shuning uchun kishilik jamiyatini qarz oldi-berdisiz tasavvur qilish mumkin emas. Qush tirikchilik qilishi uchun qanot qoqishga majbur bo'lganidek, rizq topish, mol-dunyoni qo'lga kiritishi uchun insondan ham ma'lum bir sa'y-harakatlar talab etiladi. Ularning mashru' yo'llarini belgilab berish esa dinning vazifasidir.

Alloh taolo Qur'oni karimda mol-dunyo topish, tirikchilik qilish uchun harakat qilish lozimligi haqida ko'pgina oyatlar nozil qilgan: «Va kunduzni tirikchilik qilib qo'ydik» (Naba surasi, 11-oyat). «Namoz tugaganidan so'ng er yuzi bo'ylab tarqaling va Allohning fazlidan talab qiling hamda Allohni ko'p zikr qiling. Shoyadki, zafar topsangiz» (Jum'a surasi, 10-oyat).

Ba'zilar dinda mol-dunyo, boylik qoralangan deb o'ylashadi. Ammo bu dinimizning mohiyatini, ilohiy hikmatlarini noto'g'ri tushunish oqibatidir. Islomda mol-dunyoning o'zi emas, balki unga o'ch bo'lish, ruju qo'yish va natijada Alloh kafolatlab qo'ygan rizqni deb toat-ibodatdan chalg'ish, gunohga botish qoralangan. Agar dinimizda mol-dunyo qoralagan bo'lsa, shariatimizda sadaqa, xayr-ehson, zakot, haj kabi moliyaviy ibodatlar joriy qilinmagan bo'lur edi.

Alloh taolo Baqara surasining 282-oyatida bunday marhamat qiladi: «Ey imon keltirganlar! Bir-biringizdan biror muddatga qarz olib, qarz bersangiz, uni yozib qo'yingiz!».

Ma'lumki, bugungi kunda moliyaviy muomalalarga oid barcha muhim ishlar notarial idoralar tomonidan guvohlar huzurida yozib, rasmiylashtirilsagina qonuniy kuchga ega bo'ladi. Shunday qilinsa, hech kim norozi bo'lmaydi, hech kimning haqqiga tajovuz qilinmaydi. Qur'oni karim esa bundan o'n besh asr oldin bu qoidani go'zal va mukammal tarzda, hech bir to'ldirishga o'rin qoldirmay bayon qilib bergan.

«Orangizda bir kotib uni adolat bilan yozsin». Demak, qarz haqidagi tilxatni qarz berayotgan odam ham, olayotgan odam ham yozmaydi. Buni betaraf, xolis odam – kotib yozsin. Taomil shunday.

«Hech bir kotib Alloh bildirganidek qilib yozishdan bosh tortmasin».

Afsuski, ushbu ilohiy qonundan uzoqlashilgani bois bugungi kunda qarzni vaqtida ado etmaslik jamiyatda odatiy hol bo'lib qolgan. Qayerga qaramang, juda ko'plab nizo, urush-janjal, qarindosh-urug', do'st-yorlar orasining buzilishi, hatto og'ir jinoyatlar qarz muammolaridan kelib chiqmoqda. Aql bovar qilmas darajadagi katta qarzlar bir necha yillardan beri to'lanmagan. Kimdir qarz bergan, kimdir olgan, ammo quruq so'zga ishonib, yalinib-yolvorganiga rahmi kelib, na guvoh chaqirilmagan, na kimdir biron narsa yozgan. Endi esa omonatga xiyonat yuzaga keladi – qarz beruvchi talab qiladi, oluvchi bermaydi. Mabodo kimdir o'rtaga tushgan bo'lsa, qarzini qaytarib ololmagan odam jon achchig'ida uning o'ziga yopishyapti, yaxshilik qilaman degan odam baloga qolib ketyapti. Shuning uchun ko'pincha odamlar bunday g'alvali masalaga aralashishdan, o'rtaga tushishdan o'zlarini olib qochadilar. Ammo Alloh taolo bir kishi guvohlikka chaqirilsa, Alloh bildirganidek yozishdan bosh tortmasin, deyilmoqda. Chunki bu savob ish. 

Alloh taolo bir mushkulini hal qilish uchun qarz olgan, so'ngra og'ir kunida yordam bergan birodarining omonatiga xiyonat qilmay, uni o'z vaqtida uzishga niyat qilgan kishiga yordamchi bo'ladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Kim odamlarning molini (qarzga) olib, uni ado etishni iroda qilsa, uni Alloh (O'z yordami ila) ado etadi. (Birovning molini) yo'q qilishni niyat qilib olgan odamni Alloh yo'q qiladi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, qarz olmoqchi bo'lgan odam, avvalo, niyatini to'g'rilashi lozim ekan. Agar u «Allohim, shu birodarimdan qarz olyapman, uni qaytarishga O'zing yordam ber» desa, Alloh taolo qarzni qaytarishga albatta yordam beradi. Lekin «Boyga balo urarmidi, topganda beramanda» deb olsa, Alloh taolo uning o'zini yo'q qiladi.

Hayotda bunday holatga ko'p marta guvoh bo'lganmiz. Odamlarni aldab, ishonchiga kirib, nayrang yo'li bilan pul olishni kasb qilganlarning balo-ofatlarga yo'liqib, yo'q bo'lib ketayotgani mazkur hadisi sharifning isbotidir.

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zimmasida qarzi bo'la turib o'lgan odamga janoza namozi o'qimas edilar. Bir mayyitni olib kelindi. Bas, U zot alayhissalom: «Uning zimmasida qarz bormi?» dedilar. «Ha, ikki dinor», deyishdi. «Sohibingizga o'zingiz janoza o'qing», dedilar. «O'sha ikkovi mening zimmamga, ey Allohning Rasuli», dedi Abu Qatoda. Shunda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam u(mayyit)ga janoza o'qidilar. Alloh o'z Rasuliga Fath ato qilganidan keyin: «Men har bir mo'min uchun uning o'zidan ham yaqinman. Kim qarz qoldirsa, uni ado etish mening zimmamda. Kim mol tark qilsa, merosxo'rlariga», dedilar». Bu hadisi sharif ham zimmasida qarzi bo'la turib o'lish o'ziga yarasha muomala talab qilishini ko'rsatadi. Ushbu hadisga amal qilaroq, hozirda ham har bir mayyitga janoza namozi o'qishdan oldin uning qarzi bor-yo'qligi so'raladi. Uning qarzlarini yaqin kishilardan biri o'z zimmasiga olganidan keyingina janoza namozi o'qiladi. Shariat hukmi bo'yicha biror mayyitning qarzini o'z zimmasiga oladigan kishi topilmasa, uning qarzi xazinadan uziladi. 

Qarz berish bandani Alloh taologa yaqin qiladigan amallardandir, chunki unda odamlarga rahm-shafqat qilish, ularning ishlariga engillik berish, g'amlarini aritish bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kim bir musulmonning dunyodagi g'amlaridan birini aritsa, Alloh uning Qiyomatdagi g'amlaridan birini aritadi. Kim qiynalib qolgan kishiga engillik qilsa, Alloh dunyo-yu oxiratda unga engillik qiladi. Modomiki banda birodarining ko'magida bo'lar ekan, Alloh uning ko'makchisi bo'ladi» (Imom Muslim rivoyati).

Alloh taolo qarzdorlar qarzlarini o'z vaqtida ado etishlariga muyassar aylasin, qarz va omonat borasidagi mas'uliyatni yaxshi biladigan omonatdor bandalardan bo'lishimizni barchalarimizga nasib qilsin.

Manbalar asosida

Ho'jaobod tuman “Yetti chinor”

jome masjidi imom  noibi

Muhammadquddus ABDULMANNON 

tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Umra – 2025/2026” mavsumi uchun nimcha va sumka tayyorlash bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi

14.07.2025   1944   2 min.
“Umra – 2025/2026” mavsumi uchun nimcha va sumka tayyorlash bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi

I. Tanlovda qatnashish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
 

  1. Tanlovda ishtirok etish bo‘yicha xat;
  2. Korxona guvohnomasi va rahbarining pasport nusxasi;
  3. Bankdan K-2 shaklidagi ma’lumotnoma;
  4. Erkak va ayollar uchun bittadan nimcha namunasi;
  5. Tijorat taklifi;
  6. Korxonaning so‘nggi bir yilda bankdagi pul mablag‘lari aylanmasi haqida ma’lumot;
  7. Bog‘lanish uchun telefon raqam.

 

Amaldagi qonunchilikka muvofiq zarurat bo‘lsa, qo‘shimcha hujjatlar talab etilishi mumkin.

 

II. Mahsulotlar (erkaklar va ayollar nimchasi) uchun qo‘yilgan talablar:

 

  1. Nimcha 50, 52, 54, 56 va 58 o‘lchamlarda tikilishi;
  2. Nimchalarning oldi tugmali bo‘lishi;
  3. Nimchaning orqa tomoni tepasida O‘zbekiston bayrog‘i tushirilgan bo‘lishi;
  4. Nimchaning orqa tomoni (bayroq tepasida) qismida lotin harflarida “UZBEKISTAN” yozuvi bo‘lishi;
  5. Bir dona nimcha og‘irligi 190-220 gramm zichlikda bo‘lishi;
  6. Nimchalar moviy (och ko‘k) rangda bo‘lishi;
  7. Ikki yonida cho‘ntak bo‘lishi;
  8. Old yuqori chap cho‘ntak ustida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazining logotipi bo‘lishi.

 

 III. Mahsulotlar (erkaklar va ayollar sumkasi) uchun qo‘yilgan talablar:

  1. Yorqin rangda bo‘lishi;
  2. Sumkaning og‘irligi 250-280 gramm zichlikdagi matodan bo‘lishi;
  3. Yon tomonda suv idish uchun cho‘ntak bo‘lishi;
  4. Oldi tomondan O‘zbekiston bayrog‘i va lotin harflarida “UZBEKISTAN” yozuvi bo‘lishi;
  5. Oldi tomonda shaxsiy ma’lumotlar uchun shaffof cho‘ntak bo‘lishi. 

 

Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan korxona va tashkilotlar 2025 yil 1 avgust kuniga qadar yuqoridagi talablar asosida hujjatlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasiga taqdim etishlari mumkin.

Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Qorasaroy ko‘chasi, 47-uy. Telefon: 71-240-04-75, 98-140-04-75

O'zbekiston yangiliklari