Faqihlarning barchasi namozda Fotiha surasining so'ngida “omin”ni aytish sunnat ekaniga ittifoq qilishgan. Ular “omin”ning duo ekani, ya'ni “Duolarimizni ijobat qil” ma'nosini bildirishi borasida ixtilof qilishmagan.
Shuningdek, ulamolar duo jahriy bo'lganidan ko'ra, maxfiy tarzda amalga oshirish afzal ekanini bir ovozdan ma'qullashgan. Zero, Alloh ta'olo Qur'oni karimda marhamat qiladi “Rabbingizga maxfiy va tazarru' ila duo qilinglar” (A'rof surasi, 55-oyat).
Biroq namozda Fotiha surasi ovoz chiqarib o'qilganidan so'ng “omin”, deyish borasida hanafiy va molikiy mazhabi ulamolari maxfiy aytish afzalligini aytganlar.
“Hidoya” asarida bu xususda quyidagilar aytilgan: “Imom “وَلاَ الضَّالِّينَ”ni aytib “omin” deydi va muqtadiy ham uni aytadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qachon imom “omin” desa, sizlar ham “omin” denglar», deganlar.
Hanafiy mazhabining “omin”ni maxfiy aytish sunnat ekani borasidagi dalillari quyidagilar:
– Imom Termiziy Alqama ibn Voildan, u o'z otasidan rivoyat qilgan hadisda: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam (غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلاَ الضَّالِّينَ) ni o'qidilar-da “omin”, dedilar va buni past ovozdaaytdilar» deyilgan.
Ushbu hadisdan Rasululloh Fotiha surasini baland ovoz bilan o'qib, “omin”ga kelganda, ovozlarini pasaytirganlarini tushunamiz. Hanafiylar mavzuga oid boshqa bir hujjat: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam (غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلاَ الضَّالِّينَ) ni tilovat qilsalar, “omin”, der edilar. U kishining ortida birinchi safda turgan odam eshitar edi», hadisini ham yuqoridagi dalilni izohlovchi sifatida tushunganlar. Ya'ni, “omin”ni imomga yaqin safdagi kishilargina eshitgani uni past tarzda aytilganini bildiradi.
– Shuningdek, “omin” duo bo'lib, Qur'oni karimda duoning asli maxfiy tarzda bo'lishi zikr etilgan. Alloh taolo marhamat qiladi: “Rabbingizga tazarru' qilgan va maxfiy holda duo qiling” (A'rof surasi, 55-oyat).
Imom Buxoriy rahimahulloh Ato roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda “omin” duo ekani aytilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ichida qilingan duo Ovovz chiqarib qilingan duoning etmishtasiga teng”, dedilar.
– Hanafiylarning “omin”ni maxfiy qilish afzal ekaniga sahoba va tobeinlarning amallaridan dalil keltirishgan. Jumladan, Imom Tabaroniy Abu Voildan qilgan rivoyatda: «Umar va Ali roziyallohu anhumo “Bismillahir rohmanir rohiym”ni ham, “omin”ni ham oshkora aytmas edilar», deyilgan.
Shuningdek, mavzu doirasidagi eng mashhur dalil Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qachon imom: “G'oyril mag'zduubi alayhim va lazddolliin”, desa: “Omiyn”, denglar. Chunki kimning omini farishtalar omini bilan muvofiq kelib qolsa, uning o'tgan gunohlari mag'firat qilinadi», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisda imomning ortidagilar “omin” aytishlari imomning Fotiha surasi yakuni “Valazzolliyn” kalimasini talaffuz qilishiga bog'langan. Agar imom “omin”ni baland ovozda aytishi kerak bo'lganida edi, uning ortidagilarning “omin” aytishlari imomning “Valazzolliyn” kalimasini talaffuz qilishiga bog'lanmas edi, balki imomdan “omin”ni eshitishlariga taqalar edi.
Sobirjon RUSTAMOV,
Shayxontohur tumani “Huvaydo” jome masjidi imom-xatibi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari