— Internet orqali o'zgalar bilan aloqa qilishda o'ziga tanlagan ismning go'zalligiga e'tibor berishi lozim.
— Internet orqali o'zgalar bilan aloqa qilishda shariat ruxsat bergan narsalarga amal qilib, man qilgan narsalardan chetda bo'lish asosiy qoida bo'lishi zarur.
— Internet orqali o'zgalar bilan aloqa qilishdan yaxshilik va taqvoda hamkorlik qilish hamda yomonlik va dushmanlikda hamkorlik qilmaslik shior qilib olinishi zarur.
— Internet orqali o'zgalar bilan aloqa qilishdan foydali maqsadni ko'zlash va befoyda ishlardan chentda bo'lish lozim.
— Internet orqali o'zgalar bilan aloqa qilishda musulmon insonning o'ziga taqvoni, yaxshilikni va go'zal xulqni lozim tutishi talab etiladi.
— Internet orqali o'zgalar bilan aloqa qilishda nomahramlar masalasida juda ehtiyot bo'lish kerak.
— Internet orqali o'zgalar bilan aloqa qilishda ish aynan internet orqali nikohlanishgacha etib bormasligi kerak.
— Internet orqali o'zgalar bilan aloqa qilishda yolg'on ishlatmaslik, soxtakorlik ila uydurma xabarlar, suratlar va video lavhalar tarqatmaslik talab etiladi.
— Internet orqali o'zgalar bilan aloqa qilishda xuddi ko'z ko'zga tushib turgandek, o'zini odob va axloq ila tutish lozim.
— Internet orqali o'zgalar bilan aloqa qilishda notanish kishilarni "Siz"lab ularga alohida hurmat ko'rsatish kerak.
— Internet orqali o'zgalar bilan aloqa qilishda bahs-munozara har qancha qizisa ham, birovga ozor berishga bormaslik kerak.
— Internet orqali o'zgalar bilan aloqa qilishda behuda tortishuvlarga yo'l qo'ymaslik, beodobliklarga qarshi kurashish yaxshi ishdir.
— Internet orqali o'zgalar bilan aloqa qilishda savdo ishlari olib borilsa oldin buning tafsilotini yaxshi o'rganib olish shartdir.
To'liq ma'lumot uchun Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohning
"Ijtimoiy odoblar" kitobining 254-261- betlariga qarang
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Zinhor ko‘nglingizni cho‘ktirmang..
Bilaman, hozir yelkangizga osmon qulab tushgandek.
Bilaman, kechalari uxlay olmayapsiz – fikrlar boshingizdan ketmaydi. Bir tarafda betob tan, bir tarafda qarz qog‘ozlari, yana bir tarafda odamlarning sovuq nigohi… Lekin shuni biling! Siz yolg‘iz emassiz. Alloh hech qachon bandasini tashlab qo‘ymagan. Faqat ba’zan imtihonni duoga aylantirib yuboradi.
Boshiga tashvish tushgan bandaga Alloh yaqin bo‘ladi. Tashvish kelgan uyga – Allohning nazari tushadi. Chunki quvonchda odam ko‘pincha Robbini unutadi, ammo dardda – qalb uyg‘onadi. Kimdir kasal bo‘ldi – tanasi sindi, lekin qalbi tozalandi. Kimdir qarzga botdi – g‘ururi sindi, lekin tavozesi o‘sdi. Kimdir odamlar tomonidan tashlab ketildi – lekin Alloh uni o‘ziga yaqin qildi. Alloh ba’zi bandalarini sindirib tarbiyalaydi so‘ng yuksaltiradi, boshqalarini esa erkalab qattiq sinaydi.
Betoblik – jazo emas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Musulmonga yetadigan kulfat, mashaqqat, tashvish, mahzunlik, aziyat, g‘am hatto unga kiradigan tikan sababli Alloh uning xatolarini kechiradi” (Imom Muslim rivoyati).
Qanchadan-qancha solih zotlar bor – yillar kasal bo‘lib yashagan, lekin birgina nolish og‘zidan chiqmagan. Ular bilishardi: og‘riq tanada bo‘lsa ham, savob daftariga yoziladi. Bir kishi Hasan Basriy rahimahulloh huzuriga kelib dedi:
– Ey imom, boshimdan ketma-ket musibatlar tushyapti. Kasallik, qarz, odamlarning sovuqligi… Nega Alloh meni bunchalik sinayapti? Hasan Basriy yig‘lab bunday dedi:
– “Ey birodar! Agar podshoh seni tez-tez huzuriga chaqirsa, bu seni yomon ko‘rganidanmi yoki yaxshi ko‘rganidan?”.
U kishi: – Albatta, yaxshi ko‘rganidan, dedi.
Hasan Basriy aytdi: “Alloh ham bandani sinab, huzuriga chaqiradi. Chunki musibat – bandani Alloh eshigiga olib keladigan eng tez yo‘ldir”.
Qarz – xorlik emas, sabr maktabi qarzga botgan odamni odamlar yerga uradi. Lekin osmon – unga rahm bilan qaraydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarzdor kishi uchun ko‘p duo qilganlar. Chunki qarz – nafsni sindiradi, insonni yolg‘iz Allohga suyanishga o‘rgatadi.
Bugun qo‘lingiz qisqa bo‘lsa ham, qo‘lingiz duoda bo‘lsin. Zero, duo – qarzdan tezroq yetib boradi.
Ko‘ngilni cho‘ktirmang… aynan hozir umid kerak. Eng xavfli narsa – kasallik emas, qarz emas. Eng xavfli narsa – umidsizlik. Shayton sizni shunga undaydi: “Endi bo‘ldi, chiqish yo‘q…”. Qur’on karimda esa bunday deyiladi: “Mahzun bo‘lma, albatta Alloh biz bilan birgadir” (Tavba surasi, 40-oyat).
Ehtimol, bugun yig‘laysiz. Ammo ertaga: “Yaxshiki sabr qilgan ekanman”, deydigan kun ham keladi. Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh bunday deganlar: “Alloh bandani yaxshi ko‘rsa, uni dard bilan band qiladi. Chunki dard bandani Robbiga yaqinlashtiradi. Agar bandaga dunyoni keng qilib bersa, u bandani unuttirib qo‘yishi mumkin”.
Keyin yig‘lab qo‘shganlar: “Ba’zi bandalar bor, agar sog‘lom va boy bo‘lsa, halok bo‘lardi. Alloh esa ularni kasallik va muhtojlik bilan jannatga sudraydi”.
Oxirida birgina iltijo… Zinhor ko‘nglingizni cho‘ktirman… Chunki cho‘kkan ko‘ngil – duodan uziladi. Duodan uzilgan qalb esa, eng katta yo‘qotishdir. Agar hozir faqat shuni ayta olsangiz ham yetarli: “Yo Allohim, ko‘tara olmaydigan yukni bermagin”. Mana shu so‘zning o‘zi – najotning boshi. Sira maxzun bo‘lmang… Alloh sinayotgan bandani yo‘qotmaydi, balki yuksaltiradi buni unutmang!
Nuriddin HAMRAQULOV,
Yakkasaroy tumani “Rahimjon hoji ota” jome masjidi imom noibi