Ayni kunlarda nafaqat yurtimizning taniqli ulamolari Toshkent shahridagi masjidlarga tashrif buyurishib, o'zlarining go'zal mav'izalari bilan namozxonlarni yaxshilikka chaqirmoqda, shu bilan birga, mo'min-musulmonlar ham olimlarimizni hayratga solishyapti.
Ana shunday uchrashuv poytaxtimizdagi "Siroj solih" jomesida bo'lib o'tdi. O'zbekiston musulmonlari idorasi Raisi o'rinbosari Ibrohim domla Inomov xazratlari masjidga tashrif buyurib, jamoat bilan peshin namozini ado etdi, keyin qavmga shukronalik tug'risida suhbat qilib berdi.
Darvoqe, bandalarini hamisha va har qachon shukr qilishga buyurgan Alloh taolo, birinchi navbatda, O'zini shukrni qabul qiluvchi deb atadi: «Agar shukr qilsangiz va imon keltirsangiz, Alloh sizlarni azoblab nima ham qiladi?! Alloh shukrni qabul etuvchi va biluvchi Zotdir» (Niso surasi, 147-oyat).
Aslida, biz qancha shukr qilsak ham kam. Chunki Rabbimiz bergan ne'matlarning shukrini to'liq ado eta olmaymiz.
Bishr Hofiy rahmatullohi alayh aytadi: «A'zolaridan faqat tili bilan shukr qilgan kishining shukri noqis bo'ladi. Chunki ko'zning shukri biror yaxshilik ko'rganda unga qarash, yomonlikni ko'rganda, ko'zni yumishdir. Quloqning shukri yaxshilikni eshitganda yod olish, yomonlikni esa unutishdir. Qo'llarning shukri noshoyitsa narsalarni ushlamaslikdir. Me'da (qorin)ning shukri halol narsalar bilan oziqlanish, aql va qalbning shukri esa ilm va hilm bilan ziynatlanishdir. Oyoqlarning shukri esa yaxshilikdan boshqa yo'lda yurmaslikdir. Kim mana shularni bajarsa, haqiqiy shukr qiluvchilardan bo'ladi».
Ulamolarning masjidlarga tashrifi davom etmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi «Zomin» jome masjidida diniy soha xodimlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tashkiliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Sirdaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman va shahar bosh imom-xatiblari, hudud masjidlari imomlari, otinoyilar, «Haj» ziyoratchilari hamda MFY raislari qatnashdi.
Uchrashuvda yurt tinchligini asrash, yosh avlodni milliy va diniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash hamda noxush holatlarning oldini olish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbir doirasida amaliy sa’y-harakatlar ham olib borildi:
Imom-xatiblar va otinoyilar mahallalardagi ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Jarayonda jami 112 ta xonadon (imom-xatiblar tomonidan 83 ta, otinoyilar tomonidan 29 ta oila) holidan xabar olinib, ularning muammo va takliflari o‘rganildi.
Fuqarolarga ma’naviy-ma’rifiy dalda berilib, zarur amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
O‘MI Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati