Alloh taolo mo'minlarni bunday vasf qiladi: «Mo'minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo'rquv bo'ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo'ladigan, O'zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan, namozni barkamol o'qiydigan va rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir. Aynan o'shalar haqiqiy mo'minlardir. Ular uchun Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)» (Anfol surasi, 2–4-oyat).
Demak, haqiqiy mo'minlar yuksak sifatlarga ega bo'lgan kishilardir: «...Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo'rquv bo'ladigan...»
Banda doimo Alloh taoloning zikri bilan mashg'ul bo'lishi kerak. Bu haqda Qur'onda bunday marhamat qilinadi: «Ey imon keltirganlar! Allohni ko'p zikr qilingiz va ertayu kech Unga tasbeh aytingiz! (Ahzob surasi, 41-42-oyat); «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»(Baqara surasi, 152-oyat).
Darhaqiqat, musulmonning butun hayoti, qalbi, tili, o'y-xayo¬li Alloh taologa bog'langan bo'ladi. Zikr bandani Rabbisiga eng oson va tez yaqinlashtiruvchi yo'ldir. Banda o'z Rabbisining zikri ila umr kechirar ekan, hayoti oso¬yishta va xotirjam bo'ladi.
«...Oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo'ladigan...». Banda Qur'onni qanchalik ko'p tinglasa va tilovat qilsa, uning ma'nolarini tafakkur qilsa, imoni shuncha mustahkam bo'ladi.
«...O'zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan...». Allohga tavakkul qilish haqiqiy mo'minning sifatidir. Alloh bunday marhamat qiladi: «Osmonlar va Yerning g'aybiy siri (ularning ilmi) Allohga xosdir. Barcha ish Ungagina qaytarilur. Bas, Unga ibodat qiling va Unga tavakkul eting! Qilayotgan ishlaringizdan (esa) Rabbingiz g'ofil emasdir» (Hud surasi, 123-oyat).
Mo'min banda har bir ish Allohning irodasi ila bo'lishiga imon keltiradi, shu sababli har bir ishini Allohga tavakkul qilgan holda bajaradi.
«...Namozni barkamol o'qiydigan...». Haqiqiy mo'minlar namozni benuqson ado etishadi.
«...Rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir...». Mo'min qo'lidagi barcha narsa Allohning unga bergan omonati ekanini biladi. Shu bois, Alloh rozi bo'ladigan yo'llarga sarf qiladi, qo'lidagi boylikning ko'p yoki ozligidan quvonmaydi, balki xolis Alloh yo'lida sarflaganidan sevinadi.
Alloh yo'lida sarf qilingan boylik aslo kamaymaydi, aksincha, yanada ko'payadi. Alloh bunday marhamat qiladi: «Alloh yo'lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go'yo bir donga o'xshaydiki, u har bir boshog'ida yuztadan doni bo'lgan ettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko'paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon Zotdir» (Baqara surasi, 261-oyat).
Demak, ushbu oyatning boshida keltirilgan sifatlarga ega bo'lgan musulmon haqiqiy mo'min nomiga loyiqdir va ular uchun «...Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)...».
Haqiqiy mo'minlardan bo'lishni istagan banda o'z nafsini taftish etishi lozim. Zikr etilgan sifatlarning bandada mavjud bo'lishi mo'minning komilligidandir. Barchamiz Alloh taolo huzuridagi ulug' darajalarga ana shu sifatlar bilan erishishga harakat qilmog'imiz zarur.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Savol: Ba’zi yemakxonlar taom yetkazib berishni kechiktirgani uchun buyurtmadan tashqari qo‘shimcha taom taqdim etar ekan. Shu ish joizmi? Agar reklamada qo‘shimcha bepul taom berish emas, balki yetkazib berilgan taomning pulini olmaslik aytilgan bo‘lsa, hukm qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
1. Taomga buyurtma berish bitimi shariatdagi istisno’, ya’ni buyurtma asosida ma’lum mahsulotni tayyorlab berish shartnomasiga to‘g‘ri keladi. Agar savoldagi shart faqat reklamada aks etib, buyurtma jarayonida alohida bunday shart qo‘yilmasa, sotuvchi tarafidan berilgan bu va’da joiz hisoblanadi va unga vafo qilishi kerak bo‘ladi.
Agar buyurtma berishda yetkazib berish kechikishi sababli qo‘shimcha taom berish sharti qo‘yilsa, bu shartnomaning bir qismiga aylanadi. Bitimdagi bunday shart moliyaviy jarima sanaladi. Mahsulot tayyorlab berish (istisno’) bitimida sotuvchiga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llashga ruxsat etiladi.
Demak, qo‘shimcha bepul taom berish va’da ko‘rinishida bo‘lsa ham, shartnomada aks etgan bo‘lsa ham joiz ekan.
2. Yetkazib berish kechiksa, buyurtma qilingan taomning pulini olmaslik faqat reklamada aks etib, buyurtma jarayonida bunday shart qo‘yilmasa, bu ham sotuvchi tarafidan berilgan va’da bo‘ladi va joiz hisoblanadi. Ammo buyurtma berish jarayonida yuqoridagi shart qo‘yilsa, bu shartnomaning bir qismiga aylanadi. Shartnomada esa buyurtma summasidan voz kechish shartini qo‘yish durust emas.
Demak, buyurtma qilingan taomning pulini olmaslik va’da ko‘rinishida bo‘lsa joiz, bitimda shart qilinsa, joiz emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi