O'zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ko'magida Birmingem universiteti qoshidagi Cadbury Research Library va Britaniya kutubxonasi vakillari bilan onlayn uchrashuvlar o'tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Britaniya tomoniga O'zbekiston musulmonlari idorasining ilmiy faoliyati, shuningdek, O'zbekiston kutubxona to'plamlarida saqlanayotgan 100 mingdan ortiq nodir qo'lyozmalarni saqlab qolish bo'yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi.
Suhbatdoshlar Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Horazmiy va boshqa Sharq Uyg'onish davri olimlarining ilm-fan rivojiga qo'shgan muhim hissasini alohida ta'kidladilar. O'zbekiston hukumatining olimlarning ilmiy asarlarini saqlash va ommalashtirish borasidagi sa'y-harakatlari yuqori baholanib, hamkorlikni yo'lga qo'yishga tayyorligi bildirildi.
Britaniya kutubxonalari va O'zbekiston musulmonlari idorasi tadqiqotchilari o'rtasida, jumladan, Britaniya kutubxonasi va «Cadbury» kutubxonasida saqlanayotgan nodir qo'lyozmalarni o'rganish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar orqali ilmiy aloqalarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Birmingem universitetida o'zbek mutaxassislarining ilmiy-tadqiqot stajirovkalarini tashkil etish, qo'lyozmalarni saqlash, tiklash, kataloglashtirish va raqamlashtirish sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar o'zaro tashriflar chog'ida qo'shimcha asosli muzokaralarni, xususan, O'zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasining 2022 yil fevral' oyida Buyuk Britaniyaga tashrifini o'tkazishga kelishib oldi.
British Library kataloglashtirilgan buyumlar soni bo'yicha (200 millionga yaqin), jumladan, tarixiy kitoblar, xaritalar, qo'lyozmalar va boshqalar bo'yicha dunyodagi eng yirik milliy kutubxona hisoblanadi. Kutubxonaga har yili 1,6 millionga yaqin o'quvchi tashrif buyuradi. «Cadbury» - Birmingem universiteti qoshidagi tadqiqot kutubxonasi hisoblanadi. Unda 20 tildagi katta qo'lyozmalar to'plami (3 mingdan ortiq) mavjud. Kutubxonaning eng mashhur eksponati VII asrda yozilgan Qur'on qo'lyozmasi (The Birmingham Qur’an Manuscript) hisoblanadi.
O'zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati
Sayyor yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabirigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Shu yil 17 iyul kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov boshchiligida O‘rta Chirchiq tumanidagi «Usmon ota» jome masjidida tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng tumandagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Bunday tadbir qamrovi kengligi bilan alohida ahamiyat kasb etyapti. Gap shundaki, tadbir doirasida bir oila 12 nomdagi turli adabiy-badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Tumandagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Usmon ota» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati