26 noyabr' kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Qozog'iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqoti bo'lib o'tdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Elboshini yaqinlashib kelayotgan bayram - Qozog'iston Respublikasining Birinchi Prezidenti kuni bilan tabriklab, mustahkam sog'lik, farovonlik va yangi zafarlar, birodar Qozog'iston xalqiga bardavom taraqqiyot va ravnaq tiladi.
Nursulton Nazarboyevning zamonaviy Qozog'istonni barpo etish, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishdagi tarixiy o'rni va ulkan shaxsiy hissasi qayd etildi.
Mamlakatlarimiz o'rtasidagi do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari bugun yuksak darajaga ko'tarilgani mamnuniyat bilan ta'kidlandi.
Joriy yil boshidan o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshdi, ikki mamlakatning etakchi kompaniya va korxonalari o'rtasidagi sanoat kooperatsiyasi kengayib bormoqda. Bugun Turkiston shahrida O'zbekiston va Qozog'iston hukumatlari rahbarlari ishtirokida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig'ilishi va Hududlar forumi o'tkazilmoqda.
Bundan tashqari, madaniy-gumanitar almashinuvga doir muhim dasturlarni amalga oshirish faol davom ettirilmoqda.
Telefon muloqoti chog'ida ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi, bo'lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ko'rib chiqildi.
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati