Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Fevral, 2026   |   6 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:49
Quyosh
07:07
Peshin
12:41
Asr
16:23
Shom
18:10
Xufton
19:22
Bismillah
23 Fevral, 2026, 6 Ramazon, 1447

Insonni qadrlash – islomiy odob

26.11.2021   4243   3 min.
Insonni qadrlash – islomiy odob

 

Alloh taolo odamzotni azizu mukarram qilib yaratgan. Uning sha'nini ulug'lab, er yuzidagi barcha narsalarni uning manfaati uchun paydo qilgan. Insonning sha'niga, moliga, joniga nohaq tajovuz qilishni harom qilgan. Qur'oni karimda bunday deyiladi:

“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo'ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O'zimiz yaratgan ko'p jonzotlardan afzal qilib qo'ydik” (Isro surasi, 70-oyat).

Inson – hayot gultoji. Uning qadri, hurmati har doim e'zozga loyiq. Halqimizga xos xislatlar haqida gap ketsa, albatta, qadr-qimmat, mehr-oqibat kabi fazilatlar tilga olinadi. Keksalarni ardoqlash, ko'makka muhtojlarning hurmatini joyiga qo'yish qon-qonimizga singib ketgan fazilat. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Kichiklarimizga rahm-shafqatda va kattalarimizga hurmat va izzatda bo'lmaganlar bizdan emas”, — dedilar. (Imom Termiziy). Ushbu muborak hadisi sharif o'zbek xalqining ongu-shuuriga singib ketgan, urfu-odatiga aylanib bo'lgan. O'sib kelayotgan yosh avlodni ma'naviy muhitini sog'lomlashtira olsak, insonning qadr va sha'niga bo'lgan hurmatning asosini mustahkamlagan bo'lamiz. Islomda insonning qadr-qimmati qalbining pokligi, undagi iymon-ixlos va qilgan yaxshi amallari bilan o'lchanadi. Islom nazarida qalbi pok, iymonli inson dunyodagi barcha go'zal suratlardan go'zaldir, mo'min insonning solih amali dunyodagi barcha molu dunyodan ustundir. Alloh taolo insonni tashqi suratiga qarab emas, qalbining pokligiga qarab baholaydi. Alloh taolo insonni molu dunyosiga qarab emas, solih amaliga qarab taqdirlaydi. Inson qadrini o'lchashning ana shu ilohiy mezonlari ishga solingandagina insonlar o'zlarining haqiqiy qadrlarini topadilar. Ana shunda har bir inson iloji boricha qalbini poklashga, solih amal qilishga intiladigan bo'ladi. Turli o'tkinchi hoyu-xavaslar, molu dunyoga hirs qo'yishlar o'z ahamiyatini yo'qotadi. Ana o'sha ilohiy, odil o'lchov tufayli qora tanli qul Bilol Habashiy inson zoti musharraf bo'lmagan sharafga, ya'ni Ka'bai Muazzama ustiga chiqib, ilohiy madhiya − azon aytishga erishdi.

Shuning uchun ham, inson qadr-qiymatini o'lchashni shariat o'z zimmasiga olgan. Shariat o'lchovi bo'yicha inson qadr-qiymati uning molu-puliga qarab emas, mansabiyu nasabiga qarab emas, taqvosi va ahli solihligiga qarab o'lchanadi.

Bir dona taqvodor, ahli solih kambag'al Islom dini nazarida er yuzi to'la boyyu-badavlat fosiqlardan ko'ra afzal.

Inson o'z qadrini bilishi uchun ma'rifat soxibi bo'lishi kerak. Inson o'z qadriga nomunosib ishni o'zgaga xam ravo ko'rmasligi va o'z qadriga noloyiq sharoitga rozi bo'lmasligi kerak. Qadrlasang qadr topasan, qadrlanasan, - deydi xalqimiz. Bu dunyoda o'zgalarni qadrlab va qadrlanib yashash barchamizga nasib qilsin.

 

Yangiyo'l tumanidagi Imom sulton jome masjidi imom xatibi

Odiljon Narzullayev

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ariq va zovur: ular tozaligi hammaga zarur

21.02.2026   4917   6 min.
Ariq va zovur: ular tozaligi hammaga zarur

Inson o‘zini eng bexavotir, emin-erkin sezadigan maskani uning uyidir. U o‘z uyida boshqaning nazari tushishidan, gaplari eshitilib qolishidan xavfsiramay, aziyat chekmay yashashi kerak. Aks holda, uning uyidagi rohat-farog‘ati ketadi, halovati yo‘qoladi. Donishmandlarning: «Uying sig‘dirsin», ‒ deb qilgan duo qilishlarida ajib hikmat yashiringan. Hattoki, zamonaviy qonunlarda uy-joy daxlsizligi haqida alohida moddalar mavjud. Axloqimizda esa birovning xonadoniga, huzuriga iznsiz nazar solgan, ruxsat so‘ramay kirgan kishi qattiq qoralanadi va odamlar bu yomon ishdan hamisha qaytarib kelingan. 
 

Maskan ‒ har kim uchun muqaddas. Maskan so‘zi “yashash, sokinlik topish joyi” degan ma’noni anglatadi. Chunki u “sukun” so‘zi bilan o‘zakdosh. Bizda insonning o‘z oilasi bilan birga yashaydigan joyi “maskan” deyiladi. Inson hayotida xavfu xatardan omonlik topish, issiq-sovuqdan pana bo‘lish, molu mulkini daxlsiz saqlash, ahli ayoli bilan farog‘atda yashash, hayotdagi mashaqqatlar va charchashlardan dam olib, rohat topish uchun, qisqa qilib aytganda, barcha narsalardan sokinlik topish uchun bir maskanga muhtoj bo‘ladi. Shuning uchun ham Rasululloh (s. a. v.) keng maskan musulmon kishining saodati omillaridan biri ekanini o‘z hadislarida bayon etganlar.
Nofe’ ibn Abdulhorisdan shunday rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar (a. s.): «Keng maskan, solih qo‘shni va yaxshi ulov (markab) musulmon kishining saodatidandir», dedilar».


Albatta, maskan – turar joy odam bolasi umrining ko‘p qismini o‘tkazadigan yer. Umrning eng nozik va mas’uliyatli qismi odamning shaxsiy maskanida o‘tadi.


Maskanning keng bo‘lishi yashash sharoitining qulayligi ma’nosidadir. Kishi o‘z uyida yashash uchun barcha sharoitlarga ega bo‘lsa, saodatli bo‘lishi turgan gap. Umrining ko‘p qismi o‘tadigan maskanda o‘zi uchun kerak bo‘lgan barcha qulayliklar mavjud bo‘lsa, albatta, bu narsa ham saodat omillaridan biri bo‘ladi.


Inson dunyo hayotida yashar ekan, turli holatlarga duch keladi. Charchaydi, asabiylashadi, dam olgisi keladi, uxlaydi va hokazolar. Shunday paytlarda uning o‘z uyi o‘lan to‘shagiga aylanadi. Jamoatchilik joylari, safarda, mehmonxona yoki ijaraga turgan yerida kerakli sokinlikni topa olmaydi. O‘z uyiga esa bemalol kirib boradi, yechinadi, orom topadi, hordiq chiqaradi. Shuning uchun ham islomda keng maskan kishi saodati omillaridan biriga qiyoslangan.

Maskanning inson hayotidagi ulkan ahamiyati va zarurati e’tiboridan shariat musulmon insonlarga bu borada o‘ziga xos odoblarni joriy qilgan. Mazkur odoblar insonning o‘z maskanida baxt-saodat, huzur-halovat ila yashashini to‘la ta’minlaydi.


Inson yashaydigan maskanda, xususan, qshloq yerlarda ariq va zovurlar ko‘p bo‘ladi. Suv o‘tgan joy haddan tashqari toza bo‘lishi kerak. Agar agar ariq va zovurlarga qaralmasa, ular vaqti-vaqti bilan qazib, tozalanib turmasa, buning ustiga, har kim suvga har narsa oqizsa, axlat tashlasa, o‘t-o‘lanlardan tozalanmasa, aynan ana shu eng toza narsa amalda eng ko‘p mikrob tarqatadigan va bakteriya to‘playdigan joyga aylanishi hech gap emas. Hatto, shaharlar ichidan oqib o‘tgan ariqlar ham ba’zan juda qarovsiz holga tushib qolishiga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Qarasangiz, uning chetidagi o‘t-o‘lanlarga nimalar ilakishib yotmaydi, eski ichki kiyimlar deysizmi, mushuk yo itning o‘ligi deysizmi, polietilen idishlar deysizmi... ‒ eh-he yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Bunday suv inshootlari atrofida pashsha bilan chivin, chigirtka va bilan qutsrbaqa ham ko‘paygandan ko‘payadi.


Mana bu hadislarning ma’no-mazmuniga e’tibor beraylik:

Abu Barza Aslamiydan (r. a.) rivoyat qilinadi:

“Ey Allohning Rasuli! Meni jannatga kiritadigan amalga yo‘llab qo‘ying", dedim. “Odamlarning yo‘lidagi ozor beruvchi narsani olib tashla” , – dedilar”.

Abu Hurayradan (r. a.) rivoyat qilinadi:

“Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam: “Bir odam yo‘lda yotgan tikanning oldidan o‘tib qoldi. “Albatta, mana shu tikanni olib tashlayman, birorta musulmon odamga zarar yetkazmasin”, dedi. Shu bois uning gunohlari mag‘firat qilinadi”,– dedilar”.

Abu Zarrdan (r. a.) rivoyat qilinadi: 

“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Menga ummatimning amallari namoyish qilindi – yaxshisi ham, yomoni ham. Ummatimning eng yaxshi ishlaridan biri yo‘lda yotgan ozor beruvchi narsalarni olib tashlash ekanini ko‘rdim. Ularning eng yomon ishlaridan biri masjidda ko‘milmay qolgan balg‘am ekanini ham ko‘rdim”, dedilar.


Ozodalik eng oliy darajada targ‘ib qilingan muqaddas islom dini ariq va zovurlarni ham toza tutishni talab qiladi. Dinimizda suvga tuflash qanchalar katta gunoh sanaladi.


Rasululloh (s. a. v.): «Albatta, Alloh xushholdir – xushhollikni yaxshi ko‘radi, pokdir – pokliklikni sevadi, saxovatlidir – saxovatni yaxshi ko‘radi, saxiydir – saxiylikni sevadi. Bas, hovlilaringizni ozoda tuting!..” ‒ deganlar. Bu hadis bandalardan hovli-joylar, ko‘cha-ko‘ylar, demakki, ariq-zovurlarni ham toza- ozoda tutishga chaqiradi.


Keyingi yillarda yurtimizda anhor va ariqlar atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Yillar mobaynida ayrim fuqarolar o‘zboshimchalik bilan ana shunday oqar suvlar qirg‘oqlariga noqonuniy inshootlar qurib olib, bulardan o‘z manfaatlari uchun foydalanib kelishgan. Bu masalalar  qonun doirasida hal qilindi.


Qur’oni karimda va hadisi shariflarda suv va uni qadrlash bilan bog‘liq ko‘p-ko‘p ma’lumotlar bor. Ularning bari bizdan ariq va zovurlarni toza-ozoda saqlashimizni talab qiladi. 

Abdulg‘afur Razzoqov,

Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi

 

Ibratli hikoyalar