Bugun, 25 noyabr' kuni Qozog'istonning Nur-Sulton shahrida Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasi tomonidan mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga bag'ishlangan “Mustaqil Qozog'iston va islom qadriyatlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya boshlandi.
Anjumanda Qozog'istonning mustaqillik yillarida ma'naviy sohada erishgan yutuqlari, Qozog'istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Islom dini rivoji va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga qo'shgan hissasi hamda Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Tokayev tashabbusi bilan bog'liq masalalar muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, qo'shni va xorij mamlakatlar bilan do'stona aloqalar, mo'min-musulmonlarning ittifoqligi yo'lida diniy peshvolar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va hamkorlik aloqalarining yangi bosqichi to'g'risida so'z bormoqda.
Ushbu nufuzli tadbirda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari, Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Shayx Ravil Gaynutdin, Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasi raisi, Shayx-ul Islom, muftiy Talgat Safo Tajuddin, Qirg'iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Zamir hoji Rakiyev, Tojikiston islom markazi raisi, muftiy Saidmukarram Abduqodirzoda hazratlari, Mo'g'iliston musulmon tashkilotlari ittifoqi raisi Hadis Botirbek hoji, Qozog'istondagi “Nur-Muborak” Misr islom madaniyati universiteti rektori Muhammad ash-Shahhat al-Jindiy, Rossiya Oltoy Respublikasi musulmonlari diniy boshqarmasi muftiysi, Osiyo musulmonlari diniy boshqarmasi raisi Janbolat Oxtaubayev, Omsk va Omsk viloyati raisi Bota Bakulin singari Islom olamining martabali ulamolari, muftiylari, ekspertlari va mahalliy yirik din peshvolari qatnashmoqda.
Shuningdek, xalqaro anjumanda davlat va jamoat arboblari, ziyolilar, tarixchilar, xorijiy davlatlar elchilari, viloyatlar bosh imom-xatiblari ham ishtirok etmoqda.
Halqaro anjuman faoliyatini sayt va ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali kuzatib boring.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish maqsadida joriy yilning 29 iyun – 2 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Vladivostok shahrida xizmat safarida bo‘lishdi. Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi B.Asadov, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Bosh konsuli M.Xayriddinov kabi nufuzli vakillar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov ham ishtirok etdi.
Safar davomida Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Vladivostok shahridagi pasport-viza xizmatida, Vladivostok, Xabarovsk shaharlaridagi o‘zbek diasporasi rahbarlari va Primorsk o‘lkasidagi o‘zbek diasporasi vakillari, o‘zbekistonlik talabalar, turli xizmatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan migrantlar bilan, Vladivostokdagi “Vladtorg” savdo kompaniyasida, Vladivostokda OOO “Viktoriya” qurilish firmasida, Primorsk o‘lkasidagi “Dobroflot” baliqovlash kompaniyasi zavodlarida xizmat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi.
“Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” kabi mavzularda o‘tgan suhbatlardan yurtdoshlarimiz kerakli tushunchalar hosil qilib, mamnun bo‘lishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati