Bugun, 25 noyabr' kuni Nur-Sulton shahrida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari “Mustaqil Qozog'iston va Islom qadriyatlari” nomli xalqaro anjuman oldidan Qozog'iston musulmonlari idorasi raisi, bosh muftiy Navro'zbay hoji Tag'anuli janoblari bilan uchrashuv o'tkazdilar.
Samimiy muloqot chog'ida Qozog'iston bosh muftiysi Navro'zbay hoji janoblari muftiy Nuriddin domla hazratlariga nufuzli anjumanga tashrif uchun tashakkur aytib, yangi lavozimga saylanganlari munosabati bilan muborakbod etib, xayrli duo va tilaklarni bildirdilar. O'z navbatida muftiy Nuriddin domla ham Navro'zbay hoji Tag'anuliga samimiy taklif, xayrli duo va tilaklar uchun minnatdorlik bildirib, u kishining din yo'lidagi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyat tiladilar.
Uchrashuv avvalida O'zbekiston bilan Qozog'iston o'rtasidagi hamkorlik diniy-ma'rifiy jabhada ham izchil rivojlanib, xalqlarimiz o'rtasidagi birodarlikni yanada mustahkamlanib borayotgani, bu ikki Davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli o'zaro munosabatlar yangi bosqichga ko'tarilgani alohida ta'kidlandi.
Qozog'iston muftiysi Navro'zbay hoji O'zbekistondagi tarixiy obidalar, muborak qadamjolar ziyoratchilarning dunyoqarashi va ruhiy olamini boyitishini mamnuniyat ila qayd etdi.
Muftiy Nuriddin domla O'zbekiston musulmonlari idorasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, mo'min-musulmonlarning diniy ehtiyojlarini qondirish, xususan Fatvo bo'limini kengaytirish, diniy savol-javoblarga ixtisoslashgan koll-markaz faoliyatini rivojlantirish va diniy ta'lim sifatini oshirish, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish kabi o'zgarishlarga alohida to'xtaldilar.
Muloqot yakunida O'zbekiston va Qozog'iston muftiylari ikki davlat rahbarlarining dinga muhabbatlari ziyodaligi bois mamlakatlarimizda Islom ma'rifatini keng taratish bo'yicha katta sa'y-harakatlar olib borilayotganini alohida e'tirof etishdi.
Marosim oxirida Qozog'iston bosh muftiysi Navro'zbay hoji O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlariga hadyalar ulashdilar.
Ikki davlat diniy idoralari raislari muloqotidan so'ng muftiy Nuriddin domla boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi vakillari Qozog'iston muftiysi naibi O'ngar domla Yershat Agibay o'g'li hamrohligida Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.












O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati