Bismillahir Rohmanir Rohiym
Inson hayotini birdek ravon, musibatlarsiz o'tishini istaydi. Shu sababli, ba'zilar boshiga biror kulfat etsa tushkunlikka tushadi, noumid bo'lib nima qilishni bilmaydi. Ba'zilar bu musibatlarning echimini topa olmaganidan siqilib folbinning huzuriga boradi, boshqasi esa ichkilikka beriladi. Natijada, o'ziga ham, yaqinlariga ham zarar etadi.
Har bir banda hayoti davomida turli qiyinchilik va musibatlarga duch keladi. Chunki bu hayot sinov va imtihonlardan iborat. Bu haqda Qur'oni karimda bunday ma'lum qilinadi: «Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo'li bilan sinagaymiz»(Baqara surasi, 155-oyat).
Darhaqiqat, Alloh taolo qiyinchilik va musibatlar orqali imonimizni sinaydi. Mol-mulkning kasodga uchrashi, bemor bo'lish, o'qish yoki ishdagi muvaffaqiyatsizlik kabilarning barchasi sinovdir. Ushbu oyat har qanday kishiga ham musibat etishi mumkinligiga dalolat qiladi. Biror bandaga etgan musibat Alloh taolo u bandani yomon ko'rganidan emas yoki aksincha, bandaga etgan ne'mat u bandani Alloh yaxshi ko'rganidan ham emas. Alloh taolo o'zi xohlagan bandasini goh yaxshilik bilan, ba'zan qiyinchilik bilan sinaydi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmonga qay bir musibat: charchashmi, bemorlikmi, tashvishmi, xafachilikmi, ozormi, g'am-g'ussami, hattoki tikan kirishmi etadigan bo'lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qilur”, dedilar» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Alloh taolo bandalarini yaxshilik bilan ham, yomonlik bilan ham imtihon qilishini, har bir ish faqat Uning irodasi bilan bo'lishini bilgan musulmon musibatlarda o'zini yo'qotib qo'ymaydi. Chunki Qur'oni karimda musibatlarning oson echimi ochiq-oydin bayon qilingan:
«...(Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey Muhammad)! Ularga musibat etganda:
“Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, – deydilar»(Baqara surasi, 155–156-oyat).
Musibat etganida Allohni eslash, istig'for so'rash va O'zidan umidvor bo'lish musibatning echimidir.
Yunus (alayhissalom) ana shu yo'l bilan musibatdan forig' bo'ldilar. Qur'oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Zunnun (Yunus)ning (o'z qavmidan) g'azablangan holda (qishlog'idan chiqib) ketib, Bizni unga qarshi chiqa olmaydi, deb o'ylagan paytini, so'ng (Biz uni baliq qorniga tashlaganimizdan keyin) qorong'i zulmatlar ichra: “Sendan o'zga iloh yo'qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o'zimga) zulm qiluvchilardan bo'ldim”, deb nido qilgan (paytini eslang!) Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik va uni g'amdan qutqardik. Biz mo'minlarga mana shunday najot berurmiz»(Anbiyo surasi, 87–88-oyat).
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, yosh diniy soha xodimlari bilan samimiy muloqot o‘tkazdi.
Suhbat davomida mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va ulardan samarali foydalanish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, yosh imomlarga quyidagi yo‘nalishlarda muhim tavsiyalar berildi:
Aholi va jamoatchilik bilan muloqot madaniyatini yuksaltirish;
Ta’sirchan va mazmunli ma’ruzalar tayyorlash hamda voizlik odobiga rioya qilish;
Masjidlar faoliyatini zamon talablari darajasida to‘g‘ri tashkil etish.
Muloqotda yosh diniy soha vakillarining jamiyatda tutgan o‘rni, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik, sof ma’rifat va ezgulik ruhida tarbiyalashdagi mas’uliyati yuqori ekani ta’kidlandi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Tadbir yakunida yosh mutaxassislar viloyat vakilligi va soha mutasaddilarining ish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati