Saudiya Arabistoni Qizil dengizda “Oxagon” deb nomlangan suzuvchi sakkizburchak shaklidagi shahar qurilishini e'lon qildi.
Mazkur loyihani tashkil etish bo'yicha “Neom” kompaniyasi tashabbus ko'rsatgan va qo'llab-quvvatlangan, uning direktorlar kengashiga valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon raislik qiladi, deyiladi kompaniya veb-saytida.
Taqdim etilgan ma'lumotlarga ko'ra, “Oxagon” shahri “Neom” kompaniyasi atrofida joylashgan bo'lishi va bu yangi tashkil etiladigan mintaqa kelajakda shunchalik o'sishni va'da qilmoqdaki, u N'yu-Yorkdan 33 baravar katta bo'ladi.
“Neom” ning markaziy qismi hali ham qurilayotgan shu nomdagi aqlli shahardir. “Neom” nomi “Neo” ("yangi") qismini va “m” arabcha "mustaqbal" ("kelajak") so'zining birinchi harfini o'z ichiga oladi.
Reklama videosida aytilishicha, “Oxagon” dengiz port va aeroportlari bilan dunyodagi eng ilg'or logistika markazlaridan biriga aylanadi. Shahzoda Muhammad bin Salmonning so'zlariga ko'ra, u “Oxagon” loyihasini, xususan, “Neom” va butun Qirollik miqyosida ham iqtisodiy o'sish katalizatori sifatida ko'radi.
Qizil dengiz bugungi kunda dunyodagi eng gavjum savdo yo'llaridan biri hisoblanadi. Shunday qilib, har yili jahon savdosining 10-12% Suvaysh kanali orqali o'tadi.
Istiqbolli suzuvchi “Oxagon” shahrining asosiy xususiyati uning hududidagi barcha ob'ektlar 100% toza energiyada ishlaydi. Mazkur g'oyani hayotga tatbiq etish qanchaga tushishi haqida hali xabar berilmagan.
“Neom” kabi “Oxagon” ning yaratilishi Valiahd, shahzoda Muhammad bin Salmonning “Vision 2030” – “ Nigoh 2030” nomli etakchi loyihaning bir qismidir. Saudiya Arabistoni milliy iqtisodiyotining neft qazib olish va ishlab chiqarishga bog'liqligini qisqartirish maqsadida 2030 yilgacha barcha tarmoqlarda yangi va istiqbolli zamonaviy islohotlar amalga oshishi kutilmoqda.
O'MI Halqaro aloqalar bo'limi
Islomning barcha – beshala ruknini ham bajargan odam chinakam saodatlidir. Ayniqsa, hojilik – alohida mas’uliyat talab etadigan maqom. Bu yil yurtimizdan 15 mingdan ziyodroq fuqaro ana shunday sharafga ega bo‘ldi.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Bugun, 14 iyul kuni poytaxtimizdagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, imom noiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdulvosid Xomitjonov, «Nuroniy« jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi Rustam Kalonov, Mahallalar uyushmasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Furqatxo‘ja Mahmudxo‘jayev, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etdi.
– Hojilarga katta ishonch bildirib, ular ma’naviyat targ‘ibotchilaridir, – deydi DIQ raisi birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov. – Hadisi sharifda: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), deyilgan. Shunday ekan, har bir hojiga o‘z hududidagi imom-xatib ko‘makchi bo‘lib, mahallama-mahalla yurib, aholiga, ayniqsa, yoshlarga pandu nasihatlar qilishlari zarur. Chunki hojilarning so‘zlari ta’sirchan bo‘ladi. Farzandlarimizning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olishda ularning xizmatidan foydalanishimiz kerak. Hojilarimizning sa’y-harakatlari bilan xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yanada oshadi.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali hojilarimiz jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lmoqdalar.