Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

Ibn Taymiya tasavvufga qanday qaragan?

25.11.2021   1393   4 min.
Ibn Taymiya tasavvufga qanday qaragan?
Bugungi kunda tasavvuf va tariqatni to'liq rad qilib, so'fiylarni inkor etib, ularni bid'atda ayblab, adashgan firqalar qatoriga qo'shib, ularning amallarini esa botillikka yo'yib kelayotgan ayrim toifalar borki, odamlar ko'r-ko'rona bu aldovlarga uchib qolmoqda. Bu guruhlarning boshida ba'zi bemazhablar qatori salafiylikni da'vo qilayotgan soxta salafiylar ham bor. 
 
Barchaga ma'lumki, soxta salafiylar sahobalarning yoki tobe'iynlarning, mujtahidlarning yoxud valiylarning so'zlaridan ham ko'ra o'zlarining g'oyaviy rahnamosi – Ahmad ibn Taymiyaning (1263–1328) fikrlarini qo'llab-quvvatlashadi. Bu zotning har bir fatvosi yoki gapini jon dili bilan qabul qilishadi va hayotlarining shioriga aylantirishadi.
 
Ming afsuslar bo'lsinki, ular g'oyaviy rahnamolarining tariqatga daxldor ekanliklarini va tasavvuf ahllarining fikrini ma'qullaganlarini bilishmaydi. Yoki bilsalar ham odamlardan sir tutishga urinishadi. Buning sababi ularning o'zlariga ayon.
Darhaqiqat, Ibn Taymiya bir qancha aqidaviy masalalarda Ahli sunna val jamoa e'tiqodiga zid ish tutgan bo'lsalar-da, biroq o'zlari qodiriya tariqatiga mansub bo'lib, tasavvuf va tariqat sarchashmasidan istifoda etganlari kundek ravshan. Biror marta tasavvufni yomonlamagan, tanqid qilmagan, shirk deb bilmagan, salbiy munosabatda bo'lmagani ham o'z isbotini topgan.
 
Jumladan, o'zining «Mas'ala at-Tabriziyya» («Tabrizliklar masalasi») nomli kitobida faxr bilan: «Menga Shayx Abdulqodir (Jiyloniy)ning muborak hirqalari kiydirildi. Men va u zotning o'rtasida (silsilada) ikki kishi bordir», deganlar. O'sha ikki kishi – Muvaffaquddin Ibn Qudoma va Ibn Abu Umar rahimahumalloh bo'ladilar.
 
Qolaversa, Ibn Taymiya tasavvuf to'g'risida ikkita kitob ham yozganlar. Birinchisi «at-Tasavvuf» («So'fiylik»), ikkinchisi esa «as-Suluk» («So'fiylik yo'li») deb nomlanadi. Alloma har ikkala kitobda tasavvufni yomonlamasdan balki uning foydali ekanligini bir qancha misollar bilan ko'rsatib berganlar. 
 
Shuningdek, boshqa asarlarida ham bunga alohida urg'u qaratib o'tganlar:
«Muhaddislar, faqihlar va so'fiylarning jumhuri Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olib kelgan narsaga ergashadilar. Ulardan keltirilgan (ular bitib qoldirgan) kitoblar va  asarlar ilmdandir. Ular risolatga haqiqiy ergashuvchilar bo'lib, unga hech bir narsada xilof qilmaydilar» «Majmu' al-Fatavo», 12-jild, 36-bet.
 
«Tasavvuf va ma'rifat ahli bo'lmish Junayd (Bag'dodiy)ning sulukiga ergashgan solik darhaqiqat hidoyatga ergashibdi va u najot topgan va baxtlidir!» «Majmu' al-Fatavo», 14-jild, 355-bet .
Bu kabi misollarni ko'plab keltirish mumkin. Ularning barchasida Ibn Taymiya rahmatullohi alayhning tasavvufga nisbatan ijobiy fikr bildirganlariga guvoh bo'lamiz.
 
Shunday ekan, ey hidoyat va sunnatga, ma'rifat va kamolotga tashna yoshlar, ko'zingizni oching, haqiqatga tik boqing. Asosi yo'q gap-so'zlarga ishonmang, hujjat keltirishda xatoga yo'l qo'yayotgan shaxslarning aldoviga uchmang. Soxta salafiylarning makru hiylasiga aldanib, ularning tuzog'iga tushib qolmang. Aks holda pok e'tiqodu shaffof iymoningizga gard yuqib, guldek umringiz xazonga aylanishi hech gap emas. 
 
Erkin QUDRATULLOH
Mir Arab o'rta maxsus islom 
bilim yurti mudarrisi
MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

AQSHning Atlanta shahrida ilk halol taomlar festivali o‘tkaziladi

14.07.2025   384   1 min.
AQSHning Atlanta shahrida ilk halol taomlar festivali o‘tkaziladi

2025 yil 19 iyul shanba kuni AQSHning Jorjiya shtati poytaxti — Atlanta shahrida ilk bor halol taomlar festivali bo‘lib o‘tadi. Mashhur “Atlantic Station” maydonida tashkil etiladigan festivalda 50 dan ortiq halol taom mahsulotlari sotuvchisi ishtirok etishi kutilmoqda.


Festival ishtirokchilari tomonidan Yaman, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo, hatto O‘zbekiston oshxonalariga xos kabob, burger, dukkaklik mahsulotlaridan tayyorlangan taomlar (falaful) va turli xil shirinliklar taklif etiladi.


Ushbu tadbir Atlanta musulmonlari festivallari uyushmasi tomonidan tashkillashtirilmoqda. Festival ayni paytda shahardagi AQSH bojxona va migratsiya siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari orasida muhojirlar madaniyatini nishonlash imkonini ham yaratadi.


Festival tashabbuskorlaridan biri — Hasaneyn Lakhani bunday dedi:

 
“Atlanta shahrida ilk halol ovqat festivalini o‘tkazish — juda ham hayratlanarli va ajoyib fikrdir. Men bu shaharda doimiy istiqomat qiluvchi sifatida musulmon jamoasiga yaqinligimni har doim his qilganman. Ramazon ovqat festivallari kabi kichik tadbirlardan to oshxona va ko‘chmas mulk sohalaridagi faoliyatgacha ishtirok etib kelaman”.


Uning ta’kidlashicha, festival – musulmonlar va musulmon bo‘lmaganlar uchun bir joyda to‘planib, shaharning madaniy xilma-xilligini nishonlash, shu bilan birga musulmonlar turmush tarzi va halol taomlar bilan tanishish imkonini beradi.

 
Lakhani Atlanta yaqinidagi Lorensvill shahrida joylashgan “BurgerFi” restorani sohibidir. U, shuningdek, ushbu restoran — Gruziya shtatidagi yagona halol sertifikatiga ega burger shohobchasidir.

Ilyosxon Ahmedov,
tayyorladi.

Dunyo yangiliklari