O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari xalqaro anjumanda qatnashish uchun Qozog'iston respublikasiga tashrif buyuradilar.
Muftiy hazratlari ilk xorij safarlari chog'ida Qozog'iston Respublikasi Nursulton shahrida o'tkaziladigan “Mustaqil Qozog'iston va Islom qadriyatlari” nomli xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etadilar.
Nufuzli xalqaro anjumanda Turkiya Respublikasi Diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Shayx Ravil Gaynutdin, Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasi raisi, Shayx-ul Islom, muftiy Talgat Safo Tajuddin, Qirg'iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Zamir hoji Rakiyev, Tojikiston islom markazi raisi, muftiy Saidmukarram Abduqodirzoda hazratlari, Mo'g'iliston musulmon tashkilotlari ittifoqi raisi Hadis Botirbek hoji, Qozog'istondagi “Nur-Muborak” Misr islom madaniyati universiteti rektori Muhammad ash-Shahhat al-Jindiy singari Islom olamining martabali ulamolari qatnashishi ko'zda tutilgan.
Halqaro anjuman faoliyatini sayt va ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali kuzatib boring.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Savol: Dovud alayhissalom ro‘zasi haqida tushuncha bersangiz, uni juma kuni ham tutsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dovud alayhissalom ro‘zasi haqida Imom Buxoriy rahimahulloh quyidagi hadisni rivoyat qilganlar:
Abul Abbos Makkiy aytadi: “Men Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu taolo anhumoning shunday deganini eshitdim: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: “Sen doimo ro‘za tutar va kechalari ibodat qilar ekansan?” – dedilar. Men: “Ha”, dedim.
U zot alayhissalom: “Agar sen shunday qilsang, ko‘zing zaiflashib, nafsing toliqadi. Kim yil bo‘yi ro‘za tutsa, ro‘za tutmabdi. Har oyda uch kun ro‘za tutish – yil bo‘yi ro‘za tutish kabidir”, dedilar.
“Men bundan ham ko‘prog‘iga qodirman”, dedim.
U zot alayhissalom: “Unda Dovud alayhissalomning ro‘zasini tut, u kishi bir kun ro‘za tutar va bir kun og‘zi ochiq bo‘lar hamda dushmanga yo‘liqqanda qochmas edi”, dedilar.
Kimdir mazkur hadisga amal qilib, Dovud alayhissalom ro‘zasini tutayotganda uning ro‘zasi juma kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, hech karohiyatsiz joiz bo‘ladi.
Kishining nafl ro‘za tutishga odatlangan kunlari yoki Ashuro kuni kabi fazilatli ro‘zalar juma, shanba yoki yakshanba kunlaridan biriga to‘g‘ri kelib qolsa, shu kuni ro‘za tutishi durust bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.