Ko'chat ekib bog' barpo etish, atrof-muhitni toza-ozoda saqlash xalqimizning asarlar sinovidan o'tgan milliy qadriyatlaridir. Zero, ajdodlarimiz oilada yangi tug'ilgan o'g'il bolaga atab erga nihol qadamagan. Chunki bu nihol kun kelib o'g'il bola uylanganishi arafasida uning uchun yangi uy qurishda ishlatilgan.
Bugun ana shu ezgu an'ana davom etib, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbuslari bilan umummilliy harakatga aylandi. Ayni kunlarda yurtimiz bo'ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish bo'yicha “dolzarb 40 kunlik” davom etyapti. Bu 10 dekabrgacha davom etadi.
Muqaddas dinimiz ham Yer yuzini obod qilishga buyurgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'z ummatlariga ko'chat ekishga targ'ib qila turib, bunday deganlar: “Agar qiyomat bo'lib qolsa va birontangizning qo'lida xurmo daraxti bo'lsa, bas, uni ekib olsin” (Imom Buxoriy rivoyati).
E'tibor bering-a, hammamiz kirishib 40 kun ko'chat eksak, yurtimiz chamanzorga, bog'u bo'stonga aylanib ketadi. Bu aktsiyada faol qatnashib, ham dinimiz targ'ib qilgan ishni qilib, savob olamiz, ham o'zimiz va kelajak avlod uchun go'zal diyor qoldiramiz.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar bir muslim banda ko'chat o'tkazsa yoki ekin eksa, undan qushmi, insonmi yoki hayvonmi esa, buning uchun unga sadaqa (qilganlik savobi) bo'ladi” (Imom Muslim rivoyati).
Bu hadis ko'chat ekish, dehqonchilik qilish fazilati va ahamiyati nechog'li ulug' ekaniga dalolat qiladi va ko'chat ekuvchilarning Alloh dargohida erishadigan ajr-savoblardan xabar beradi. Ushbu amal insonga nafaqat tirikligida, balki vafotidan so'ng ham manfaat etkazib turadi, qiyomat kunigacha sadaqai joriya sifatida banda foydasiga xizmat qiladi.
Bunday ajr-savoblarga ega bo'lishimizga sabab shuki, biz hayot farovonligi, mo'minlar manfaat olishlari, qolaversa, tabiatning yanada ko'rkam bo'lishi uchun o'z hissamizni qo'shamiz.
Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Bir kishi Damashq ko'chalarining biridan o'tayotsa, ko'chat ekayotgan odamga ko'zi tushibdi va unga: “Nega bu ishni qilyapsiz, axir, siz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalaridansiz-ku?” debdi. Shunda u kishi: “Shoshmagin, men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bir ko'chat eksa, undan odam yoki Alloh yaratgan maxluqotlardan birontasi esa, buning evaziga o'sha (ko'chat ekkan banda)ga sadaqa bo'ladi”, deganlarini eshitganman”, debdi» (Imom Ahmad rivoyati).
Yerga nihol qadash bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganini davrning o'zi ko'rsatib turibdi. Chunonchi, shu yil noyabr' oyining 3–5 kunlari yurtimizda kuzatilgan chang bo'roni fikrimizni tasdiqlaydi.
Yana bir e'tibor berishimiz lozim bo'lgan jihat bu – atmosferaning ifloslanishidir. Tirik organizm suvsiz va ovqatsiz bir necha kun yashashi mumkin. Ammo havosiz 5 daqiqadan ortiq yashay olmaydi. Havo tarkibining o'zgarishi, ya'ni uning ifloslanishi nafaqat insonga balki barcha tirik jonzotlarga salbiy ta'sir ko'rasatadi. Shuning uchun ham atmosferani toza saqlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
Hozirda atmosfera asosan, avtotransport vositalari, turli zavod-fabrikalar va shu kabi qurilmalar chiqarayotgan chiqindi gazlar sababidan ifloslanmoqda. Biz atmosferani tozalash uchun avtotransport vositalari, turli zavod-fabrikalar faoliyatini to'xtatib qo'yolmaymiz, albatta. Faqatgina ularning zararlarini kamaytirishimiz mumkin xolos.
Shunday ekan, atmosferani tozalaydigan, bizga qayta havo ishlab chiqarib beradigan tabiiy imkoniyatlardan keng foydalanishimiz lozim. Barchaga ma'lumki o'simlik va daraxtlar kislorod ishlab chiqaruvchi eng qulay va zararsiz vositadir. Demak, mevali va manzarali daraxtlarni ko'paytirish, bog'lar yaratish oldimizda turgan zarur ishlardan biri ekan. Zero, dinimiz ham bunga targ'ib qiladi.
Aqlli odam faqat buguni bilan yashamaydi. Balki u kelajagi uchun, oxirati uchun sarmoya kiritadi. Oxirat sarmoyasi, ya'ni nomai a'molimizga savoblar qiyomatgacha to'xtamasdan borib turishi uchun sadaqai joriya qilishimiz kerak. Ko'chat ekib, bog' barpo qilish esa eng yaxshi sadaqai joriyadir.
Jasurbek domla RAUPOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p yoki tez ovqat yeyish bo‘yicha “musobaqa”lar ommalashib bormoqda. Ba’zilar buni shunchaki qiziqarli shou deb bilsa, boshqalar uni rekord o‘rnatish vositasi sifatida qabul qiladi. Biroq Islom ta’limotida ham, zamonaviy tibbiyotda ham inson organizmini zo‘riqtirishi va isrofga yo‘l qo‘yishi taqiqlanadi.
Islom me’yorni buyuradi
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki, U isrof qiluvchilarni sevmas” (A’rof surasi, 31-oyat).
Ushbu oyat nafaqat ovqatning halol bo‘lishini, balki uning miqdori ham me’yorda bo‘lishi lozimligini anglatadi. Zero, ortiqcha ovqat yeyish ham isrofning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Bu oyat “butun tib ilmini o‘zida jamlagan oyat” deya hatto g‘ayridinlar tomonidan e’tirof etilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Odam bolasi qornidan ko‘ra yomonroq idishni to‘ldirmagan. Odam bolasiga qaddini tutib turadigan bir necha luqma kifoya. Juda bo‘lmasa (oshqozonining) uchdan birini taomiga, uchdan birini ichimligiga, uchdan birini nafasiga (havoga) ajratsin”, dedilar (Imom Temiziy, Imom Ibn Moja rivoyati).
Bu hadis sog‘lom ovqatlanishning eng qisqa va mukammal dasturi sanaladi.
Ibn Sino: “Kasallikning ikkita sababi bor. Biri ko‘p yeyish, ikkinchisi to‘q qoringa yeyish”, degan.
Ilmiy fakt: oshqozon to‘yganini darhol bildirmaydi
Inson ovqatlanayotganda to‘yish haqidagi signallar oshqozondan miyaga taxminan 15-20 daqiqa ichida yetib boradi. Shu sababli juda tez ovqatlangan odam ehtiyojidan ancha ko‘p ovqat iste’mol qiladi.
Tadqiqotlarda tez ovqatlanuvchi insonlarda ortiqcha vazn, semirish, 2-tur qandli diabet xavfi yuqori ekani aniqlangan.
Oshqozonning imkoniyati cheklangan
Oddiy holatda inson oshqozonining hajmi taxminan 1-1,5 litr atrofida bo‘ladi. U ma’lum darajada kengayishi mumkin, ammo qisqa vaqt ichida bir necha litr ovqat va suyuqlik qabul qilish oshqozon devorini zo‘riqtiradi. Ko‘p ovqat yeyish esa, oshqozonning haddan tashqari kengayishi, oshqozon harakatining vaqtincha to‘xtab qolishi, hatto oshqozon yorilishi kabi o‘limga olib keladi.
Aniq fakt: xot-dog yeyish musobaqalarida o‘lim holatlari kuzatilgan
Tez ovqat yeyish musobaqalarida eng katta xavflardan biri – bo‘g‘ilish.
Xot-dog, gamburger yoki katta bo‘lakli go‘shtni juda tez yutish natijasida ovqat nafas yo‘liga tushishi mumkin. Bunday musobaqalar vaqtida bo‘g‘ilish sababli bir qancha ishtirokchilar vafot etgani kuzatilgan.
Yurak va qon aylanishiga ta’siri
Katta hajmdagi ovqat hazm qilinishi uchun hazm tizimiga ko‘proq qon yuboriladi. Bu holat yurak urishining tezlashishiga, qon bosimining o‘zgarishiga va yurak ishining og‘irlashishiga sabab bo‘ladi. Yurak-qon tomir kasalligi bor insonlarda bu holat yanada xavfli.
Inson tanasi – omonat
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Senda tanangning ham haqqi bor”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, inson tanasi bilan tajriba o‘tkazish, uni ko‘ngilochar musobaqalar uchun zo‘riqtirish Islomning inson salomatligini asrash tamoyiliga ziddir. Shuning uchun, inson o‘z joniga ham, tanasiga ham qasddan zarar yetkazmasligi lozim.
Xulosa
Mo‘min kishi ovqatni nafsni qondirish yoki rekord qo‘yish uchun emas, balki Robbisiga ibodat qilishga quvvat bo‘lishi maqsadida, me’yor bilan iste’mol qiladi. Chunki me’yor – Islomning go‘zal fazilatlaridan biri, salomatlik esa Allohning eng katta ne’matlaridandir.
Davron NURMUHAMMAD