Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi shu haftaning chorshanba kuni o'z lavozimiga kirishdi, deya xabar bermoqda “Saudiy Press” matbuot xizmati.
Husayn Ibrohim Toha o'tgan yil noyabr' oyida Niger poytaxti Niamey shahrida bo'lib o'tgan IHTga a'zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining 47-sessiyasida ushbu lavozimga saylangan edi.
Uning IHTdagi vakolat muddati besh yildan iborat. Husayn Toha o'z mamlakatida Tashqi ishlar vaziri, Afrika integratsiyasi va xalqaro hamkorlik vaziri, Niger prezidentining diplomatik maslahatchisi, muxtor vazir hamda mamlakatining Frantsiya, Ispaniya, Portugaliya, Gretsiya va boshqa mamlakatlardagi Favqulodda va Muxtor elchisi kabi qator lavozimlarda ishlagan chadlik diplomatdir.
Shuningdek, Husayn Toha Saudiya Arabistonidagi Chad elchixonasida katta maslahatchi lavozimida ham faoliyat yuritgan. Frantsuz, arab va ingliz tillarini yaxshi biladigan IHTning yangi rahbari Chad milliy ordeni, Frantsiyaning Faxriy legioni milliy ordeni va faxriy elchi unvonlari bilan taqdirlangan.
O'MI Halqaro aloqalar bo'limi
Bugun, 22 aprel kuni erta tongda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov milliy kurash musobaqasi ishtirokchilari bilan birga Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani Miraki shaharchasidagi so‘lim hududda yangi boqqa asos soldilar.
Muftiy hazratlari Prezidentimiz tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi tufayli millionlab ko‘chatlar ekilib, yurtimiz obod va ko‘rkam diyorga aylanayotgani, yaqinda bog‘ barpo etish loyihasi yo‘lga qo‘yilgani, bu ezgu amal dinimizda katta sadaqai joriya hisoblanishi, shu bois xalqimiz qadimdan biror xayrli tadbir arafasida yaxshi niyat ila ko‘chat o‘tqazib kelgani, ayni milliy kurash musobaqasi doirasida mo‘jaz boqqa asos solinayotganidan ham ana shunday ezgu maqsadlar ko‘zlanganini bayon etdilar.
Shuningdek, Muftiy hazratlari boshchiligidagi musobaqa ishtirokchilari mazkur bog‘ning gullab-yashnashi, bu kabi xayrli ishlar bardavom bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qildilar.
Musobaqa tafsilotlarini kanalimizda kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati