Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi shu haftaning chorshanba kuni o'z lavozimiga kirishdi, deya xabar bermoqda “Saudiy Press” matbuot xizmati.
Husayn Ibrohim Toha o'tgan yil noyabr' oyida Niger poytaxti Niamey shahrida bo'lib o'tgan IHTga a'zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining 47-sessiyasida ushbu lavozimga saylangan edi.
Uning IHTdagi vakolat muddati besh yildan iborat. Husayn Toha o'z mamlakatida Tashqi ishlar vaziri, Afrika integratsiyasi va xalqaro hamkorlik vaziri, Niger prezidentining diplomatik maslahatchisi, muxtor vazir hamda mamlakatining Frantsiya, Ispaniya, Portugaliya, Gretsiya va boshqa mamlakatlardagi Favqulodda va Muxtor elchisi kabi qator lavozimlarda ishlagan chadlik diplomatdir.
Shuningdek, Husayn Toha Saudiya Arabistonidagi Chad elchixonasida katta maslahatchi lavozimida ham faoliyat yuritgan. Frantsuz, arab va ingliz tillarini yaxshi biladigan IHTning yangi rahbari Chad milliy ordeni, Frantsiyaning Faxriy legioni milliy ordeni va faxriy elchi unvonlari bilan taqdirlangan.
O'MI Halqaro aloqalar bo'limi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan fuqarolar bilan ochiq va samimiy muloqotlarni izchil tashkil etish orqali ularning muammolarini hal qilishda samarali tizim yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning 25 mart kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi qabul ham ana shu ezgu ishlarning izchil davomi bo‘ldi. Unda murojaat qilgan har bir fuqaroning masalasi alohida diqqat bilan tinglanib, yechimlari yuzasidan choralar ko‘rildi.
Qabul davomida oilaviy munosabatlar, haj va umra ibodatlarini ado etish, shuningdek, masjidlar faoliyatiga oid savollar bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga belgilangan tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Bunday ochiq muloqotlar aholi ishonchini mustahkamlash, ularning dardu tashvishlariga befarq bo‘lmaslikni namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati