O'zbekistonning Qohiradagi elchixonasi ishtirokida Misrning «Al-Azhar» diniy majmuasida tahsil olayotgan o'zbekistonlik xotin-qizlar tomonidan mamlakatimiz Davlat bayrog'i qabul qilingan kun munosabati bilan xalqimiz milliy urf-odatlari va taomlarini namoyish etuvchi madaniy tadbir o'tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ushbu marosimda «Al-Azhar» diniy majmuasi rahbariyati, muassasada tahsil olayotgan Malayziya, Indoneziya, Nigeriya va boshqa qator davlatlardan talaba xotin-qizlar qatnashdi.
Tadbir avvalida o'zbek ayollari faoli Muqaddas Haydarova O'zbekiston Davlat bayrog'i qabul qilingan kun munosabati bilan mamlakatimiz razmi va uning tarixi haqida yig'ilganlarga batafsil ma'lumot berdi.
Yurtdoshlarimiz tomonidan tayyorlangan milliy urf-odatlarimiz, xususan, o'zbek kelinlari tarbiyasi, oila odobi to'g'risidagi sahna chiqishlari mehmonlarga manzur bo'ldi.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Horazmiy, Ibn Sino, Mirzo Ulug'bek kabi buyuk allomalarni tarbiyalab voyaga etkazgan o'zbek ayollarining oiladagi o'rni va qadri xorijliklar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.
Ayniqsa, misrlik va boshqa yurt vakillari o'zbek milliy pazandachiligiga yuqori baho berib, palov, somsa, qatlama va boshqa lazzatli taomlarni tayyorlash sirlaridan voqif bo'ldi.
«Al-Azhar» rahbariyati kelgusida bu kabi tadbirlarni muntazam o'tkazish, o'zbek xalqi madaniyati va urf-odatlarini keng yoyish orqali turli millatlar o'rtasida do'stlik va hamjihatlikni mustahkamlashdan manfaatdorligini izhor etdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.