Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyul, 2025   |   29 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:11
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:52
Xufton
21:21
Bismillah
24 Iyul, 2025, 29 Muharram, 1447

Mo'minlar najot topdilar

24.11.2021   2125   4 min.
Mo'minlar najot topdilar

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Mo'minlar najot topdilar” (Mu'minun, 1).

Bu oyat, shubhasiz, mo'minlarning ikki dunyoda ham najot topishiga dalolat qiladi. Chunki oyatdagi «najot topdilar» iborasi o'tgan zamon fe'lida bo'lib, u kelasi zamondagi «najot topadilar» ma'nosidan kuchlidir. Shu bois ta'kid bilan aytilgan «najot topdilar» oyati mo'min banda bor-ki, uning, albatta, najot topishi haqligini bildiradi. Najot topadigan mo'minlarning sifatlari quyidagi oyatlarda bayon qilingan.

«Ular namozlarida  o'zlarini kamtar tutuvchidirlar»(Mu'minun, 2).

«namozlarida  o'zlarini kamtar tutuvchilar»dan murod namozni xushu', huzu' bilan ado etuvchi mo'minlardir. Har bir mo'min-musulmon ibodatini Allohning ko'rib turganini bilib, qabul bo'lishiga umid qilib ado etishi zarur. Alloh taolo xushu' va huzu' bilan qilingan ibodatlarni qabul qiladi. 

–  «Ular behuda (so'z va ishlar)dan yuz o'giruvchidirlar»(Mu'minun, 3).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishining behuda narsalarni tark etishi xulqining go'zalligidandir”, dedilar (Imom Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

–  «Ular zakotni ado etuvchidirlar»(Mu'minun, 4).

Moliyaviy ibodat bo'lgan zakot dinimizning ustunlaridan biri bo'lib, u Qur'oni karimning yigirma etti o'rnida namoz bilan barobar zikr qilingan. 

«Ular avratlarini (haromdan) saqlovchidirlar»(Mu'minun,5).

Dunyo aholisi hayotiga jiddiy xavf solayotgan OITS kasalligini keltirib chiqaruvchi asosiy xatar – zinodir. Bu bedavo dardga chalingan bemorlar sonining yil sayin ortib borishiga, asosan, zinodan saqlanmaslik sabab bo'lmoqda.

«Ular (mo'minlar) (odamlarning bergan) omonatlariga va (o'zaro bog'lagan)ahd-paymonlariga rioya etuvchidirlar»(Mu'minun,8).

Omonatga rioya, unga xiyonat qilmaslik, va'daga vafo qilish ham mo'minlarning sifatlaridan, imonining belgilaridandir.

Oyatda kelgan mo'minlarning yana boshqa sifatlaridan biri «Ular namozlarini asraguvchi (vaqtida ado etuvchi)dirlar» (Mu'minun,9). Zero, «...namoz mo'minlarga vaqti tayin etilgan va (farz deb) bitilgandir»(Niso, 103).

Ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Allohga qaysi amal mahbubroq?” deb so'radim. “O'z vaqtida o'qilgan namoz”, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin odamlar: «Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xulqlari qanday edi?” deb so'raganlarida, Oisha onamiz roziyallohu anho Mu'minun surasining dastlabki to'qqiz oyatini o'qib, “Hulqlari xuddi shu oyatlarda aytilgandek edi”, deganlar».

Mu'minun surasida vasf etilgan sifatlardan xulqlanishga harakat qilaylik. Shunda Allohning najot topuvchi bandalaridan bo'lamiz.

 

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

21.07.2025   3674   1 min.
Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
•  Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
•  Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
•  Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.

Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab  (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.

Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.