O'zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasida me'moriy shakllarni uyg'unlashtirish masalalariga bag'ishlangan kitobning (Uralov A.S., Elina Mohd Husini. Harmonization, Decoration of Architectural Forms and Light. – USIM Press, 2021) taqdimoti bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Mazkur kitob Samarqand davlat arxitektura instituti professori Aktam O'rolov va Malayziya Islom ilmiy universiteti (Universiti Sains Islam Malaysia – USIM) professori Elina Mohd Husini tomonidan tayyorlangan va USIM Press nashriyoti bilan hamkorlikda chop etilgan.
1998 yilda tashkil etilgan USIM davlat oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.
Universitetning ta'lim modeli diniy fanlarni dunyoviy fanlar bilan integratsiyalash tamoyiliga asoslangan.
Elchixonada gibrid formatda tashkil etilgan taqdimotda USIM markazi direktori Mohd Zin Kandar, professor va o'qituvchilar ishtirok etdi.
Samarqand davlat arxitektura instituti bilan telekonferentsiya tashkil etildi.
Onlayn-tadbirda institut rektori Chidem Janbay Turkyilmaz va oliy bilim yurti o'qituvchilari qatnashdi.
Kitob turli asrlar me'morchiligi nazariyasi, tarixi va amaliyotiga bag'ishlangan. Nashrda O'zbekiston va Markaziy Osiyo me'morchiligi va tasviriy san'atida shakllar uyg'unligi va mutanosiblik nazariyasiga alohida e'tibor qaratilgan.
Risola me'morlar, san'atshunoslar va keng kitobxonlarga mo'ljallangan bo'lib, bakalavr va magistratura dasturlari talabalari uchun darslik sifatida tavsiya etilgan.
Taqdimotda malayziyalik tinglovchilarga Islom tsivilizatsiyasining boy madaniy merosini, respublikamizda ko'p asrlik me'moriy an'analarini o'rganish va ommalashtirish bo'yicha amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar haqida ma'lumot berildi.
Tomonlar 2019 yilda oliy o'quv yurtlari o'rtasidagi hamkorlik doirasida professor-o'qituvchilarning lektor sifatida o'zaro tashriflarini tashkil etish amaliyoti yo'lga qo'yilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Tadbir yakunida islom merosini birgalikda ilmiy tadqiq etish, xalqaro konferentsiyalar, seminarlar va ma'ruzalar tashkil etish, O'zbekiston va Malayziya nashrlarida ilmiy materiallar nashr etish, shuningdek, hamkorlikda ta'lim dasturlarini yo'lga qo'yish imkoniyatlarini o'rganish bo'yicha universitetlararo amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun, 19 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi "Rakat" jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari juma namozidan oldin yig‘ilgan jamoatga mav’iza qilib berdilar. Musulmonning musulmonga ehtiromi mavzusida qilingan go‘zal suhbat davomida Alloh taolo inson zotini azizu mukarram etib, borliqdagi barcha narsani insonga xizmat qildirib qo‘ygani, shunday ekan, insonlar ham o‘zaro ahl-inoq, mehr-muhabbatli, bir-birlariga doimo yordamchi bo‘lib hayot kechirishlari dinimiz amri ekani eslatib o‘tildi.
Ma’ruza asnosida Qur’oni karim va hadisi shariflar keltirib o‘tildi. Jumladan, mashhur sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan keltirilgan hadisda bunday deyiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba atrofida tavof qilayotganlarini ko‘rdim. U zot Ka’baga qarab bunday der edilar: "Sen va sening hiding qanday ham go‘zal! Sen qanday ulug‘san va sening hurmating qanday buyuk! (Lekin) Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh nazdida mo‘minning hurmati sening hurmatingdan ham ulug‘dir" (Imom Ibn Moja rivoyati).
Musulmon kishining Alloh nazdidagi hurmati mana shunday baland ekan, o‘zaro hurmat-ehtiromi ham shunga monand bo‘lishi ta’kidlandi. Manfaatli suhbat yakunida butun dunyo musulmonlari, xususan, xalqimizning o‘zaro ahil-inoqligi bundan ham ziyoda bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati