Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

26.11.2021 y. Ilm o'rganish har bir musulmon uchun farzdir

23.11.2021   13480   16 min.
26.11.2021 y. Ilm o'rganish har bir musulmon uchun farzdir

 ILM O'RGANISh HAR BIR MUSULMON UChUN FARZDIR

Muhtaram jamoat! Islom dini “johiliyat” deya atalgan davrda nozil bo'lib, ulkan ilmiy boylikni o'zida mujassam etgan din sifatida butun dunyoga ma'rifat nurini tarqatdi. Islomdan oldingi davrni “johiliyat davri” deb eslanishining o'zi ham Islom ilm dini ekaniga ochiq-ravshan dalildir. Chunki ilm johillikning ziddidir. Ilm o'rganish har bir musulmon uchun farzdir.

Alloh taolo ilmni Qiyomatgacha bandalar uchun ma'rifatga erishish, haqiqatni topish, ikki dunyo saodatiga erishish vositasi qildi. Ilmsizlik esa insoniyatni tubanlikka, halokatga olib borishini bildirdi.

Har bir ish mukammal, mustahkam bo'lishi uchun ilm, amal va ixlos birlashishi shart. Dunyoda ilmdan ko'ra yuksak daraja va martaba yo'qdir! Alloh taolo aytadi:

 يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ

 ( سورة المجادلة/11)

ya'ni: “...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi 11-oyat).

Darhaqiqat, Islom dini insonning dunyo hayoti uchun lozim bo'lgan barcha ilmlarni o'rganishni farz darajasiga ko'targan dindir! Ilm talab qilishni fazilati haqida ko'plab hadisi shariflar mavjud. Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

﴿طَلَبُ العِلْمِ فَرِيْضَةٌ عَلَىْ كُلِّ مُسْلِمٍ

(رواه الإِمَامُ ابن ماجه عن أنس بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه)

ya'ni: “Ilm izlash har bir musulmonga farzdir” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Abu Dardo raziyallohu anhudan keltirilgan rivoyatda: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Kim ilm talabida yo'lga chiqsa, Alloh uni jannat tomon yo'lga boshlab qo'yadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmdan rozi bo'lib, unga o'z qanotlarini yoyishadi. Albatta, olim uchun osmonlaru erdagilar, hatto suvdagi baliqlar istig'for ayturlar. Olimning obidga nisbatan afzalligi xuddi Oyning boshqa yulduzlarga nisbatan afzalligiga o'xshaydi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Bu hadisi shariflarni puxta o'rgangan ulamolarimiz undan quyidagilarni chiqarganlar:

Ilm ikki qismga bo'linadi farzi a'yn va farzi kifoya.

Farzi ayn. Har bir balog'at yoshiga etib, aqli raso bo'lgan inson qaysi soha yoki kasb sohibi bo'lsa ham, sohasining ilmini chuqur o'rganishi farzi ayndir. Shuningdek har bir musulmon kishi zimmasiga farz bo'lgan ibodatlarni shariatga muvofiq darajada bajarishi uchun zarur bo'ladigan ilmlarni o'rganishi ham farz bo'ladi.

Farzi kifoya. Alloh taolo musulmonlar jamoasining zimmasiga buyurgan amaldir. Musulmonlarning bir qismi uni bajarishi bilan boshqalarning zimmasidan soqit bo'ladi. Agar hech kim bajarmasa, hamma birdek gunohkor bo'ladi. Jamiyatda qaysi sohaga ehtiyoj sezilsa, o'sha sohaga bo'lgan ehtiyojni qondiradigan darajada ilmlarni o'rganish farzi kifoya hisoblanadi.

Agar jamiyatda bir sohada yoki biror fan bo'yicha mutaxassis olim etishmasa va bunga harakat qilinmasa, shu jamiyat kishilarining barchasi gunohkor bo'ladilar. Sababi  har bir sohada mutaxassislar bo'lishi shart.

Masalan, tibbiyot yoki muhandislik ilmini olaylik. Bu ilmlarsiz inson hayotini saodatli kechishini tasavvur qilib bo'lmaydi. Boshqa dunyoviy ilmlar ham xuddi shular kabidir. Bu ilmlarni o'rganish farzi kifoya hisoblanadi. Bu ilmlar bilan mashg'ul bo'layotgan kishilar farz ibodatini bajaryapman degan niyatda mashg'ul bo'lishsa, dunyoviy manfaatlarni qo'lga kiritishdan tashqari, ulkan ajr-savoblarga ham erishadilar. O'z navbatida, agar jamiyatda ularning sohasi bo'yicha kamchilik yuzaga kelsa, gunohi o'sha mutaxassislarga bo'ladi.

Huddi shuningdek, turli ishlab chiqarish va sanoatga doir ilmlar ham farzi kifoyadir. Demak, hozirgi zamonda musulmonlar fan-texnika sohasida ham barcha daqiq ilmlardan kifoya qilish darajasida bilishlari zarur bo'ladi. Chunki davlatning kuch-qudrati, o'zga davlatlarga qaram bo'lib qolmasligi ilm-fanning rivoji va taraqqiyotiga bevosita bog'liqdir.

Yoshlarni dunyoviy bilimlar sohibi va hunarli bo'lishga targ'ib qilish eng muhim masala deb hisoblangan. Shuning uchun ham Ali raziyallohu anhu: “Bolalaringizga o'zlari yashayotgan davr ilmlarini o'rgatinglar, chunki ular sizning davringizdan boshqa davrda dunyoga kelganlar”, - deb ta'kidlaganlar.

Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu ilm o'rganish va o'rgatish haqida bunday deganlar: “Ilm o'rganinglar, zero uni o'rganish Allohdan qo'rqish, uni talab qilish ibodat, muzokarasi tasbeh, uni izlash bamisoli jiddu jahd qilish, bilmaganga o'rgatish sadaqa, uni o'z ahliga bildirish Allohga yaqinlik hosil qilishdir. Ilm tanholikda hamroh, xilvatda do'st, to'g'ri yo'l ko'rsatuvchi dalil, xursandligu xafalik paytida ko'makchi, do'stlar oldida vazir, begonalar oldida yaqin do'st va jannat yo'lining mash'alidir. Alloh ilm bilan qavmlarni yuksaltirib, etakchi qilib qo'yadi. Ular odamlarni yaxshilikka etaklaydi, boshqalar ularning izidan yuradi, qilgan ishlari e'tiborli bo'ladi”.

Bugungi kunda ilm-ma'rifatli bo'lishimizga juda ko'p imkoniyatlar yaratib berilgan. Bu imkoniyatlardan oqilona va to'g'ri foydalanishimiz lozim. Lekin, ming afsuslar bo'lsinki, ba'zi yoshlar, xossatan maktab yoshidagilar, vaqtlarining aksarini internet va foydasiz komp'yuter o'yinlarini o'ynab, insonning qalbi va imoniga zarar keltiradigan rasm va videolarni tomosha qilib hamda to'g'ri yo'ldan adashtiruvchi notanish kishilar bilan suhbat o'tkazib, umrlarining oltin davrini zoye qilmoqdalar. Barchamiz yosh avlod ta'lim-tarbiyasi borasida yurtimizda olib borilayotgan izchil islohotlarni amalga oshirishda o'zaro hamjihatlik ruhida sa'y-harakat qilsak, bu boradagi dunyoqarash va tasavvurlarni tubdan o'zgartirsak, ko'zlangan maqsad va natijalarga erishamiz. Alloh taolo marhamat qilib aytadi:

 إِنَّ اللَّهَ لَا يُغَيِّرُ مَا بِقَوْمٍ حَتَّى يُغَيِّرُوا مَا بِأَنْفُسِهِمْ

   (سورة الرّعد/11)

ya'ni: “...Albatta, Alloh biror qavm o'zlaridagi narsani (ne'matlarga nisbatan munosabatni) o'zgartirmagunlaricha, ulardagi narsani (holatni yomon holatga) o'zgartirmas...” (Ra'd surasi 11-oyat)

Dunyoda ilm-fan shiddat bilan rivojlanmoqda, har kuni kashfiyotlar qilinmoqda. Lekin shu kashfiyotlarning qancha qismi musulmonlar hissasiga to'g'ri kelmoqda? Afsuski, bu nisbat juda ham kam bo'lib, bizni ogohlikka, ilm-fan bilan jiddiyroq shug'ullanishga undaydi. Vaholanki, tarixda musulmon olimlari dunyo xalqlariga ko'plab kashfiyotlarni taqdim etganlar. Kashfiyotlarning ko'pi aniq fanlarga to'g'ri kelgan, ya'ni matematika, geometriya, astronomiya, fizika, kimyo hamda tibbiyot fanlari rivojlangan.

Dinimizda ilmni diniy va dunyoviyga ajritilmaydi. Ota-bobolarimiz bu qoidaga amal qilganlaridan ularning ichidan Abu Rayhon Beruniy,  Ahmad Farg'oniy, Muhammad Horazmiy, Ibn Sino va Ulug'bek kabi qomusiy olimlar etishib chiqqan. Ular ham diniy, ham dunyoviy ilmlarda peshqadam bo'lganlar. Avlodlarimiz ham bizdan faxrlanishlari uchun bugun, o'zimiz va farzandlarimizni ilm olishlari va shu orqali jamiyatimizni peshqadam saflarga olib chiqishi uchun harakat qilishimiz – ham farzimiz, ham qarzimiz, ham burchimiz!

Siz-u bizga tanish bo'lgan jadidchi olimlarimizdan Munavvar Qori Abdurashidxonov o'zini “Men sendamen” asarlarida quyidagi ta'sirchan jumlalarni keltirganlar: “Ovrupo xalqi osmong'a uchar ekan, bizda soch va soqol nizolari, ovrupolilar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun-qisqa kiyim janjallari, Ovrupo shaharlari butun elektrik bilan isitilur va yoritilur ekan, bizda maktablarda jo'g'rofiya va tabiyot o'qitish, o'qitmaslik ixtiloflari... davom etadi”.

Oradan bir asr o'tgan bo'lsa-da, bu jumlalarning ahamiyati mutlaqo o'zgarmagan.

Kishi o'zidagi johillikni ketkazish maqsadida ilm izlashi uchun albatta yosh bo'lishi shart emas, balki qaysi yoshda bo'lishidan qat'iy nazar, imkon bo'lishi bilan ilmli bo'lishga harakat qilish kerak. Chunki Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

مَنْ جَاءَ اَجَلُهُ وَهُوَ يَطْلُبُ الْعِلْمَ لَقِيَ اللهَ تَعَالَى وَلَمْ يَكُنْ بَيْنَهُ وَبَيْنَ النَّبِيِّيْنَ اِلَّا دَرَجَةُ النُّبُوَّةِ

(رَوَاهُ الْإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ عن ابن عباس رضي الله عنه)

ya'ni: “Kimning ajali ilm talab qilayotgan vaqtida etib qolsa, Alloh taoloning huzurida u bilan payg'ambarlar o'rtasini faqat payg'ambarlik darajasigina ajratib turadi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Ta'kidlash joizki, Davlatimiz Rahbarining shaxsan o'zlari yoshlarimizni ilm-ma'rifatga targ'ib qilishni kuchaytirish doirasida ularni ko'proq kitob o'qishga jalb qilish yuzasidan salmoqli ishlarni amalga oshirmoqdalar. Ammo biz, ota-onalar, mazkur masalada qanchalik e'tiborlimiz? Oxirgi marta o'g'il-qizlarimizga qanday kitob olib berganimizni yoki shaxsiy ibrat ko'rsatib, birorta adabiyot mutloaa qilganimizni eslay olamizmi? Vaholanki, telefon, kiyim-boshni “modadan qoldi” yoki “modeli eskirdi” deb, oy sayin yangilab berishga mablag' topamiz.

Yoki farzandlarimizni qo'shimcha to'garak yoki repetitorga yo'naltirish masalasiga qanday qaramoqdamiz? Mazkur ishga “qimmat” deb mablag' ishlatishni ayaymiz. Biroq, ushbu mablag' farzandlarimizning kelajagi uchun sarmoya ekani, ularga olib berayotgan avtomobil yoki boshqa ashyodan ko'proq foyda keltirishini o'ylab ko'raylik. Majoziy ma'noda aytganda, farzandlarimizga “baliq” emas, “qarmoq” olib beraylik.

Har qanday jamiyatning olimlari, ziyolilari, ayniqsa, ota-onalar millatning ma'naviy dunyosi qashshoqlanmasligi, axloqi buzilmasligi, soxta va buzg'unchi e'tiqodlar va madaniyatlar ta'siriga tushib qolmasligiga mas'uldirlar. Farzandlarimizga maktabga borib ta'lim olish ham ibodat ekanini etkazishimiz kerak. Yoshlarning maktabda berilayotgan darslarni puxta o'zlashtirishlariga alohida e'tibor qaratish har bir ota-ona va ustozlarning mas'uliyatidir. Ularni o'z hollariga tashlab qo'yib, qayerda yurgani, kimlar bilan o'rtoqlashayotgani, nimalarga qiziqayotganidan ogoh bo'lmaslikning oqibati ayanchli bo'ladi. Alloh asrasin!

Bolalarimizni yoshligidan o'zi qiziqqan sohaga maqsadli yo'naltirib, rejali va tizimli ta'lim olishiga mas'ulmiz. Zaruriy ilmlarni olish nafl ibodatdan ustun turadi. Hozirda maktablarda har bir bola bilishi zarur bo'lgan, asosiy bilim va ko'nikmalar o'rgatiladi. Majburiy ta'limdan keyin bu bilimlarni hech kim tekinga o'rgatmaydi.

Hukumatimiz tomonidan 2021 yil – “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilinishi ham barkamol avlodning tarbiyalash ishlariga bundanda ko'proq ahamiyat qaratilishini anglatadi.

Darhaqiqat, imon va go'zal xulq bilan payvasta bo'lgan ilm insonni baxtiyor qiladi, martabasini balandga ko'taradi. Ilm hosil qilishdan maqsad ko'rkam va ezgu ishlarni amalga oshirishdir. Bandasining qilayotgan amallaridan esa Alloh taolo xabardordir!

Muhammad ibn Hasan rahimahulloh aytadilar: “Huddi ilm olish farz bo'lgani kabi, kasbu hunar o'rganish ham – farzdir”. Hakimlar ilm-hunarsiz kishini “qanotsiz qush” deb nomlaganlar.

Ali ibn Abu Tolib raziyallohu anhu Kumaylga: “Ilm moldan yaxshidir, u seni muhofaza qiladi, molni esa sen qo'riqlaysan. Ilm – hokim, mol – mahkumdir. Mol nafaqa qilish bilan kamaysa, ilm ziyoda bo'ladi”, deganlar.

Shunday ekan, muhtaram ota-onalarga farzandlari tarbiyasi va ta'limiga jiddiy ahamiyat berishga, ularni har vaqt nazorat qilish, maktabdan so'ng albatta biron-bir mashg'ulot bilan shug'ullanish, sport, uy yumushlari, tomorqa ishlari kabi jismoniy ishlarga jalb qilishlari zarur ekanligini ta'kidlaymiz.

 Alloh taolo yoshlarimizni kamolotga erishishini, ajdodlariga munosib avlod bo'lishini nasib qilsin. Omin! 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

22.08.2026   27926   4 min.
Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?

“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.

“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.

“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?(Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.

Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.

Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.

Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.

Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.

Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.

Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.

Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.

Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA