Ko'plab ota-onalar farzandlarining axloq-odobi yomonlashib borayotganidan shikoyat qiladilar, ularni imon-e'tiqodli bo'lishlari uchun, salbiy xulq-atvorlarini isloh qilish yo'llarini axtarib o'zlarini xar tarafga uradilar. Farzandlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishlariga qaramay hech qanday natijaga erisha olmayotganliklarini afsus va nadomat bilan bayon qiladilar.
Aynan mana shunday ota-onalar qaysiki, farzandlarining ahli solih bo'lishi chorasini topish yo'lida hamma eshiklarga bosh uradilar, ta'lim-tarbiyaning qo'llab ko'rmagan eng zamonaviy vositalari ham qolmaydi. Biroq, ko'pchiliklari farzandlarini isloh qilishi mumkin bo'lgan eng muhim va afzal yo'lni, samarali va natijasi kafolatlangan vositani unutadilar yoki unga beparvo bo'ladilar. U ham bo'lsa, ota-onaning farzandi haqqiga rushdu hidoyat va salohiyat so'rab Alloh taologa doimiy tarzda duo qilishidir.
Haqiqat shuki, ko'pchilik ota-onalarning o'z farzandlari haqiga duo qilishlarining naqadar ahamiyatli ekanligini unutishlari yoki bunga beparvo bo'lishlari, ular farzanlarining tarbiyali bo'lishi uchun barcha moddiy vositalarni, ya'ni sabablarni qo'llayotganliklariga suyanib qolayotganliklaridandir. Bordiyu siz ana shunday ota-onalarning birortasidan: siz farzandingizni ahli solih va tarbiyali inson bo'lishi uchun uning haqqiga necha marta duo qilgansiz, deb so'rasangiz, shuncha harakatni qilganimdan keyin duo ham qilishim kerakmi, deyishi ham ehtimoldan holi emas.
Albatta, farzandlarning ahli solih bo'lishida sabablarni ushlashning ahamiyati katta. Masalan, avvalo kelajakda yaxshi murabbiya bo'ladigan soliha juftni tanlash, farzand tug'ilgach unga chiroyli ism qo'yish, murg'aklik vaqtidan qalbiga imon urug'ini ekish, uning uy ichidagi tarbiyasi, uydan tashqaridagi yurish-turishini nazorat qilish, yaxshilar bilan oshno bo'lishiga e'tibor qaratish, hattoki Alloh taoloning amriga itoat etishi, qaytargan ishlaridan qaytishi, hullas bu hayotda har bir bosgan qadamiga e'tiborli bo'lish juda ham muhim. Ammo, bularning barchasi ota-onaning farzand haqiga xayrli duo qilishining o'rniga o'tadi, degani emas.
Ushbu mavzuga oid Qur'oni karim oyatlari va hadisi shariflar bilan tanishib chiqqan kishi ota-onaning o'z farzandi haqiga xayrli duo qilishi payg'ambarlar va solih kishilarning farzand tarbiyasida tutgan yo'llari ekanligiga amin bo'ladi.
Masalan, Halilulloh Ibrohim alayhissalom Alloh taolodan solih farzand berishini so'rab shunday duo qilganlar:
{ رَبِّ هَبْ لِي مِنَ الصَّالِحِينَ } الصافات/100
ya'ni: “Ey, Rabbim! O'zing menga solih (farzand)lardan ato etgin!” (Soffot surasi, 100-oyat).
Shuningdek, Zakariyo alayhissalom Alloh taolodan Ya'qub avlodiga munosib farzand berishini so'rab duo qilganlar:
.....فَهَبْ لِي مِنْ لَدُنْكَ وَلِيًّا * يَرِثُنِي وَيَرِثُ مِنْ آلِ يَعْقُوبَ وَاجْعَلْهُ رَبِّ رَضِيًّا } مريم/5-6
ya'ni: “...Endi Sen O'z dargohingdan menga bir do'st (farzand) ber.U menga va (bobom) Ya'qub nasliga merosxo'r bo'lsin va undan barchani rozi qilgin!” (Maryam surasi, 5-6-oyatlar).
Payg'ambarlarning duosi ularga farzand berilganidan keyin ham to'xtagani yo'q. Balki, chiroyli tarbiya berish bilan birga yanada ko'proq duo qilishda bardavom bo'lganlar. Masalan, Ibrohim alayhissalom o'zlari va farzandlari haqida mana bunday duo qilganlari haqida Qur'oni karimda bayon etilgan:
{ وَإِذْ قَالَ إِبْرَاهِيمُ رَبِّ اجْعَلْ هَذَا الْبَلَدَ آمِناً وَاجْنُبْنِي وَبَنِيَّ أَنْ نَعْبُدَ الأَصْنَامَ } ابراهيم/35
ya'ni: “Eslang, Ibrohim aytgan edi: “Ey, Rabbim! Bu shaharni (ya'ni, Makkani) tinch qilgin, meni va avlodlarimni sanamlarga sig'inishdan yiroq qilgin!” (Ibrohim surasi, 35-oyat).
{ رَبِّ اجْعَلْنِي مُقِيمَ الصَّلاةِ وَمِنْ ذُرِّيَّتِي رَبَّنَا وَتَقَبَّلْ دُعَاءِ } ابراهيم/40 .
ya'ni: “Ey, Rabbim! Meni va zurriyotimdan (ko'p farzandlarimni) namozni barkamol ado etuvchi qilgin! Ey, Rabbimiz! Duoimni qabul et!” (Ibrohim surasi, 450-oyat).
Qur'oni karimda faqat payg'ambarlarning o'z farzandlari haqiga qilgan duolarigina zikr etilmagan, balki boshqa solih zotlar ham o'z farzandlari haqiga duo qilganlari aytalgan. Masalan, qirq yoshga etgan bir solih inson ham o'z farzandi haqida shunday duo qilgan:
{.... وَأَصْلِحْ لِي فِي ذُرِّيَّتِي إِنِّي تُبْتُ إِلَيْكَ وَإِنِّي مِنَ الْمُسْلِمِينَ } الأحقاف/15
ya'ni: “...va men uchun zurriyotimni isloh et! Albatta, men Senga (gunohlarimdan) tavba qildim va albatta, men musulmonlardandirman”, – deydi” (Ahqof surasi, 15-oyat).
Shuningdek, “Rahmonning bandalari” deb vasf qilingan kishilar ham o'z farzandlari haqida doimo shunday duo qilishlari aytilgan:
{ وَالَّذِينَ يَقُولُونَ رَبَّنَا هَبْ لَنَا مِنْ أَزْوَاجِنَا وَذُرِّيَّاتِنَا قُرَّةَ أَعْيُنٍ وَاجْعَلْنَا لِلْمُتَّقِينَ إِمَامًا } الفرقان/74
ya'ni: “Ular: “Parvardigoro, xotinlarimizdan va zurriyotlarimizdan bizlarga ko'z quvonchini baxsh et va bizlarni taqvodorlarga peshvo qilgin!” – deydigan kishilardir” (Furqon surasi, 74-oyat).
Hadis kitoblarida Payg'ambar alayhissalomning o'z farzandlari, nabiralari haqlariga duo qilganlari, sahobalarning ham o'z farzandlari haqiga xayrli duo qilganlari rivoyat qilingan. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi o'zlarining Sahih to'plamlarida Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilib keltiradilar, u kishi aytganlar:
( ضَمَّنِي رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَقَالَ اللَّهُمَّ عَلِّمْهُ الْكِتَابَ )
ya'ni: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam meni bag'irlariga bosib: “Allohim bunga Kitobni ta'lim bergin”, deb duo qildilar.
Imom Buxoriyning Sahihlaridagi yana bir hadisda Usoma ibn Zayd raziyallohudan rivoyat keltiriladi, Payg'ambar alayhissalom Usoma ibn Zayd va Hasanni qo'lidan ushlab: “Allohim, men bu ikkisini yaxshi ko'raman, Sen ham bularni yaxshi ko'rgin”, deb duo qilar edilar.
Qur'oni karim va Payg'ambar alayhissalomning ta'limotlaridan chalg'imagan ummatning salaflari farzandlarini tarbiyalash borasida qanchalik g'ayrat qilishlariga qaramay, ularning xaqiga xayrli duo qilishni aslo tark etmaganlar. Rivoyat qilinishicha, ulug' tobeinlardan sanalmish Fuzayl ibn Iyoz rahmatullohi alayhi farzandi Ali haqiga shunday duo qilgan ekanlar:
اللهم إني اجتهدت أن أؤدب علياً فلم أقدر على تأديبه، فأدبه لي
ya'ni: Allohim, men o'g'lim Alini odobli qilishga harchand harakat qildim, ammo qurbim etmadi, bas O'zing menga uni tarbiyali qilib ber.
Ushbu duoning barakotidan Ali ibn Fuzayl rahmatullohi alayhi ulug' olim bo'lib etishdilar. Imom Nasaiy rahmatullohi alayhi Ali ibn Fuzaylni “Siqa” (ishonchli) “Ma'mun” (omonatli), deganlar. Abdulloh ibn Muborak: “Odamlarning eng yaxshisi Fuzayl ibn Iyoz, undan ham yaxshirog'i o'g'li Alidur”, deganlar. Sufyon ibn Uyayna esa: “Men Fuzayldan va uning o'g'lidan ko'ra Allohdan ko'proq qo'rqadigan biror kimsani ko'rmadim”, deganlar.
Hozirgi davrimizda ham farzandlari tarbiyali, salohiyatli bo'lgan qaysi bir insondan: farzandingizning ahli solih bo'lishining siri nimada? – deb so'rasangiz, albatta, ularning haqiga ko'p duo qilishini aytishi turgan gap.
Shunday ekan, farzandlarining holatidan shikoyat qilayotgan ota-onalarga tavsiyamiz shuki, Alloh taolo farzandlaringizni ahli solih bo'lishi uchun sizga katta imkoniyat berib qo'yibdi. U ham bo'lsa, ularning haqiga yaxshi duo qilmog'ingizdir. Zinhor, ularni qarg'amang, mudom xayrli duo qilishdan erinmang. Zero, ota-onaning o'z farzandi haqida qilgan duosi so'zsiz ijobatdir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o'rinbosari
Homidjon Ishmatbekov
Xolid ibn Valid roziyallohu anhu yoshlari o‘tib, keksayib qolgan chog‘larida Mus'hafi sharifni olib, yig‘lab turib shunday der edilar: “Jihodlar bilan ovora bo‘lib seni o‘qiy olmay qoldik”.
Bu qandayin go‘zal uzr! Xo‘sh, biz o‘zimizni nima deb oqlaymiz?! Xolid ibn Valid roziyallohu anhu shundayin gap aytdilar, ammo biz nima deymiz?! Qiyomat kunida “Qur’oni karim o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!” – deb so‘ralsak, nima deb javob beramiz?! Toki u bizni zararimizga emas, foydamizga hujjat bo‘lishi uchun ko‘ksimizga bosib, kechayu kunduz tilovat qilib bormaymizmi?! Axir Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning zikrini lozim tut, Qur’oni karim tilovatida mahkam bo‘l. Chunki bu sening osmondagi ruhing, yerdagi zikringdir” [1], deganlar.
Quroni karim oyatlarini tadabbur qilmasdan, ma’nolari haqida fikr yuritmagan holda, hech qanday tushunchasiz ko‘p tilovat qilish asosiy maqsad emas. Agar inson bir necha oyatni tadabbur qilsa, tafsir kitoblariga murojaat etsa yoki tafsir darslariga qatnashsa, ma’nolarni o‘zlashtirsa va ularga amal qilsa, bu ishi o‘sha inson uchun ulkan yaxshilik, xayr-baraka bo‘ladi.
Imom G‘azzoliy hazratlari bunday deydilar: “Qur’on siz so‘rashingiz mumkin bo‘lgan va u sizning so‘rovlaringizga javob bera oladigan tirik Rasuldir. Siz unga quloq solsangiz, u sizni qondiradi”.
Qalblari iymon nuri ila qorishib ketgan zotlar uchun, albatta, Qur’onda shifo bordir. Yana Qur’oni karimda sarosima, shaytoniy vasvasalar, nafsu havoga ergashishdan saqlovchi shifo bor. Qur’on o‘qigan paytimizda bizni farishtalar qurshab oladi va ular ham bizga qo‘shilib Rahmon bo‘lgan Zotning oyatlariga quloq tutadi. Samo farishtalari tuni bilan Qur’onga qoim bo‘ladigan yer farishtalariga yaqinlashadilar. Endi ayting-chi, odamlar uxlayotgan paytda, tun qorong‘usida biz Qur’on tilovat qilyapmizmi?! Yeru osmonlar Robbi bizga quloq soladigan darajada oyatlarini tilovat qilyapmizmi?!
Alloh taoloning shifo oyatlari quyidagilardir:
«...Va mo‘min qavmlarning ko‘ngillariga shifo beradir» (Tavba surasi, 14-oyat).
«Ey odamlar! Sizga o‘z Rabbingizdan mav’iza, ko‘ksingizdagi narsaga shifo, mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi» (Yunus surasi, 57-oyat).
«Biz Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz...» (Isro surasi, 82-oyat).
«...U iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir...» (Fussilat surasi, 44-oyat).
«...Unda (asalda) odamlar uchun shifo bordir...» (Nahl surasi, 69-oyat).
«Bemor bo‘lganimda menga shifo beradigan ham Uning O‘zi» (Shuaro surasi, 80-oyat).
Qur’oni karimni tilovat qilish, eshitish, amal qilish va har bir ishda undagi hukmlarga tayanib ish ko‘rishdan chetlashmang!
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Ahmad rivoyati.