O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida diniy ta'lim muassasalari va sohaga taalluqli ilmiy-tadqiqot markazlarining o'quv-uslubiy, ilmiy faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha Ilmiy-uslubiy kengashining 2-sonli majlisi bo'lib o'tdi, deya xabar bermoqda Akademiya Axborot xizmati.

Majlisda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi kafedralarini O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi ta'lim muassasalariga biriktirish, oliy diniy ta'lim muassasalarida kredit-modul tizimini joriy etish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar tizimni takomillashtirish bo'yicha takliflar, oliy va o'rta-maxsus islom ta'lim muassasalarida fanlarni o'qitishda zamonaviy pedagogik usullarni tatbiq etish, Imom Moturidiy xalqaro markazining 2021-yilgi faoliyati sarhisobi kabi masalalar qizg'in muhokama qilindi.

Majlis davomida diniy ta'lim sohasini an'anaviy uslublarni saqlagan holda zamonaviy yondashuvlar asosida yanada takomillashtirish, respublikada Oliy ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan innovatsiyalarni diniy ta'limga tatbiq etish masalalari bo'yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Din ishlari bo'yicha qo'mita Axborot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bu kecha Qur’oni karim nozil etila boshlagan. “Albatta, Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik” (Qadr surasi, 1-oyat).
Bu kecha “...ming oydan yaxshiroqdir” (Qadr surasi, 3-oyat).
Bu kechada quyosh chiqquniga qadar tinchlik va sokinlik hukm suradi. “U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir” (Qadr surasi, 5-oyat).
Bu kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uxlamay, tunni ibodat bilan o‘tkazardilar.
Bu kecha qilingan amallar 1000 oyda qilingan amallardan afzal va savobi ko‘pdir.
Bu kecha farishtalar tinimsiz mo‘min-musulmonlar haqqiga salavot va salomlar aytishadi.
Bu kecha haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim qadr kechasini iymon va ixlos ila qoim bo‘lib o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).
Bu kecha Alloh taolo bedor bo‘luvchi bandalarini boshqa oylardan ko‘ra ko‘proq ajru savoblar bilan mukofotlaydi.
Bu kecha issiq ham, sovuq ham bo‘lmaydi. Uning tongida quyosh qizg‘ish bo‘lib chiqadi.
Bu kecha haqida Oisha onamiz roziyallohu anho: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?” deb so‘radilar.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu duoni o‘qishni aytdilar:
اللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي
O‘qilishi: “Allohumma innaka a’fuvvun kariymun tuhibbul a’fva fa’fu a’nniy”.
Ma’nosi: “Allohim, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Gunohlarimni kechirgin” (Imom Termiziy rivoyati).
Bu kechada qilingan amallar salkam 84 yil beto‘xtov qilingan ibodatga to‘g‘ri keladi. 84 yil esa taxminan 30 ming-u 295 kunga teng. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning umrlari oltmish bilan yetmish o‘rtasidadir. Ozlarigina undan tashqarida bo‘ladilar”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Bu kecha gina-adovat, nafrat-arazlar, xafagarchiliklar unutiladigan, hamma bir-biridan rozilik hamda kechirim so‘raydigan kechadir.
Bu kecha barcha mo‘min-musulmonlarga muborak bo‘lsin! Fazilatli oy va muborak kunning fazilatidan Alloh taolo to‘liq bahramand etsin!
Davron NURMUHAMMAD