frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qirg'iziston ulamolarining Buxoro ziyorati (Fotolavha)

22.11.2021   2103   4 min.
Qirg'iziston ulamolarining Buxoro ziyorati (Fotolavha)

Qirg'iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Zamir domla Rakiyev boshchiligidagi delegatsiya Buxoro shahriga tashrif buyurdi. Buxoro viloyati hokimi o'rinbosari Erkin Majidov, viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Buxoriy, Mir Arab oliy madrasasi rektori Haydar domla Yo'ldoshxo'jayev, Mir Arab o'rta maxsus islom bilim yurti mudiri Jaloliddin domla Saburov, shuningdek, imom-xatiblar martabali mehmonlarni kutib olib, hamrohlik qildi.

Mehmonlar dastavval Buxoro shahrida joylashgan tarixiy obidalardan Masjidi Kalon jome masjidi, Poyi kalon ansambili va Mir Arab o'rta maxsus islom bilim yurti bilan yaqindan tanishdi.

Shundan so'ng mehmonlar 1127 yil qurilgan Minorai kalon va 500 yillik tarixga ega bo'lgan Mir Arab madrasasini ko'rib, Buxoroning qadamiy tarixi mehmonlarda hayrat va havas uyg'otdi. Shuningdek, Labi Hovuz majmuasi, Ko'kaldosh madrasasi va Nodir Devonbegi taxiriy obidalarni ziyorat qilishdi.

Keyin esa martabali mehmonlarni mezbon mutassaddilar bilan birga Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishdi. Muborak qadamjoda Qur'on tilovat qilinib, Haq taolodan xalqimiz tinchligi va farovonligini so'rab xayrli duolar qilindi.

Martabali mehmonlar peshin namozini Buxoro shahridagi “Fayzobod” jome masjidida ado qilishdi. Ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalar bundanda rivojlanishi va mustahkamlanishi uchun xayrli duolar qilinib, termir yo'l vakzaliga kuzatib qo'yildi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

13.08.2026   37168   3 min.
Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.

Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.

“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.

Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.

Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.

Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.

Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.

“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.

Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari