Ibrohim alayhissalomga farzandi va ayolini sahroda qoldirish buyrug'i berilganda u arqonni uzdi, Allohga taslim bo'ldi. Dediki: "Ey Robbimiz, haqiqatda men o'z zurriyotimdan, sening Baytul Haroming yoniga, giyohsiz vodiyga joylashtirdim. Ey Robbimiz, namozni to'kis ado etishlari uchun Bas, O'zing odamlardan ba'zilarining qalblarini ularga talpinadigan qilgin va ularni mevalardan rizqlantirgin. Shoyad shukr qilsalar"(Ibrohim surasi, 37-oyat).
Ibrohim alayhissalom va u zotning o'g'li Ismoil alayhissalom qurbonlik qilishga buyurilishganda, ikkovlari ham arqonni uzdilar: "Bas, qachonki (bola) uning o'zi bilan birga yuradigan bo'lganida: «Ey o'g'ilcham, men tushimda seni so'yayotganimni ko'rmoqdaman, boqib ko'r, nima deysan?» dedi. U: «Ey otajon, sizga amr etilganni bajaring, inshaalloh, meni sabr qilguvchilardan topursiz», dedi"(Soffat surasi, 102-oyat)
Hojar ham arqonni uzgandi. U Ibrohim alayhissalomdan: "Sizga buni Alloh amr etdimi?" deb so'ragadni, Ibrohim Alayhissalom: "Ha", dedilar. Shunda u: "Unday bo'lsa Alloh bizni zoye qilmagay!" dedi.
Haqiqatan ham Alloh Ibrohim alayhissalomning oilasini zoye qilmadi, zero bu Allohning shariati va bandalari uzra joriy qilgan odatidir. Allohning buyrug'iga bo'ysunishda yutqazish yo'q! Aksincha, yutqazishning bari Allohning buyrug'ini bajarmaslik, Uning shariatiga bo'ysunmaslikdadir.
Muso alayhissalomning onasi ham arqonni uzdi, u Fir'avn jallodlarining qilichidan asrab, emizikli farzandini suvga oqizib yubordi.
Alloh Muso va Fir'avn qissasini aslida eminlik qayerda-yu, xavf qayerdaligini bildirish uchun bayon etdi. Haqiqiy eminlik Allohning himoyasida bo'ladi, garchi odatda odamlar asranadigan xavfsizlikning barcha sabablari butkul yo'q bo'lsa ham.
Endi buning aksi bo'lgan misollar:
Qorun arqonni uzmagan edi! U mol-dunyo arqonini mahkam tutgan edi. Ilm-u zakovati uni yutuqqa olib chiqadi deb o'ylagan va haddidan oshgan edi. "U: «Menga u faqat o'zimdagi ilm tufayligina berilgandir», dedi"(Qosos surasi, 78-oyat).
Mol-davlati bilan, mulkidagi narsalar bilan yanada katta ketdi, faxrlandi va qavmi oldiga takabburlanib, bejirim ziynatlarga burkangan holda chiqdi. Dunyo orzusidagi pastkash insonlar uning mulkiga aldanishdi: "Bas, u (Qorun) qavmi huzuriga zebu ziynati ila chiqdi. Hayoti dunyoni xohlaydiganlar: «Qani endi bizga ham Qorunga berilgan narsadan bo'lsa edi. Haqiqatda u ulug' nasiba egasidir», dedilar" (Qosos surasi, 79-oyat).
Lekin asl haqiqatni faqat ilm va iymon ahligina ko'ra biladi: "Ilm berilganlar esa: «Voy bo'lsin sizlarga! Iymon keltirib, solih amallarni qilganlar uchun Allohning savobi yaxshidir. Unga faqat sabr qilganlargina erishurlar», dedilar"(Qosos surasi, 80-oyat).
Qorun hoyu-havas arqonini uzmay, ularni najot deb bilgach hamda Allohning arqonini ortiga tashlayvergach: "Bas, Biz uni va uning hovli-joyini erga yutdirdik. Unga Alloh (azobi)dan yordam beradigan guruh ham bo'lmadi, uning o'zi nusratga erishguvchilardan ham bo'lmadi"(Qosos surasi, 81-oyat).
Hammasi oddiygina tugadi. Qorunni ham, hovli-joyini ham er yutdi-qo'ydi. Qorun ham, uning boyliklari ham, kibru havosi ham yo'q bo'ldi-ketdi. Qorunga Allohning azobi kelganida unga yordam beruvchi topilmadi. Uning o'zi ham ilmi ila, molu dunyosi ila o'zini qutqarib qola olmadi. Allohga bu bog'iylar (izohtalab) hech narsa emas!
Namrud ham arqonni uzmagan edi, uni ham er yutdi.
Fir'avn va askarlari arqonni uzishmagandi, natijada "Dengiz ularni o'raganicha o'rab oldi" (Toha surasi, 78-oyat).
Namrud arqonni uzmagan edi, kofir holda mag'lub bo'ldi.
Demak, kim o'zining saltanatiga, ilmiga suyansa, adashar va xor bo'lar ekan!
Kimki Allohga suyansa, adashmaydi ham, xor ham bo'lmaydi.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari