Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Ushbu duoni o‘qish:
رب اغفر لي وتب على إنك أنت التواب الرحيم
“Robbig‘firliy va tub alayya innaka anta at-tavvabur rohiym”
Abdulloh ibn Umar aytadi: «Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir majlisda: “Robbim, meni kechirgin, tavbamni qabul qilgin. Albatta, Sen tavbalarni ko‘p qabul qilguvchi va rahmli zotsan” deganlarini yuz marta sanar edik» (Imom Buxoriy rivoyati).
2. Majlisni Allohning zikri bilan boshlash. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qaysi bir qavm biror majlisga o‘tirsa-yu, unda Allohni eslamasa, mana shu majlisini qiyomat kunida xasrat va nadomat ekanini ko‘radi” (Imom Ahmad rivoyati).
3. Yaxshi hamsuhbatni tanlash. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishi do‘stining dinida bo‘ladi. Har bir inson kimni do‘st tutayotganiga qarasin”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
4. Majlisga kirganda va ketayotganda salom berish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortangiz bir majlisga kelsa, salom bersin. Agar o‘tirishga fursat bo‘lsa, o‘tirsin. Qachon majlisdan tursa, salom bersin. Birinchi salom ikkinchisidan ko‘ra haliroq emas[1]”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyati).
4. Qo‘l berib ko‘rishish. Rasululloh sollallhou alayhi vasallam: “Ikki musulmon uchrashib, bir-biri bilan qo‘l berib ko‘rishsa, Allohga hamd aytib, istig‘for aytsa, ularning gunohlari kechiriladi”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
5. Majlisga kelib o‘tirganida ikki odamning o‘rtasiga ularning iznisiz o‘tirmaslik. Rasululloh sollallhou alayhi vasallam: “Ikki kishining orasiga ularning iznisiz o‘tirilmaydi”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
6. O‘tirgan kishini o‘rnidan turg‘izmaslik. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishini turg‘izib o‘rniga o‘tirishdan qaytardilar”.
7. Chap qo‘lni oraga qilib, yerga tayanib o‘tirmaslik. Umar ibn Sharik aytadi: “Chap qo‘limni orqaga qilib yerga tayanib o‘tirganimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimdan o‘tib qoldilar va: “Ustiga g‘azab tushganlarni o‘tirishiday o‘tirmagin”, dedilar.
8. Majlisga kelganda bo‘sh joyga o‘tirish. Jobir ibn Sumra roziyallohu anhu aytadi: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldiga kirsak, majlisning oxiri qayerda bo‘lsa, o‘sha yerga o‘tirar edik”.
9. Majlisda uch kishi bo‘lsa, undagi ikki kishi uchinchi odam oldida pichir-pichir qilmaslik. Bunday holatda, uchinchi odam men haqimda gaplashishyapti degan gumonga boradi. Bunday qilish odobsizlik sanaladi.
10. Odamlarning gapini poylamaslik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim bir qavm gaplashyotganida ularning gapiga quloq solib tursa, vaholangki, ular buni eshitishini xohlamayotgan edilar. Bunday odamning qulog‘iga qiyomat kunida qo‘rg‘oshin quyiladi”, (Imom Buxoriy rivoyati).
11. Majlisdan bir kishi biror hojati uchun o‘rnidan turib majlisdan chiqsa, qaytib kelgach, o‘sha joyga o‘tiradigan eng haqli odam uning o‘zidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz majlisdagi joyidan tursa, so‘ngra qaytib kelsa, shu joyga boshqalardan ko‘ra haqliroqdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
12. Majlis omonatini saqlash. Majlisdagi gaplarni tashqariga olib chiqmaslik.
13. Majlisdan turishda ushbu zikrni aytish:
سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ، أَشْهَدُ أَنَّ لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ، أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ
“Subhanakallohumma va bihamdika, ashhadu anla ilaha illa anta astag‘firuka va atubu ilayka”
“Allohim! Seni Senga hamd aytgan holimda poklab yod etaman. Guvohlik beramanki, Sendan o‘zga iloh yo‘q. Sendan kechirishingni so‘rayman va Senga tavba qilaman”.
Abu Barza roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ishni tugatib, majlisdan tursalar: “Subhanakallohumma va bihamdika, ashhadu anlaa ilaha illa anta astag‘firuka va atubu ilayka”, deb aytardilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
[1] Ya’ni birinchi salom qanchalik muhim bo‘lsa, ikkinchisi ham shunchalik muhimdir.