Turizm va sport vazirligining Ziyorat turizmini rivojlantirish departamenti hamda Surxondaryo viloyat Turizm va sport Bosh boshqarmasi tashabbusi bilan birgalikda «Yashil makon» umummilliy loyihasi yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan ziyorat ob'ektlari hududida 40 dan ortiq archa ko'chati o'tkazildi.
Bu borada 2-noyabr' kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig'ilishda aniq vazifalar belgilab olingan. Shuningdek, 10-dekabrga qadar daraxt ekish bo'yicha «dolzarb 40 kunlik» e'lon qilingan.
Davlat rahbari tashabbusi bilan yo'lga qo'yilgan«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko'chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgan. Bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyatni inobatga olib, daraxt ekishni davlat siyosati darajasiga ko'tarilishi ushbu loyihada belgilangan vazifalarni puxta tayyorgarlik bilan bajarishni taqozo etadi.
Birinchi navbatda, mavjud va yangidan barpo etiladigan yashil maydonlarga tuman yoki shahar hokimi tomonidan tayinlangan mutasaddi daraxtlarni parvarishlash bilan birga, ushbu hududni obod saqlashga ham mas'ul hisoblanadi.
"Ziyoratgohlarda tashrif buyuruvchilar sonini oshirishning asosiy yo'llaridan biri bu- ziyoratgohlar atrofini obodonlashtirish, ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishdir. Shu o'rinda ko'chatlar o'tqazish atrof-muhit landshaftining rivojlanishiga, pirovadida esa turistlar soni oshishiga xizmat qiladi",- deydi Ziyorat turizmi departamenti direktori J.Sayidov.
Ta'kidlash joizki, ziyorat turizmini rivojlantirish departamenti tomonidan Surxondaryo viloyatidagi Ziyorat turizmi hamda madaniy meros ob'ektlarida mahalliy va xorijiy turistlar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda ziyoratchilar sonini oshirish yuzasidan aniq takliflar tayyorlash maqsadida monitoring ishlari olib borilmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV