Alhamdulillah, yildan yilga diyorimizda dinimizni o'rganib, ilm o'rganayotgan, bilganiga amal qilayotgan, ixlosli kishilar ko'payib bormoqda. Ko'plab kitoblar chop qilinib, xalqimizning ma'rifati oshib bormoqda. Bu kitoblarni o'qish asnosida yangi-yangi masalalar o'rtaga chiqib, xalqimiz haqni botildan, rostni yolg'ondan ajratishni o'rganib bormoqdalar.
Ana shu ijobiy o'zgarishlar sabab qanchadan-qancha unutilayozgan sunnatlar ihyo qilinmoqda, kundalik turmushimizga suqulib kirib qolgan bid'atlar tark qilinmoqda. Bu g'oyatda quvonchli hol, albatta. Bir vaqtlar «birinchi zarbada elkalarigacha, ikkinchi zarbada bellarigacha» deb tortishib yurgan bo'lsak, endilikda tolibi ilmlarimiz halolni haromdan farqlash, qaysi amal e'tiqodga zid, qaysi amal esa oxiratda najotga sabab bo'lishi haqida ilmiy munozaralar qilishmoqda. Kechagina tahorat qilish, namoz o'qishni endi o'rgana boshlagan bo'lsak, bugungi kunga kelib masjidlarimiz to'lib, endi namozning nozik masalalarini ham mushohada qilmoqdamiz. Ushbu mo''jaz maqolada masjid odoblari hamda jamoat namoziga oid ana shunday masalalardan biri haqida so'z yuritamiz.
Shu kunlarda bir masala – jamoat namozi muntazam ado qilinadigan masjidda ikkinchi bor jamoat bo'lib namoz o'qish masalasi yuzaga chiqdi. Hadis kitoblarimizda bu borada «Bir bor jamoat bilan namoz o'qilgan masjidda ikkinchi bor jamoat bo'lish» deb nomlangan boblar ochilgan. Jumladan, imom Termiziyning hadis to'plamlarida Abu Sa'id, Abu Umoma, Abu Muso va Hakam ibn Umayr roziyallohu anhumdan bu haqda rivoyatlar qilingan. Shuningdek, Bayhaqiyning «Sunanul kubro» kitobida ham bu haqda rivoyat kelgan. Imom Buxoriy esa «Jamoat namozining fazli» nomli alohida bob ochib, unda Anas ibn Molikning xabarini ta'liq shaklda keltirgan. Unda, jumladan, shunday deyiladi: «Anas masjiddga kelganida namoz o'qilib bo'lgan edi. U azon va iqomat aytib, jamoat bilan namoz o'qidi».
Imom Termiziy keltirgan rivoyat esa quyidagicha:
حَدَّثَنَا هَنَّادٌ حَدَّثَنَا عَبْدَةُ عَنْ سَعِيدِ بْنِ أَبِي عَرُوبَةَ عَنْ سُلَيْمَانَ النَّاجِيِّ الْبَصْرِيِّ عَنْ أَبِي الْمُتَوَكِّلِ عَنْ أَبِي سَعِيدٍ قَالَ جَاءَ رَجُلٌ وَقَدْ صَلَّى رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم فَقَالَ : أَيُّكُمْ يَتَّجِرُ عَلَى هَذَا فَقَامَ رَجُلٌ فَصَلَّى مَعَهُ.
قَالَ وَفِي الْبَاب عَنْ أَبِي أُمَامَةَ وَأَبِي مُوسَى وَالْحَكَمِ بْنِ عُمَيْرٍ. قَالَ أَبو عِيسَى رحمه الله : وَحَدِيثُ أَبِي سَعِيدٍ حَدِيثٌ حَسَنٌ وَهُوَ قَوْلُ غَيْرِ وَاحِدٍ مِنْ أَهْلِ الْعِلْمِ مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم وَغَيْرِهِمْ مِنَ التَّابِعِينَ قَالُوا لاَ بَأْسَ أَنْ يُصَلِّيَ الْقَوْمُ جَمَاعَةً فِي مَسْجِدٍ قَدْ صَلَّى فِيهِ جَمَاعَةٌ وَبِهِ يَقُولُ أَحْمَدُ وَإِسْحَاقُ ، وقَالَ آخَرُونَ مِنْ أَهْلِ الْعِلْمِ يُصَلُّونَ فُرَادَى وَبِهِ يَقُولُ سُفْيَانُ وَابْنُ الْمُبَارَكِ وَمَالِكٌ وَالشَّافِعِيُّ يَخْتَارُونَ الصَّلاَةَ فُرَادَى
Abu Sa'id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz o'qib bo'lganlarida bir kishi kelib qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qay biringiz bu bilan tijorat qilasiz?» [yoki «Qay biringiz bu bilan birga (namoz o'qib) ajr olasiz?] dedilar. Shunda bir kishi o'rnidan turib, u bilan birga namoz o'qidi».
Imom Termiziy shunday deydi: «Bu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari hamda tobe'inlardan iborat bir jamoaning qavlidir. Ushbu hadisga binoan, imom Ahmad, Ishoq va bir necha ahli ilmlar shunga fatvo bergan. Boshqa ahli ilmlar «Kech qolgan alohida o'qiydi», deyishgan. Sufyon, Ibn Muborak, Molik va Shofe'iy ham «Bunday kishi namozni yolg'iz o'qiydi», deganlar.
Hanafiy ulamolaridan Yusuf Bannuriy o'zining «Ma'orifus-sunan» kitoblarida ushbu hadisni keltirib, quyidagilarni yozgan: «Bir kishi masjiddagi jamoatdan kech qolsa, namozni yolg'iz o'qiydi yoki uyiga kelib, ahli oilasi bilan jamoat qiladi yoki boshqa jamoatga boradi. Shunisi yaxshiroq».
«Roddul muhtor»da «Fathul Qodir»dan rivoyat qilinib, «Hanafiylar ittifoqiga ko'ra, jamoatni qidirib, boshqa masjidga borish vojib emas», deyilgan.
Mahalla masjidlarida azon va takbir aytib, ikkinchi jamoat qilish tahrimiy makruhdir. Ibn Obidiyn «Roddul muhtor»da: «Mahalla masjidida azon va takbir aytib, ikkinchi jamoat qilish tahrimiy makruhdir».
Abu Hanifa rohimahulloh: «Keyingi jamoatning azon va iqomatsiz jamoat bo'lib o'qishi tahrimiy makruhdir», degan. Mana shu «zohirur-rivoya»dir.
Abu Yusuf rohimahullohdan qilingan shozz rivoyatda: «Ikkinchi jamoat avvalgisi kabi bo'lmasa, makruh bo'lmaydi», deyilgan. Bu rivoyat «Roddul muhtor»da: «Abu Yusufdan rivoyat qilinadi» degan lafz bilan kelgan.
Keyingi jamoat bo'lib, mehrobdan boshqa joyda o'qish ham avvalgi jamoatdagi kabi bo'lmaydi. Bu gap sahihdir. Abu Yusufdan boshqa bir rivoyatda: «Ikkinchi jamoat birinchisidan ko'p bo'lsa makruhdir. Ammo uch yoki to'rt kishi bo'lsalar, masjid burchagida o'qisalar makruh emas», deyilgan. Lekin fatvo Abu Hanifa rohimahullohning qavliga bo'lib, ikkinchi jamoat makruhdir.
Imom Muhammad: «Kelinglar, jamoat qilamiz, deb bir birlarini chaqirib, jamoat qilsalar makruh, aks holda makruh emas», degan.
Rashid Ahmad Gango'hiy rohimahulloh o'zining «Al-Qutuful doniyah fi hukmi jamoatis-soniyah» deb nomlangan risolasida shunday deydi: «Abu Hanifa va jumhur ulamolar ikkinchi jamoat makruhligiga Tabaroniy «Al-Kabir» va «Al-Avsat» kitoblarida Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadisni dalil qilganlar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madina tomondan namoz o'qimoqchi bo'lib kelsalar, qavm namozni o'qib bo'lgan ekan. Shunda uylari tomon yo'l oldilar va ahllarini jam qilib, namoz o'qidilar».
Ikkinchi jamoat makruhsiz joiz bo'lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savobi bir necha bor ziyoda bo'ladigan masjidlaridagi namozni qoldirmas edilar. «Badoi'» kitobining sohibi Kosoniy rohimahulloh ham shuni dalil qilgan. Anas roziyallohu anhudan qilingan hadisga kelsak, keyingi jamoatni makruh deyuvchilar: «Anas roziyallohu anhuning hadisi hujjat bo'lmaydi. Rivoyatlar bir-biriga zid, birida Banu Sa'laba masjidida deyilsa, boshqasida Banu Rifo'a masjidida deyilgan. Bir rivoyatda Anas roziyallohu anhu imom bo'laturib safdan oldinga chiqmay turgan, deyilgan. Vaxolanki bunday turishning o'zi makruh. Boshqa rivoyatda esa «oldinga chiqib», deyilgan. Shuningdek, «Badoyi'» kitobida Anas roziyallohu anhuning o'zidan: «Rasululloh solallohu alayhi vasallamning sahobalari jamoatdan kech qolsalar, masjidda yolg'iz o'qir edilar», degan rivoyat keltirilgan. Shayximiz «Osorus-sunan»ga yozgan ta'liqotlarida Hasan Basriydan ham: «Sahobalar (jamoatga ulgurishmasa) yolg'iz o'qishar edi», degan rivoyatni keltirgan (Yusuf Bannuriy).
Shuningdek, barcha hadis zahiralarimizga qarasak, Masjidun Nabaviyda Termiziy keltirgan birgina voqeadan boshqa ikkinchi jamoat bo'lgani zikr qilinmagan. Qolaversa, hadisda kelgan voqeada nafl o'quvchining farz o'quvchiga iqtido qilgani aytilgan. Vaholanki bu erda gap farz namoz o'qimoqchi bo'lgan kishining farzga o'qiyotgan kishiga iqtido qilishi haqida bormoqda. Sahobalarda «Jamoatdan kech qolgan kishi ikkinchi jamoat qilib o'qiyveradi», degan odat ham bo'lmagan. Anas roziyallohu anhu o'qigan masjid yo'l bo'yida joylashgan masjid bo'lishi ham mumkin. Madinadagi barcha kichik-kichik masjidlar zikr qilinganda, bu nomdagi masjid aytib o'tilmagani ham bu gapni quvvatlaydi. U holda, yuqorida aytib o'tganimizdek, imomi tayin bo'lmagan masjidda ikkinchi jamoat bo'lib o'qish aslo makruh emas.
Qolaversa, kundalik besh mahal namozlar muntazam ravishda jamoat bo'lib o'qiladigan masjidlarda ikkinchi jamoat hosil qilish Islom ruhiga ham ziddir, chunki bunda birinchi jamoatga beparvolik, tarqoqlik, guruhbozlik bor, Islomning shiori sanalgan jamoatga putur etkazish bor. Ikkinchi jamoatning makruhligini bilgani uchun yolg'iz o'qiyotganlarga malomat qilish esa hanafiy mazhabiga va jumhur mazhablarga ziddir.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
O‘lim bir eshik. Barcha insonlar undan o‘tadi. Eh koshki, bu eshikka kirgandan keyin mening uyim qanaqaligi ma’lum bo‘lsa?!
Birodar! Qarang, qabrdagilar bir-birlariga juda yaqin yotishibdi. Lekin ular sirtdan yaqin qo‘shni. Aslida esa, bir-birlarining yoniga ham bora olmaydilar.
Usmon roziyallohu anhu qachon qabr yonidan o‘tsalar, shu darajada yig‘lar edilarki, soqollari ko‘z yoshlaridan ho‘l bo‘lib ketardi.
U kishidan: "Siz nega jannat va do‘zaxni esga olganingizda yig‘lamaysiz. Lekin qabrni ko‘rib yig‘laysiz?" deb so‘rashdi. U kishi shunday dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qabr oxiratning ilk manzilidir", deganlar. Shunga ko‘ra, agar mayyit qabrdagi azobdan najot topsa, undan keyingi hayot oson bo‘ladi. Agar qabrdagi azobdan najot topa olmasa, u holda undan keyingi hayot qiyin bo‘ladi.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Men qabrdan ko‘ra daxshatliroq biror manzarani ko‘rmadim", deganlar.
Biz uchun bu qabrlarda ibrat yo‘qmi? Qarang, boy ham, faqir ham, zo‘ravon ham, kuchsiz ham, oq tanli ham, qora tanli ham, podshoh ham, fuqaro ham barcha barobar yotibdi. Ular dunyoga qaytishni xohlaydilar. Boylik jamlash yoki qasr qurish uchun emas, balki, koshki men bir namoz o‘qish uchun muhlat topsam, koshki bizga bir martagina "Subhanalloh" deyish uchun fursat berilsa, deb, shu amallarni qilish uchun dunyoga qaytishni xohlaydilar. Lekin endi iloji yo‘q. Nomai a’mol yopilib bo‘ldi. Ruh jismdan chiqqan. Hayot muhlati tugab bo‘lgan. Endi har bir mayyit o‘z amalining garovi o‘laroq qabrida yotibdi...
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan