Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Noyabr, 2025   |   10 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:34
Quyosh
06:54
Peshin
12:12
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:36
Bismillah
01 Noyabr, 2025, 10 Jumadul avval, 1447

Jannat ahli jannatda nima bilan mashg'ul bo'ladilar?

21.11.2021   2564   7 min.
Jannat ahli jannatda nima bilan mashg'ul bo'ladilar?

1. Jannatda jannat ahli uchun faqat rohat-farog'at, anvoyi nozu ne'matlar bo'ladi, u erda o'lim, kasallik, musibatu g'am-tashvish bo'lmas: «Albatta, jannat ahli u kunda (rohat va farog'at) ish(lari) bilan shoddirlar» (Yosin surasi, 55-oyat).

2. Jannat ahli och ham, yalong'och va tashna ham bo'lmaslar: «Shubhasiz, sen u joyda (jannatda) och va yalang'och ham qolmaysan. Shuningdek, sen u joyda tashna ham bo'lmaysan va issiqda ham qolmaysan» (Toho surasi, 118-119-oyat).

3. Jannat ahli salqin soyalarda o'tiradilar: «Ular o'z juftlari (xotinlari) bilan birga soyalarda, so'rilarda suyanib o'tirurlar» (Yosin surasi, 56-oyat).

4. Jannat ahliga Alloh taoloning salomi bo'ladi: «(Ularga) rahmli Parvardigor (tomoni)dan salom (aytilur)» (Yosin surasi, 58-oyat).

5. Jannat ahli Allohni ko'radilar: «U kunda ba'zi yuzlar yashnab turuvchi, Parvardigorlariga boquvchidir» (Qiyomat surasi, 22-oyat).

6. Jannat ahli jannatda xursandchiliklar qiladilar: «Bas, imon keltirgan va solih amallarni qilganlargina ravza (jannat)da xursandchilik qilurlar» (Rum surasi, 15-oyat).

7. Jannat ahli behuda gap-so'zlarni eshitmaslar, ularga o'zlari istagan rizqlar paydo bo'ladi: «U joyda ular behuda so'z eshitmaslar, balki «salom» (so'zini eshiturlar). U joyda ular uchun ertayu kech rizqlari hozirdir»(Maryam surasi, 62-oyat).

8. Jannat ahli jannatda bezanib oladilar: «...Ular u joyda oltin bilakuzuklar va marvaridlar bilan bezalurlar, liboslari esa harir (ipak) bo'lur» (Haj surasi, 23-oyat).

9. Jannat ahli turli xil shirin mevalar iste'mol qiladilar: «...Rizq etilgan mevalardan har gal tanovul qilganlarida: «Bu ilgari biz egan mevalarning xuddi o'zi-ku?!» – deydilar. Zero, ularga (surati) bir-biriga o'xshash mevalar berilgan edi...» (Baqara surasi, 25-oyat).

Jannatdagi noz-ne'matlarning tashqi ko'rinishi xuddi bu dunyodagiga o'xshash bo'lib, mazasining totliligi bilan farq qilar ekan. Jannat ahli tanovul qilmay turib: “Bu oldin (dunyoda) tanovul qilgan narsalarimizning o'zi-ku!” der ekanlar. Yeb ko'rganlaridan keyin esa, jannat mevalarining mislsiz totli ekaniga amin bo'ladilar.

10. Jannat ahli baland ko'rpachalar ustida o'tiradilar: «(Ular) tikansiz butazorlarda,tizilgan bananzorlarda, yoyiq soya (osti)da,oqizib qo'yilgan suv (bo'yi)da, ko'plab meva (uzra)ki, (ular) tuganmas va man etilmasdir. Shuningdek, (ular) baland to'shalgan ko'rpachalar (usti)dadirlar» (Voqea surasi, 28-34-oyat).

11. Jannat ahli pok sharob ichadilar: «Ustilarida yashil ipak va shoyi liboslar bo'lib, ular kumush bilakuzuklar bilan bezangan bo'lurlar va Parvardigorlari ularga pok sharob ichirur» (Inson surasi, 21-oyat).

12. Jannat ahli sut, may ichadilar, asal va mevalar eydilar: «Taqvoli zotlar uchun va'da qilingan jannatning misoli (sifati budir): Unda aynimas suvdan iborat anhorlar ham, ta'mi o'zgarmas sutdan iborat anhorlar ham, ichuvchilar uchun lazzatli (aqldan ozdirmaydigan) maydanbo'lmish anhorlar ham va musaffo asaldan iborat anhorlar ham bordir. Ular uchun u joyda barcha mevalardan bordir va (u joyda) Parvardigorlari (tomoni)dan mag'firat bordir» (Muhammad surasi, 15-oyat).

13. Jannat ahli ko'rpachalar ustida, yostiqlar uzra yastanib o'tiradilar: «(Jannat ahli) astarlari shoyidan bo'lgan ko'rpachalar uzra yastangan holda (o'tirurlar)» (Rahmon surasi, 54-oyat). (Jannat ahli) yashil yostiqlar va go'zal gilamlar uzra yastangan hollarida (o'tirurlar) (Rahmon surasi, 76-oyat).

14. Jannat ahli Alloh taologa hamd aytadilar. ...(Shunda) ayturlarki: «Ushbu (hidoyat)ga bizni boshlagan Allohga hamd (aytamiz). Agar bizni (O'zi) boshlamaganida, to'g'ri yo'lni topa olmagan bo'lur edik. Rabbimizning payg'ambarlari haqiqatni keltirgan ekanlar». Ularga nido qilinurki: «Mana shu – jannat. Qilgan (savobli) amallaringiz sababli u sizlarga meros qilib berildi» (A'rof surasi, 43-oyat).

 

Alloh taolo barcha mo'min-musulmonlarni jannat bog'larida taqvodor va solihlar bilan birga qilishini, O'z rahmati bilan o'rab olishini hamda Payg'ambarimiz alayhissalomning shafoatlariga noil  qilishini so'rab, duolar qilaman. Omin Ya Robbal A'lamiyn.

 

Davron NURMUHAMMAD

tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ma’rifiy suhbatlar: To‘y qilish odoblari

31.10.2025   5873   1 min.

"Madaniyat va ma’rifat" telekanali