Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2025   |   26 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:22
Asr
16:38
Shom
18:31
Xufton
19:44
Bismillah
18 Sentabr, 2025, 26 Rabi`ul avval, 1447

Fiqhiy mazhablarning haqligi borasida hujjat va fatvolar

21.11.2021   1475   10 min.
Fiqhiy mazhablarning haqligi borasida  hujjat va fatvolar
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining oxiriga kelganda, Qur'oni Karim oyatlari tushishi ham oxiriga etib qoldi. Keyingi bosqichdagi oyatlarning aksariyati hukmlarga tegishli edi. Turli qabila va yurt odamlari Islomni qabul qilishdi. Yangi musulmonlar qarshisida deyarli yigirma uch yil davomida tushib to'plangan oyatlarni o'qib-o'rganish, ularga amal qilish, shariat ahkomlarini o'z hayotlarida tatbiq qilish vazifasi turar edi. Tabiiyki, yosh sahobalar o'zlaridan kattalardan, yangi musulmonlar eskilaridan sha'riy masalalarini so'ray boshlashdi.
 
Bu ishlarda ba'zi sahobalar o'z ilmlari, topqirliklari bilan boshqalardan ajralib chiqdilar. Ulamolarimiz fiqh bilan mashhur bo'lgan to'rt xalifani, Abdulloh ibn Ma'sud, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Amr ibn Oss, Zayd ibn Sobit va Oisha onamiz roziyallohu anhumni misol qilib keltiradilar.
 
Shuningdek Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam aholisi musulmon bo'lgan uzoqroq yurtlarga o'z vakillarini, o'sha erdagilarga shariat ahkomlarini o'rgatish, ularning hayotida oriz bo'ladigan masalalarni hal etish uchun yubora boshladilar.
 
Jumladn, Yamanga Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni yuborishni iroda qildilar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu o'z ish joylariga jo'nab ketayotganlarida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u kishini to'xtatib, “U erda senga bir masala oriz bo'lsa, qanday qilib hukm chiqarasan?” deb so'radilar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu “Allohning Kitobi ila”, deb javob berdilar. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam: “Allohning Kitobidan topa olmasangchi?” deb so'radilar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu “Allohning payg'ambari sunnati ila”, deb javob berdilar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohning payg'ambari sunnatidan ham topa olmasangchi?” deb so'radilar. Shunda Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu qarab turmasdan, “Fikrim ila ijtihod qilaman”, dedilar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu javoblardan g'oyat mamnun bo'ldilar va: “Alloh rasulining vakilini, Allohni va rasulini rozi qiladigan narsaga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo'lsin”, dedilar.
 
Barcha hadis kitoblarida keltirilgan ushbu mashhur voqea asrlar davomida faqihlarimizni yangidan-yangi ilmiy cho'qqilarga, izlanishlarga chorlashi bilan birga, Qur'oni Karim oyatlari, boshqa hadislar bilan bir qatorda fiqh ilmiga hujjat va dalil bo'lib kelmoqda.
Birinchi hijriy asrning ikkinchi yarmi va ikkinchi hijriy asrda Islom dini dunyo bo'ylab keng tarqaldi. Turli arab bo'lmagan xalqlar ham musulmon bo'ldilar. Tabiiyki, ular o'zlariga Qur'oni Karim va Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan shariat ahkomlarini chiqarib, tartibga solish imkoniga ega emaslar. Bir tarafdan til bilmaydilar, qolaversa, ilmlari yo'q. Nima qilish kerak? Bilganlardan so'rash kerak. Shunday qilib, asta-sekin kishilarga diniy hukmlarni o'rgatadigan, ularning savollariga javob beradigan kishilar ajralib chiqa boshladi. Keyinchalik sharoit butun boshli kitoblar ta'lif qilish, masalalarni jamlab bayon qilishni ham taqozo qilib qoldi. Bu haqiqatni xalifa Abu Ja'far Mansur va Imom Molik oralarida bo'lib o'tgan hodisadan ham bilib olsak bo'ladi. Imom Molik ibn Anas yoshliklarida Abu Ja'far Mansur bilan birga o'qigan ekanlar. Katta bo'lganlarida yo'llari turlicha bo'lib, Imom Molik ilmda, ayniqsa, fiqhda ulkan allomalik darajasiga etib, hammaning hurmatiga sazovor bo'ldilar. Og'aynilari va hamdarslari bo'lmish Abu Ja'far Mansur Imom Molik bilan majlis qurdi va u kishiga: “Yaqin orada men bilan sendan ilmliroq odam yo'q, o'zing ko'rib turibsan, men mana shu ish ila mashg'ul bo'lib qoldim (ya'ni, xalifalik). Sen odamlarga diniy ishlarini engillashtirib bersang”, dedi. Imom Molik rozi bo'ldilar va “Muvatto” kitobini ta'lif qildilar. Yanagi haj mavsumida “Muvatto” kitobi bilan tanishgan xalifa Abu Ja'far Mansur qoyil qoldi va Imom Molikka: “Juda yaxshi qilibsan, agar xohlasang, hamma odamlarni shu kitobga jamlayman”, dedi. Imom Molik: “Yo'q, unday qilma, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning sahobalari hamma yoqqa tarqalib ketishdi, ularning har biri o'zi bilan yaxshilikni olib ketdi”, dedilar.
 
Ushbu qissadan ko'rinib turibdiki, o'sha davrda hatto davlat boshlig'i ham kishilarga fiqhiy ko'rsatmalar majmuasi lozimligini anglab etgan. Ulamolar, jumladan, Imom Molikdek zabardast olim ham bu zaruratni tushunib etganlar. Shuning uchun ham Islom olamining turli joylarida fiqh ulamolari etishib chiqa boshladilar. Mazkur ulamolar o'z ilmiy ishlarida fiqhiy ijtihodlariga to'rtta narsani asosiy manba qilib olganlar.
Birinchisi: Qur'oni Karim. Faqih Islomda biror narsaning hukmi qanday ekanligini bilmoqchi bo'lsa, avvalo Qur'onga murojaat qiladi. Unda nima hukm bo'lsa, hech qanday ikkilanishsiz qabul qiladi.
Ikkinchisi: Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari. Agar faqih o'sha masalaga javobni Qur'ondan topa olmasa, sunnatga murojaat qiladi. Uni topib hukmini bayon ham qiladi.
 
Uchinchisi: Ijmo'. Bu bir davrning ijtihod ahli bo'lgan ulamolarning bir ovozdan biror masalani qabul qilishlaridir. Misol uchun, Qur'oni Karimni kitob shakliga keltirish zarurligi Qur'onning o'zida ham, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida ham ta'kidlanmagan. Ammo Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan so'ng urushlarda Qur'onni yod biladigan qorilar ko'plab shahid bo'layotganidan tashvishlangan hazrati Umar roziyallohu anhuning takliflari bilan xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Qur'onni jamlashga amr berdilar. Bunga hamma rozi bo'ldi, hech kim qarshi chiqmadi. Bu ish ijmo' orqali amalga oshdi.
To'rtinchisi: Qiyos. Ya'ni, avvalgi manbalarda hukmi kelmagan masalani, shunga o'xshash manbalarda hukmi bor narsaga qiyoslab hukm chiqarish.
 
Misol uchun, Qur'onda xamr, ya'ni o'sha vaqtda uzum, arpa, asal, xurmo kabi narsalarni achitish yo'li bilan olinadigan mast qiluvchi ichimlik harom qilingan. Ulamolar shunga qiyoslab ulardan boshqa mast qiluvchi ichimliklarning barchasini harom deb ataganlar.
Faqihlarimiz suyanadigan yana ba'zi manbalar ham bor. Ular to'rtta mazkur asosiy va qolgan yordamchi manbalarga suyangan holda ko'p masalalarni hal qilganlar. O'sha davrda ko'plab faqihlar etishib chiqqanlar. Ularning ko'pchiligi o'zlari dunyodan o'tishlari bilan fiqhiy ishlari ham qolib ketgan. Ammo musulmonlar ommasiga keng tarqalgan, shogirdlari va orqasidan ergashuvchilari ko'p bo'lgan ulamolar fiqhiy mazhab sohiblari, deb tan olingan. Shulardan to'rttalari butun dunyoga mashhur bo'lganlar va ularning mazhablari musulmonlar jumhuri tomonidan rasmiy fiqhiy mazhablar, deb tan olingan. Bular quyidagi mazhablar:
1. Hanafiy mazhabi — Shom, Turkiya, O'rta Osiyo xalqlari, Pokiston, Hindiston, Bangladesh va boshqa yurtlarda keng tarqalgan.
2. Shofe'iy mazhabi — Misr, Suriya, Indoneziya, Malayziya, Filippin, Tayland va ba'zi Afrika davlatlarida tarqalgan.
3. Molikiy mazhabi — Libiya, Tunis, Jazoir, Mag'rib, Mavritaniya, Nigeriya va boshqa Afrika davlatlarida tarqalgan.
4. Hanbaliy mazhabi — Arabiston yarim orolida tarqalgan.
 
        “Fiqhiy mazhablarning ba'zi masalalarga oid ixtilofini taqozo qilgan ilmiy sabablari bor. Bu ishda Alloh Taoloning katta hikmati, jumladan, bandalariga rahmat va shar'iy dalillardan hukm chiqarishga keng yo'l ochish bordir. So'ngra bu narsa bir ne'mat va fiqhiy-qonuniy boylik bo'lib, Islom ummatiga diniy va shar'iy ishlarda kenglik yaratib beradi. Shunda birgina, boshqasiga o'tib bo'lmaydigan shar'iy tatbiq ila chegaralanib qolinmaydi. Balki, ummatga ba'zi vaqtlarda va ishlarda faqih imomlardan birlarining mazhabi torlik qilib qolsa, boshqa mazhabda kenglik, yumshoqlik va osonlik topiladi. Mazkur narsa ibodatga, muomalotga yoki oila, mahkama va jinoiy ishlarga hamda hayotning boshqa sohalariga oid bo'lishi mumkin. Mazhablarning ushbu ixtilofi-fiqhiy ixtilofdir. Bu dinimizning kamchiligi ham, dinimizdagi qarama-qarshilik ham emas. Bundoq ixtilofning bo'lmasligi mumkin ham emas. O'zining komil fiqhi, ijtihodi va qonuniy nizomiga ega bo'lgan har bir ummatning fiqhiy ijtihodiy ixtilofi bo'lmay iloji yo'q”.
 
Albatta, jahondagi eng mo''tabar islomiy tashkilotlardan biri bo'lmish Robitai Olami Islomiyning Islom Fiqhi Akademiyasi kengashining ushbu bayonotidan keyin o'zini bilgan har bir musulmonda fiqhiy mazhabni haq ekanligida va ularni ehtirom qilish zarurligida hech shubha qolmasligi lozim.
 
O'zlarini “mazhabsiz” deb nomlagan Hindiston salafiylarining etuk olimi Siddiq Hasanxon: “25 yillik hayot tajribamdan kelib chiqib aytamanki, omma xalq mazhabga amal qilmasa oxir oqibat dindan chiqar ekan” degan. Shayx Ramazon Butiy rahmatullohi alayh ham “Mazhabsizlik dinsizlikka ko'prikdir” deganlar.
 

Shovot tuman “Qarri Eshon bobo” masjid imom-xatibi P.Bobojonov 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida xayr-ehson va birdamlikka chorlovchi sayyor yig‘ilish o‘tkazildi

17.09.2025   2032   3 min.
Samarqand viloyati Paxtachi tumanida xayr-ehson va birdamlikka chorlovchi sayyor yig‘ilish o‘tkazildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi tashabbusi hamda yillik ish rejasi doirasida Paxtachi tumanida ma’naviyat, mehr-shafqat va xayr-saxovat ruhi bilan yodda qolarli sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilish avvalida viloyat bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov ishchi guruh a’zolari bilan uchrashib, sayyor uchrashuvlarni samarali va mazmunli tashkil etish yuzasidan muhim ko‘rsatma va topshiriqlar berdi. U kishi har bir masjid imom-xatibi hamda mas’ul shaxslarga aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning muammolarini eshitish va imkoniyatdan kelib chiqib joyida hal etish zarurligini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng Ahmadxon domla, Paxtachi tumani bosh imom-xatibi I.Isayev hamrohligida tuman markazidagi “Xo‘ja Ziyovuddin” jome masjidi hududida og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, bemor va nogironligi bor oilalar xonadonlariga tashrif buyurdi. Ushbu tashriflar doirasida:

  • Xonadon egalariga oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
  • Vaqf xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali tomonidan 7 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Har bir xonadonda samimiy muloqot o‘rnatilib, ezgu duolar qilindi. Ota-onalarning minnatdorliklari barcha ishtirokchilar qalbiga iliqlik bag‘ishladi.

Viloyat ishchi guruhi Paxtachi tumanidagi 12 ta masjidda Peshin namozini ado etib, jamoatga quyidagi yo‘nalishlarda ta’sirli ma’ruzalar qildi:

  • “Qo‘shnichilik munosabatlari va ularning odoblari”
  • “Oila – muqaddas ”
  • “Axborot olish va tarqatishda mas’uliyat”
  • “Tinchlik va osoyishtalikning beqiyos qadri”
  • “Farzand tarbiyasi – buyuk burch va mas’uliyat”
  • “Yoshlar – kelajak timsoli va umid sutuni”
  • “Berilgan ne’matlarga shukrona qilish fazilati”
  • “Oilaviy totuvlik va birdamlikni asrash”
  • “Chetdan kirib kelayotgan yot g‘oyalarga aldanmaslik”

Shuningdek, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Nursultonxon domla Abdumannonov “Xo‘ja Ziyovuddin” jome masjidida “Salomatlik va osoyishtalik – eng katta boylik” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy quvvatga to‘la ma’ruza qildi.

Yig‘ilish yakunida Paxtachi tumanidagi 16 mahallaning ijtimoiy ahvoli, aholining ehtiyojlari va muammolari tahlil qilindi. Masjid hujjat yuritishi, obodonchilik ishlari va jamoat bilan muloqot samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilandi.

Rahbarlar tomonidan aholi bilan yaqin hamkorlik qilish, diniy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va xayr-saxovat ishlarini yanada kengaytirish yuzasidan qat’iy ko‘rsatmalar berildi.

Tadbir so‘ngida barcha ishtirokchilar yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi va yurtboshimiz olib borayotgan xayrli ishlariga zafarlar tilab, birgalikda xayrli duo qildilar.

Bu sayyor yig‘ilish Paxtachi ahli uchun nafaqat amaliy yordam, balki ma’naviy ko‘tarinkilik, birdamlik va kelajakka ishonch ruhini uyg‘otgan yodda qolarli kun bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakillgi Matbuot xizmati

Yangiliklar