Muhandislik fakul'tetiga o'qishga kirdim. Boshida o'zim qiziqqan soha menga biroz qiyinlik qila boshladi. Lekin shunga qaramay qo'limdan kelganicha harakat qildim. O'quv yili ham oxirlab, imtihonlar boshlandi. Birinchi imtihondan o'ta olmadim. Lekin yana bir imkoniyatim bor edi. Qayta imtihon topshirishga tayyorgarlik ko'ra boshladim. Ota-onamga birinchi imtihon natijalarini bildirmadim. Ochig'i, aytishga qo'rqdim. Chunki ulardan yaxshigina dashnom eshitishim turgan gap edi.
Ikkinchi imtihon ham o'tdi. Lekin bu imtihonda favqulodda o'ta qiyin savollar tushdi. Bilmadim, balki o'zim yaxshi tayyorgarlik ko'ra olmagandirman. Hullas, qayta topshirish natijalari ham ko'zni quvontirmadi. Imtihondan o'ta olmaganingizdan keyin tabiiyki, o'qishdan chetlatilasiz. O'qishdan chetlatilish bu o'qishdan haydalish demakdir! Buni endi ota-onamga qanday aytaman deb rosa o'ylandim. Hayolimga har xil yomon fikrlar kelib, o'zimni biror nima qilsammi deb ham o'yladim. Lekin darhol o'zimga kelib, shaytonning vasvasasiga chap berdim. Axir ota-onam meni shuncha yil boqib katta qilib, ne umidlarda o'stirib, endi ko'zlarini quvontiradigan paytimda dog'imni ko'rib o'tirishsa-ya! Yo'q, aslo unday irodasizlik qilmayman. Shartta boraman-da bo'lgan ishlarni ochiq-oydin aytaman. Ular mening eng yaqin insonlarim. Meni hammadan ko'ra yaxshiroq tushunishadi. Shunday o'ylar og'ushida qishloqqa yo'l oldim.
Uyga kirar ekanman, meni ziyoratga keldi deb o'ylab kutib o'tirgan ota-onamga shumxabarni qanday etkazishni bilmasdim. Endi gap boshlayman desam bo'g'zimga nimadir tiqilib qolar, gapirishga qiynalardim. Oxiri bo'lmadi, nima bo'lsa, bo'lar dedim-da, ichimdagi dardimning hammasini to'kib soldim.
Gapirishga gapirdim-u, hayajondan ichim qiziy boshladi. Honadagi sukunat quloqni yorib yuborgudek bo'lsa ham, negadir qulog'imga boshimda sinadigan tayoqning qarsillashi, hali aytilmagan so'kishlar eshitilayotgandek bo'ldi. Onam boshlarini quyi solgan ko'yi qimirlamay o'tiribdilar. Ularning odatlarini bilaman: otamning huzurlarida xuddi podshoh oldidagi vazir kabi sukut saqlab turadilar, o'rni bo'lsa, gapiradilar. Onamdan xavotirim yo'q, ular menga har nima bo'lganda ham mehribonchilik qiladilar. Hamma xavotirim otamdan. Har holda otalar qattiqqo'l bo'lishadi.
Otamning yuzlariga egilgan boshimni zo'rg'a ko'tarib bir-bir qarab qo'yaman. U kishi biror og'iz so'z demasdan uzoq o'ylandilar. Choydan bo'shagan piyolani xuddi naqshlari qanday chizilganini o'rganayotgandek hali u yog'igi, hali bu yog'ini ag'darib-to'ntarib ko'rardilar. Jazoni olishdan ko'ra uni kutish kishiga azob berar ekan. Nihoyat otam tomoqlarini bir qirib oldilar. Boshlarini ko'tarib menga qaradilar-da: “O'g'lim, sen erkak kishisan, bu holatni o'zing to'g'rilay olasan!” dedilar. Bo'ldi, boshqa biror so'z demadilar. Shu topda boyadan beri peshonamdan oqib turgan terni, uning sovuqligini his qila boshladim. Yelkamdan tog' ag'darilgandek o'zim ham o'tirgan joyimda erga yiqilay dedim. Ochig'ini aytganda, men bundan boshqacha bo'lishini kutgandim.
Honamga kirib narsalarimni joylar ekanman, otamning vazmin ohangda aytgan gaplari qulog'im ostida qayta-qayta aks-sado berayotgandek bo'laverdi. “O'g'lim, sen erkak kishisan, bu holatni o'zing to'g'rilay olasan”.
Yoz fasli men uchun og'ir o'tdi. Butun yoz bo'yi otamning shu bir og'iz so'zlari xayolimdan ketmadi. Qayerda bo'lsam ham, nima ish bilan mashg'ul bo'lsam ham, bu gaplari xayolimdan ketmasdi. Chunki bu tushungan odam uchun ming marta so'kkandan ko'ra og'ir gap edi-da!
Yangi o'quv yili uchun qabul kunlari boshlandi. Yaxshi niyatlar bilan aniq fanlar fakul'tetining fizika qismiga hujjat topshirdim. Allohning fazli ila imtihonlardan qoniqarli baho olib o'qishga qabul qilindim.
O'quv yilining ilk kunlarida ota-onamdan duo olib shaharga otlandim. Bilim yurtida o'tkazgan har bir kunimda orqamda mening muvaffaqiyatimga intizor ota-onam, xalqim, qolaversa, o'z bilimim va malakam bilan musulmonlarga xizmat qilish maqsadi doimo diqqat markazimda bo'ldi.
Allohni barakasi ila bu safargi ilm tahsilida ko'plab yutuqlarga erishdim. Hattoki, bitiruv imtihonlaridan yuqori baholar olib imtiyozli shahodatnoma (diplom) olishga muvaffaq bo'ldim.
Undan keyin o'qishni to'xtatib qo'ymadim. O'z sohamda avval magistrlik, keyin esa doktorlik darajalariga erishdim. Albatta, bularning bari Allohning fazli va ota-onam duolari sharofatidan o'zga narsa emas edi.
Bir kuni institut e'lonlar taxtasida o'zim haydalgan muhandislik fakul'tetiga ustoz qidirilayotganiga ko'zim tushdi. E'lonni ko'rdim-u bir necha yil ilgari bo'lib o'tgan voqealar zehnimda gavdalana boshladi. O'qishdagi qiyinchiliklar, muvaffaqiyatsiz imtihonlar va albatta, otamning o'sha gaplari...
O'ylab-o'ylab ustozlarimning maslahat va tavsiyalari bilan o'sha fakul'tet so'roviga javoban ariza yozdim. Arizamni ijobiy qabul qilib meni muhandislik fakul'teti fizika o'qituvchisi qilib ishga olishdi.
Institutdagi faoliyatim davomida rahbariyat tarafidan katta o'qituvchi lavozimiga loyiq ko'rildim. Institutdagi xonamga savol so'rab kirgan talabalardan tashqari, turli yumushlarda ko'plab insonlar tashrif buyurishardi. Ularning ko'zlari xonam eshigidagi “Quvilgan erimda izzat topdim” degan yozuvga tushardi.
Ha, men shu yozuvni eshigimga yozdirib qo'ygandim. Bu bilan har kuni ishga kelganimda, har safar xonamga kirganimda Allohning ne'matlarini yodga olishni maqsad qilgandim. Eshigimdagi yozuv haqida so'ragan har bir kishiga erinmasdan boshimdan o'tgan ishlarni, otamning oqilona tarbiya uslublari va Allohning fazli haqida aytib, suhbatdoshlarim ichida umidsizlikka tushib qolganlari bo'lsa, ularning so'nib qolgan umid uchqunlarini alangalatishga harakat qilardim.
Darhaqiqat, ushbu yozuv aslida kim bo'lganimni, Allohning fazli va otamning mehri sabab shu darajalarga erishganimni doimo yodda saqlashimga sabab bo'ldi.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari