Bugungi sertashvish dunyoda qalblarimiz boylik, mol-dunyo to'plash, baland-baland imoratlar qurish, qimmat mashinalar minish bilan mashg'ul bo'lib qoldi. Kimdan so'rasangiz, orzulariga eta olmayotganidan, ko'ngli xotirjam emasligidan, huzur-halovat yo'qligidan noliydi.
Aslida, rizq-ro'z ham, mol-dunyo va farovon hayot ham imon quvvatida, ibodat va toatlar, tasbeh va zikrlar bardamvomligidadir. Bejiz Alloh taolo Qur'oni karimda: «Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo'lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)», deymagan (Ra'd surasi, 28-oyat).
Qalbimiz zikr va tasbehlar bilan orom oladi. Chunki Buyuk Rabbimiz ko'plab oyati karimalarda – Hadid, Hashr, Saf suralari 1-oyatlar – «Osmonlar va Yerdagi (bor) narsa Allohga tasbeh aytur», deb marhamat qilgan bo'lsa, Jum'a va Tog'obun suralarining 1-oyatlarida «Osmonlardagi va Yerdagi (hamma) narsa Allohga tasbeh aytur», degan.
Shuningdek, Isro surasi 44, Nur surasi 36, 41, Hashr surasi 24-oyatlarda ham barcha etti osmon, Yer va ulardagi barcha mavjudot va maxluqot Parvardigorimizga tasbeh aytishi bayon etilgan.
Tasbeh va zikr qilishda ham ulug'larimizning tutgan yo'llari biz uchun ibratdir. Buyuk sahoba Abu Hurayra roziyallohu anhu bir kunda 12 ming marta tasbeh aytgan. U zotning oq ipi bo'lib, bu ipda mingta tugun bo'lgan. Shu ipni 12 marta aylantirib tasbeh sanamagunicha ko'ziga uyqu kelmagan.
Abu Hurayra roziyallohu anhu – Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan eng ko'p hadis rivoyat qilgan sahoba. Shu ulug' zot arqonni tugun qilib olib, tasbeh sanagani uchun bid'atchi bo'ladimi? Alloh asrasin! U zotlar Nabiy alayhissalomning tarbiyalarini olgan, nabaviy axloq bilan xulqlangan edilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu bid'atchi bo'lmagan, shuningdek, ko'p zikr qilishlari va tasbeh aytshlari rivoyat qilingan ulug' zotlar ham aslo bid'atchi, zalolatga boshlovchi emas. Aksincha ular sunnat va hidoyat imomlaridir (Imom Ibn Abu Shayba, “Musnad”).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men har kuni nafsim qarzini uzish uchun (Alloh yaratganiga shukr keltirish uchun) 12 ming marta tasbeh aytaman”(Imom Ibn Abu Shayba rivoyati).
Demak, har dardning davosi bor. Qalb xotirjamligining davosi zikr qilish, tasbeh aytishdir.
Aziz o'quvchi! Bir sinab ko'ring-a: har kuni tasbeh va zikrlarni kanda qilmay aytib yuring. Tez orada qalbingiz xotirjam bo'ladi, huzur-halovat topasiz. Alloh taolo umringizga, rizqingizga baraka kiritib qo'yadi.
Tolibjon NIZOM
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Zinhor ko‘nglingizni cho‘ktirmang..
Bilaman, hozir yelkangizga osmon qulab tushgandek.
Bilaman, kechalari uxlay olmayapsiz – fikrlar boshingizdan ketmaydi. Bir tarafda betob tan, bir tarafda qarz qog‘ozlari, yana bir tarafda odamlarning sovuq nigohi… Lekin shuni biling! Siz yolg‘iz emassiz. Alloh hech qachon bandasini tashlab qo‘ymagan. Faqat ba’zan imtihonni duoga aylantirib yuboradi.
Boshiga tashvish tushgan bandaga Alloh yaqin bo‘ladi. Tashvish kelgan uyga – Allohning nazari tushadi. Chunki quvonchda odam ko‘pincha Robbini unutadi, ammo dardda – qalb uyg‘onadi. Kimdir kasal bo‘ldi – tanasi sindi, lekin qalbi tozalandi. Kimdir qarzga botdi – g‘ururi sindi, lekin tavozesi o‘sdi. Kimdir odamlar tomonidan tashlab ketildi – lekin Alloh uni o‘ziga yaqin qildi. Alloh ba’zi bandalarini sindirib tarbiyalaydi so‘ng yuksaltiradi, boshqalarini esa erkalab qattiq sinaydi.
Betoblik – jazo emas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Musulmonga yetadigan kulfat, mashaqqat, tashvish, mahzunlik, aziyat, g‘am hatto unga kiradigan tikan sababli Alloh uning xatolarini kechiradi” (Imom Muslim rivoyati).
Qanchadan-qancha solih zotlar bor – yillar kasal bo‘lib yashagan, lekin birgina nolish og‘zidan chiqmagan. Ular bilishardi: og‘riq tanada bo‘lsa ham, savob daftariga yoziladi. Bir kishi Hasan Basriy rahimahulloh huzuriga kelib dedi:
– Ey imom, boshimdan ketma-ket musibatlar tushyapti. Kasallik, qarz, odamlarning sovuqligi… Nega Alloh meni bunchalik sinayapti? Hasan Basriy yig‘lab bunday dedi:
– “Ey birodar! Agar podshoh seni tez-tez huzuriga chaqirsa, bu seni yomon ko‘rganidanmi yoki yaxshi ko‘rganidan?”.
U kishi: – Albatta, yaxshi ko‘rganidan, dedi.
Hasan Basriy aytdi: “Alloh ham bandani sinab, huzuriga chaqiradi. Chunki musibat – bandani Alloh eshigiga olib keladigan eng tez yo‘ldir”.
Qarz – xorlik emas, sabr maktabi qarzga botgan odamni odamlar yerga uradi. Lekin osmon – unga rahm bilan qaraydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarzdor kishi uchun ko‘p duo qilganlar. Chunki qarz – nafsni sindiradi, insonni yolg‘iz Allohga suyanishga o‘rgatadi.
Bugun qo‘lingiz qisqa bo‘lsa ham, qo‘lingiz duoda bo‘lsin. Zero, duo – qarzdan tezroq yetib boradi.
Ko‘ngilni cho‘ktirmang… aynan hozir umid kerak. Eng xavfli narsa – kasallik emas, qarz emas. Eng xavfli narsa – umidsizlik. Shayton sizni shunga undaydi: “Endi bo‘ldi, chiqish yo‘q…”. Qur’on karimda esa bunday deyiladi: “Mahzun bo‘lma, albatta Alloh biz bilan birgadir” (Tavba surasi, 40-oyat).
Ehtimol, bugun yig‘laysiz. Ammo ertaga: “Yaxshiki sabr qilgan ekanman”, deydigan kun ham keladi. Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh bunday deganlar: “Alloh bandani yaxshi ko‘rsa, uni dard bilan band qiladi. Chunki dard bandani Robbiga yaqinlashtiradi. Agar bandaga dunyoni keng qilib bersa, u bandani unuttirib qo‘yishi mumkin”.
Keyin yig‘lab qo‘shganlar: “Ba’zi bandalar bor, agar sog‘lom va boy bo‘lsa, halok bo‘lardi. Alloh esa ularni kasallik va muhtojlik bilan jannatga sudraydi”.
Oxirida birgina iltijo… Zinhor ko‘nglingizni cho‘ktirman… Chunki cho‘kkan ko‘ngil – duodan uziladi. Duodan uzilgan qalb esa, eng katta yo‘qotishdir. Agar hozir faqat shuni ayta olsangiz ham yetarli: “Yo Allohim, ko‘tara olmaydigan yukni bermagin”. Mana shu so‘zning o‘zi – najotning boshi. Sira maxzun bo‘lmang… Alloh sinayotgan bandani yo‘qotmaydi, balki yuksaltiradi buni unutmang!
Nuriddin HAMRAQULOV,
Yakkasaroy tumani “Rahimjon hoji ota” jome masjidi imom noibi