Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi,ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 18 noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrog'i — mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u er yuzining shu sarhadlarida mustaqil O'zbekiston davlati borligini anglatadi va o'zida milliy-madaniy an'analarimizni mujassamlashtiradi.
O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i xalqaro maydonda, jumladan, O'zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog'ida, xalqaro tashkilotlarda, konferentsiyalarda, jahon ko'rgazmalarida, sport musobaqalarida O'zbekiston Respublikasining timsoli bo'ladi.
Bayrog'imiz o'zida butun O'zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g'ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo'stlikni mujassam etgan. Milliy bayrog'imizning davlat idora va muassasalari, o'quv yurtlari, O'zbekiston a'zo bo'lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma'rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha'ni, xalqimizning g'ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi. Masalan, xalqaro sport bellashuvlarida g'alaba kozongan sportchilarimiz sharafiga Yurtimiz bayrog'i baland ko'tarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizni his kilamiz.
Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgidir. Respublikamiz davlat ramzlari xalqimizning shon- sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o'zida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug' kelajagimizga bo'lgan ishonchimiz ifodasidir. Respublikamiz davlat bayrog'idagi ramzlar O'zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo'lgan davlatlar bilan tarixan bog'liqlikni hamda yurtimiz hududida yashovchi millat va elatlarning an'analarini o'zida mujassamlashtirgan.
Bayrokdagi moviy rang — uning ostida barcha millatlar turli xil xavf-xatarlardan xoli, emin-erkin holda ahil-inoq yashab kelayotgan musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzidir. Bayroqdagi oq rang – davlatimiz fuqarolarining o'zaro hamjihatlikda, bir-birini hurmat qilib, diniy bag'rikenglik tamoyillari asosida tinch-totuv yashayotganining timsoli. Yashil rang esa tabiatning yangilanishi hamda yurtimizning jannatmonand ekanligi ramzidir. Bu rang ko'pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar davlatimiz farovonligi, jamiyat taraqqiyoti yo'lida o'zaro hamjihatlik bilan hormay-tolmay mehnat qilayotgan yurt farzandlarining vujudida oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir.
Haqiqatdan ham, hayotimizda ramz va timsollarning o'rni katta. Zero, milliy ramzlar or-nomus, shon-sharaf sanalgan. Shayx Najmiddin Kubroning jasoratini tarixdan yaxshi bilamiz. Hamon bu buyuk qahramonlik tildan tushmaydi, hanuzgacha xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka chorlaydi. Yurt bayrog'ini yov qo'liga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro uni qo'lida mahkam tutgancha jon bergan edi. Dushman harchand urinmasin, uning qo'lidan bayroqni tortib ololmay, oxiri panjalari bilan kesib oladi. To'maris, Spitamen, Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi o'nlab sarkardalar hayoti ham bugun avlodlarimizga katta ibrat. Aslida Vatan bayrog'ini ko'zga surtish, uni to'tiyo qilish Vatanni sevish, uning uchun jonini fido qilishga tayyor bo'lish deganidir.
Mustaqil davlatimiz bayrog'i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug' kelajagimizga bo'lgan ishonchimiz timsolidir. Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz yodda tutishimiz shartdir.
Odiljon Narzullayev
Yangiyo'l tumani «Imom Sulton»
jome masjidi imom-xatibi
F.Abduxoliqov mamlakatimiz nomidan JMLning islom olamidagi sa’y-harakati, xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini e’tirof etdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida o‘tkazilgan Xalqaro islomofobiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan birinchi xalqaro tadbirda Bosh kotib musulmon xalqlari vakili sifatida qilgan ma’ruzasini yuqori baholadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA