Namoz Islom dinining ustunidir. Musulmonning xujjatidir. Qullikni ifodasidir. Namoz bu shunchaki odatga aylanib qolgan kundalik vazifa ham emas. Namoz musulmon kishining nafaqat oxiratini, balki, dunyosini ham obod qiladigan, hayotini, yashash tarzini tartibga soladigan ilohiy ko'rsatmadir. Namoz qiyomat kunida bandadan eng avvalo hisobi so'raladigan farz amaldir.
Haqiqiy namozxon kishi esa o'z hayotini Robbisining roziligi bilan muvofiq qilib olgan, Alloh taolo buyurgan namoz ibodatini bekamu ko'st ado qiladigan, namozi uni turli tuman faxsh va yomon amallardan to'sib turadigan kishidir.
Namozxonlarga dunyoda ham, oxiratda ham judayam ko'p yaxshiliklar va'da qilingan. Dunyodagisi halovat, baraka va hokazolar bo'lsa, oxiratdagisi baland daraja, engil hisob kitob hamda Alloh taoloning roziligidir.
Biroq, shunday namozxonlarni ko'ramizki, ularning namozlari faqatgina ma'lum bir vaqtda, ma'lum joylarda, bir xil holatdagi harakatlarni bajarishdangina iborat bo'lib qolganga o'xshaydi. O'qiyotgan namozining asari hayotida aks etmaydi. Kiyinishida, muomalasida va o'zgalar bilan bo'ladigan oldi-berdi yoki boshqa muomalasida ko'rinmaydi.
Ho'sh, Alloh taolo ta'riflagan, maqtagan namoz o'qiguvchini qanday sifatlarga ega bo'lishi kerak. Alloh taolo jannatlarda va'da qilgan darajotlarga, mukofotlarga ega bo'lish uchun namozxon qanday bo'lishi kerak? Namozxon faqat ibodat chog'ida mo'min bo'lishi kerakmi? Bu savollarning javobini ham Robbimizning kalomidan qidiramiz. Alloh taolo aytadi:
“Darhaqiqat inson betoqat qilib yaratilgandir. Qachon unga yomonlik (kambag'allik-kulfat) etib qolsa, u o'ta besabrlik qilguvchidir. Qachon unga yaxshilik (boylik, salomatlik) etsa u o'ta man' qilguvchi – baxildir. Faqat namoz o'qiguvchi zotlar (ya'ni musulmonlargina undoq emasdirlar)ki. Ular namozlarida doim – barqaror bo'lguvchi zotlardir. Ular (topgan) mol-mulklarida so'raguvchi va (mol-davlatdan) mahrum kishilar uchun ma'lum haq (ya'ni zakot) bo'lgan zotlardir. Ular jazo — Qiyomat kunini tasdiq etadigan zotlardir. Ular Parvardigorlarining azobidan qo'rquvchi bo'lgan zotlardir. Zotan Parvardigorlarining azobi (hech kim uchun) bexatar emasdir (ya'ni hech kimning «Menga Allohning azobi tushmaydi», deb xotirjam bo'lishga haqqi yo'qdir). Ular avratlarini (haromdan — zinodan pok) saqlaguvchi zotlardir. Magar o'z jufti halollaridan va qo'llaridagi cho'rilaridangina (saqlanmaydilar). Bas, ular malomat qilinmaslar. Endi kim bundan o'zgani (ya'ni, zino va shu kabi shariati Islomiyyada harom qilingan boshqa narsalarni) istasa, bas, ana o'shalar haddan oshguvchi kimsalardir. Ular (ya'ni mo'min-musulmonlar) o'zlariga ishonilgan omonatlarga va (o'zgalarga) bergan ahd-paymonlariga rioya qilguvchi zotlardir. Ular o'z guvohliklarini to'g'ri-xolis ado qilguvchi zotlardir. Ular namozlarini (vaqtida ado etib, qazo bo'lishdan) saqlaguvchi bo'lgan zotlardir. Ana o'shalar jannatlarda hurmat izzat ko'rguvchidirlar”. (Ma'orij surasi 19-35-oyatlar)
Hulosa: Alloh taolo maqtagan, yaxshi ko'rgan, jannatlarda ulkan daraja va maqomlar va'da qilingan haqiqiy namozxon:
Mana shu zikr qilingan sifatlarga ega bo'lgan namozxonlar “jannatlarda hurmat izzat ko'rguvchidirlar”. Shunday ekan, o'qiyotgan namozlarimiz axloqimizni ham isloh qilsin. Kishilar bizni namoz o'qiyotganimizni ko'rib emas, balki bizda mavjud bo'lgan ushbu go'zal sifatlar orqali namozxon ekanimizni bilsin. Axloqsizligimiz va beodobligimiz sababli, namoz degan ibodatga nisbatan noloyiq fikrlar, namozxonga nisbatan salbiy munosabatlar bildirilishiga sababchi bo'lib qolmaylik.
Zero, Robbimiz aytganidek: “Albatta, namoz faxsh va munkr ishlardan qaytaradi”. (Ankabut surasi, 45-oyat)
Olmazor tumanidagi “Mevazor” jome masjidi imom noibi Yorbek Islomov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: "Namozni O‘zim bilan bandam orasida ikkiga bo‘lganman, bandam nimani so‘rasa, beraman". Agar u (banda): "Alhamdu lillaahi Robbil ’aalamiyn", desa, Alloh: "Bandam Menga hamd - shukr aytdi", deydi. Banda: "Ar-Rohmanir Rohiym", desa, Alloh: "Bandam Menga sano - maqtov aytdi", deydi. Banda: "Maaliki yavmid-diyn", desa, Alloh: "Bandam Meni ulug‘ladi", deydi. Banda: "Iyyaaka na’budu va iyyaaka nasta’iyn", desa, Alloh: "Bu - Men bilan bandam orasidagi narsa, bandam nimani so‘rasa, beraman", deydi. Agar banda: "Ihdinas-sirotol mustaqiym, sirotollaziyna an’amta ’alayhim g‘oyril mag‘dubi ’alayhim valaddolliyn", desa, Alloh: "Bu bandamga xos, so‘raganini berdim", deydi" (Imom Nasoiy rivoyati).
Bir daqiqada Fotiha surasini 6 marotaba o‘qiy olasiz. Uning harflari soni 122 ta. Agar uni bir marotaba o‘qisangiz, 122x10=1220 ta savob beriladi. Chunki hadisga muvofiq, har bir harf uchun 10 ta savob va’da qilingan. Agar siz uni 6 marotaba o‘qisangiz, 7320 ta savobga ega bo‘lasiz. Bu Allohning fazli, kim uni ziyoda qilsa, Alloh ham fazlini ziyoda qilaveradi.
«Fazilatli amallar - ajri ulug‘ amallar» kitobidan