Sayt test holatida ishlamoqda!
22 May, 2025   |   24 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:20
Quyosh
04:58
Peshin
12:25
Asr
17:28
Shom
19:45
Xufton
21:16
Bismillah
22 May, 2025, 24 Zulqa`da, 1446

Jannatlarda ikrom qilinuvchi namozxonlarning sifatlari

18.11.2021   2769   6 min.
Jannatlarda ikrom qilinuvchi namozxonlarning sifatlari

Namoz Islom dinining ustunidir. Musulmonning xujjatidir. Qullikni ifodasidir. Namoz bu shunchaki odatga aylanib qolgan kundalik vazifa ham emas. Namoz musulmon kishining nafaqat oxiratini, balki, dunyosini ham obod qiladigan, hayotini, yashash tarzini tartibga soladigan ilohiy ko'rsatmadir. Namoz qiyomat kunida bandadan eng avvalo hisobi so'raladigan farz amaldir.

Haqiqiy namozxon kishi esa o'z hayotini Robbisining roziligi  bilan muvofiq qilib olgan, Alloh taolo buyurgan namoz ibodatini bekamu ko'st ado qiladigan, namozi uni turli tuman faxsh va yomon amallardan to'sib turadigan kishidir.

Namozxonlarga dunyoda ham, oxiratda ham judayam ko'p yaxshiliklar va'da qilingan. Dunyodagisi halovat, baraka va hokazolar bo'lsa, oxiratdagisi baland daraja, engil hisob kitob hamda Alloh taoloning roziligidir.

Biroq, shunday namozxonlarni ko'ramizki, ularning namozlari faqatgina ma'lum bir vaqtda, ma'lum joylarda, bir xil holatdagi harakatlarni bajarishdangina iborat bo'lib qolganga o'xshaydi. O'qiyotgan namozining asari hayotida aks etmaydi. Kiyinishida, muomalasida va o'zgalar bilan bo'ladigan oldi-berdi yoki boshqa muomalasida ko'rinmaydi.

Ho'sh, Alloh taolo ta'riflagan, maqtagan namoz o'qiguvchini qanday sifatlarga ega bo'lishi kerak. Alloh taolo jannatlarda va'da qilgan darajotlarga, mukofotlarga ega bo'lish uchun namozxon qanday bo'lishi kerak? Namozxon faqat ibodat chog'ida mo'min bo'lishi kerakmi? Bu savollarning javobini ham Robbimizning kalomidan qidiramiz.  Alloh taolo aytadi:

“Darhaqiqat inson betoqat qilib yaratilgandir. Qachon unga yomonlik (kambag'allik-kulfat) etib qolsa, u o'ta besabrlik qilguvchidir. Qachon unga yaxshilik (boylik, salomatlik) etsa u o'ta man' qilguvchi – baxildir. Faqat namoz o'qiguvchi zotlar (ya'ni musulmonlargina undoq emasdirlar)ki. Ular namozlarida doim – barqaror bo'lguvchi zotlardir. Ular (topgan) mol-mulklarida so'raguvchi va (mol-davlatdan) mahrum kishilar uchun ma'lum haq (ya'ni zakot) bo'lgan zotlardir. Ular jazo — Qiyomat kunini tasdiq etadigan zotlardir. Ular Parvardigorlarining azobidan qo'rquvchi bo'lgan zotlardir. Zotan Parvardigorlarining azobi (hech kim uchun) bexatar emasdir (ya'ni hech kimning «Menga Allohning azobi tushmaydi», deb xotirjam bo'lishga haqqi yo'qdir). Ular avratlarini (haromdan — zinodan pok) saqlaguvchi zotlardir. Magar o'z jufti halollaridan va qo'llaridagi cho'rilaridangina (saqlanmaydilar). Bas, ular malomat qilinmaslar. Endi kim bundan o'zgani (ya'ni, zino va shu kabi shariati Islomiyyada harom qilingan boshqa narsalarni) istasa, bas, ana o'shalar haddan oshguvchi kimsalardir. Ular (ya'ni mo'min-musulmonlar) o'zlariga ishonilgan omonatlarga va (o'zgalarga) bergan ahd-paymonlariga rioya qilguvchi zotlardir. Ular o'z guvohliklarini to'g'ri-xolis ado qilguvchi zotlardir. Ular namozlarini (vaqtida ado etib, qazo bo'lishdan) saqlaguvchi bo'lgan zotlardir. Ana o'shalar jannatlarda hurmat izzat ko'rguvchidirlar”.  (Ma'orij surasi 19-35-oyatlar)

Hulosa: Alloh taolo maqtagan, yaxshi ko'rgan, jannatlarda ulkan daraja va maqomlar va'da qilingan  haqiqiy namozxon:

  • Betoqat, besabr bo'lmaydi. Boylik va kambag'allikda ham xotirjam bo'ladi.
  • Baxil bo'lmaydi. Alloh unga bergan yaxshiliklarni boshqalarga ham ravo ko'radi.
  • Namozini muhofaza qiladi. Besabab tark qilmaydi. Qazo bo'lishdan ehtiyot qiladi.
  • Mol dunyosida beva bechoralar va miskinlarning haqqi bor ekanligini biladi va bu haqlarni ado qiladi.
  • Qiyomat kuniga, u kundagi hodisalarga aniq ishonadi. Ishongan narsasi uchun tayyorgarlik ko'radi.
  • Alloh taoloning azobi shiddatli ekanligini biladi. U Zotning azobidan qo'rqadi. O'z nafsini azobdan omonda qoladi deya xotirjam bo'lib qolmaydi.
  • Avratlarini nomahramlarning ko'zi tushishidan saqlaydi. Ehtiyot qiladi. Zino va unga olib boradigan barcha vositalardan uzoq bo'ladi.
  • Zimmasiga yuklatilgan barcha omonatlarni muhofaza qiladi. Ularga Aslo xiyonat qilmaydi.
  • Ahdiga va va'dasiga rioya qiladi. Ularni buzmaydi.
  • Guvohlik berishda o'z nafsini,  yoki kimnidir foydasini ko'zlab emas, balki, faqatgina Alloh taoloning roziligi uchun xolis, adolatli guvoh bo'ladi.

Mana shu zikr qilingan sifatlarga ega bo'lgan namozxonlar “jannatlarda hurmat izzat ko'rguvchidirlar”.  Shunday ekan, o'qiyotgan namozlarimiz axloqimizni ham isloh qilsin. Kishilar bizni namoz o'qiyotganimizni ko'rib emas, balki bizda mavjud bo'lgan ushbu go'zal sifatlar orqali namozxon ekanimizni bilsin. Axloqsizligimiz va beodobligimiz sababli, namoz degan ibodatga nisbatan noloyiq fikrlar, namozxonga nisbatan salbiy munosabatlar bildirilishiga sababchi bo'lib qolmaylik.

Zero, Robbimiz aytganidek: “Albatta, namoz faxsh va munkr ishlardan qaytaradi”. (Ankabut surasi, 45-oyat)

 

Olmazor tumanidagi “Mevazor” jome masjidi imom noibi Yorbek Islomov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tavakkul qanday qilinadi?

21.05.2025   1672   2 min.
Tavakkul qanday qilinadi?

Musulmon kishi har bir ishida Alloh taologa tavakkul qiladi. Zero, Alloh taolo tavakkal qiluvchilarni yaxshi ko‘radi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:“(Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling. Zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Oli Imron surasi, 159-oyat). Ushbu oyat tafsirida: “Allohga tavakkul qilish ulug‘ fazilat. Ammo tavakkul, Alloh iroda qilganidek, to‘g‘ri holda bo‘lishi kerak. Ba’zi kishilar tavakkulni yaxshi anglashmaydi. O‘ylamay, urinmay, chora-tadbir ko‘rmay, sabablarini axtarmay, ko‘r-ko‘rona turishni tavakkul deb tushunuvchilar bor.
 

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Uhud urushida qilgan tavakkullarini olaylik. U zot mushriklar askar tortib Uhudga yetib kelganlarini eshitib, tezda musulmonlarni yig‘ib, kengash o‘tkazdilar. O‘zlari birinchi bo‘lib Hujrai saodatga kirib, ustma-ust ikkita sovut kiyib chiqdilar. E’tibor bering – Allohga tavakkul qiluvchilarning eng ulug‘i, peshvosi bo‘lgan zot urushga ketayotib bir emas ikkita sovut kiyib chiqdilar! Odamlarni jihodga targ‘ib qildilar. Manzilga tezroq, osonroq va tinchroq eltuvchi yo‘lni biladigan odamni topib, unga yo‘l boshlashni topshirdilar. Yetib borganlaridan keyin dushmanning kuch-quvvatini yaxshilab hisob-kitob qildilar. So‘ng o‘z jangchilari bilan birma-bir tanishib, hammani joy-joyiga qo‘ydilar. O‘ng qanot va chap qanotlarda kimlar bo‘lishini belgilab, reja tuzdilar. Xullas, urushga zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni ko‘rdilar. Ammo Allohga tavakkul qilishlari bu ishlardan ayri emasdi.


Tavakkul bularning barchasini bog‘lab turadigan bir ip misoli. U har bir ishda, chora-tadbirda Allohni vakil deb e’tiqod qilishdir. Afsuski, ko‘pchilik tavakkulni harakatsizlik, urinib ko‘rmaslik bilan bog‘liq holda tushunadi. Ba’zilar Allohga tavakkul qildim, deb harakat qilishlari kerak bo‘lgan ishlarni ham qilishmaydi. Bu esa dangasalik, xolos.


Payg‘ambar alahissalom davrlarida bir kishi kelib: “Yo Rasululloh! Tuyamni bog‘laymi yoki erkin qo‘yib, tavakkul qilaymi?” deb so‘radi.  Payg‘ambar alayhissalom: “Bog‘lab qo‘yib, undan keyin tavakkul qil” dedilar (Imom Termiziy rivoyati).


Alloh taolo barchamizni O‘ziga tavakkal qiladigan bandalari qatorida qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf etsin!


Ruhiddin Akbarov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi

 

O'zbekiston yangiliklari