Ўзбекистон янгиликлари

O‘zbekiston diniy-maʼrifiy soha vakillari Janubiy Koreyada vatandoshlar bilan uchrashdi

Mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi tashabbusi bilan 1-8 iyul kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillaridan iborat delegatsiyaning ushbu mamlakatga tashrifi tashkil qilindi, deb xabar  bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 Ushbu tashrifni  tashkil etishdan  maqsad  Janubiy Koreyada  bo‘lib turgan fuqarolarimizga Islom dinining asl mohiyati to‘g‘risida maʼlumot berish va yurtimizda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi bilan tanishtirishdan  iborat. 

Safar  davomida O‘zbekiston diniy ulamolari ishtirokida vatandoshlarimiz zich yashaydigan shaharlarda bir qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar uyushtirildi.

Imom-xatiblarimiz yurtdoshlarimiz bilan kechgan suhbatlar  chog‘ida O‘zbekistonda diniy-maʼrifiy jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolarimizning diniy erkinlarini taʼminlash yo‘lidagi saʼy-harakatlar to‘g‘risida maʼlumot berdilar. Yurtdoshlarimizning, xususan, yoshlarimizning yot g‘oyalar va turli diniy ekstremistik tashkilotlar domiga tushib qolmasliklari bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Islomning mazmun-mohiyati alohida urg‘ulandi.

Bundan tashqari, bo‘lib o‘tgan tadbirlarda Koreya Respublikasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgan muhojirlar va talabalar ushbu davlatda masʼuliyat bilan faoliyat yuritishlari, mehnat orqali topilayotgan mablag‘larini to‘g‘ri yo‘lda sarflashlari, oila aʼzolari bilan muntazam bog‘lanib turishlari va vatanga yangi ilm, hunar, sarmoya va g‘oyalar bilan qaytishlari maqsadga muvofiq ekanligi taʼkidlandi.

O‘zbekiston diniy ulamolarining Koreya Respublikasiga tashrifi ushbu davlatda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz tomonidan iliq qabul qilindi. Kelajakda bunday tadbirlarni doimiy ravishda tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Read 755 times

Янгиликлар

Top